Dehlidagi mehmonxona yong‘ini 21 inson hayotiga zomin bo‘ldi

Dehlidagi mehmonxona yong‘ini 21 inson hayotiga zomin bo‘ldi
Audio versiyasi


Hindiston poytaxti Dehlida sodir bo‘lgan yirik yong‘in ko‘plab insonlar hayotiga nuqta qo‘ydi. Fojia oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi.

Reuters agentligining politsiya ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, hodisa 3 iyun kuni shaharning janubiy qismida joylashgan Malviya Nagar tumanidagi mehmonxonalardan birida yuz bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, mehmonxonada yaqin atrofdagi tibbiyot muassasalariga davolanish uchun kelgan xorijlik fuqarolar ham yashab turgan. Qurbonlar orasida 15 nafardan ziyod chet elliklar borligi aytilmoqda.

Mahalliy rasmiylar ushbu voqeani so‘nggi yillarda Dehlida kuzatilgan eng og‘ir yong‘inlardan biri sifatida baholamoqda. Favqulodda xizmatlar tezkor harakati tufayli kamida 40 nafar insonning hayoti saqlab qolingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in mehmonxona birinchi qavatida joylashgan Lemon Green restoranidan boshlangan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda voqeaning aniq sabablari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mahalliy ma’muriyat vakili Jitendra Kumarning bildirishicha, yong‘in kelib chiqishida restoran faoliyati bilan bog‘liq omillar asosiy versiya sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi sodir bo‘lgan voqeani “chuqur qayg‘uli fojia” deb atadi. U halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarga tezroq sog‘ayish tilagini izhor qildi.

Shuningdek, hukumat tomonidan halok bo‘lganlarning yaqinlariga 2 lakh rupiya, jarohat olganlarga esa 50 ming rupiya miqdorida moddiy yordam ajratilishi ma’lum qilindi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar