Black Brant XII ko‘p pog‘onali ilmiy izlanish raketasi (The Virginian-Pilot)
1995 yilda Norvegiyada fazoga tinch maqsadlarda raketa uchiriladi. Ammo Rossiyaning Raketa hujumidan ogohlantiruvchi tizimi tomonidan ushbu holat mamlakatga go‘yo yadro hujumi qilinayotgani kabi baholanadi. Prezident Boris Yelsin javob zarbasini berish jarayonini ishga tushirish uchun «yadro jomadoni»nidagi qizil tugmani bosadi. Harbiy mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu lahzada dunyo global yadro urushi ostonasiga juda yaqin kelib qolgandi.
1995 yil 25 yanvar kuni Norvegiyaning Annyoya raketa poligonidan mahalliy va amerikalik olimlar guruhi tomonidan ko‘p pog‘onali Black Brant XII ilmiy izlanish raketasi fazoga uchiriladi.
Qutb yog‘dusini o‘rganish uskunalariga ega bo‘lgan raketa ballistik trayektoriyada uchib, apogeyda 1453 km balandlikka ko‘tarilishi kerak edi.
Raketa starti Rossiya harbiy kuchlarining Raketa hujumidan ogohlantiruvchi tizimi tomonidan zudlik bilan aniqlangan. Uning parvoz yo‘nalishi xuddi AQSH suvosti flotining Trident ballistik raketasiga o‘xshatilgan.
Avvalroq, Norvegiya hukumati diplomatik kanallar orqali tinch maqsadlarda raketa uchirilayotgani haqidagi xabarni Rossiyaga yetkazgan. Biroq, bu xabar noma’lum sabablarga ko‘ra RHOT xodimlariga yetib bormagan.
Raketa uchirilishi to‘satdan berilayotgan yadro hujumi bo‘lishi mumkinligi sababli, Rossiyaning strategik qurolli kuchlari jangovar holatga keltiriladi. Prezident Boris Yelsin g‘arbga javob zarbasini berish jarayonini ishga tushirish maqsadida «yadro jomadoni»dagi «qizil tugma»ni bosadi.
Rossiyaning Raketa hujumidan ogohlantiruvchi tizimi (belvpo.com)
Mojaro arafasida dunyodagi vaziyat
Raketa mojarosi SSSR parchalanib ketganidan qariyb 4 yil o‘tgach sodir bo‘lmoqda. Rossiya bu davrda jiddiy iqtisodiy inqirozni kechirayotgan, Chechenistonda harbiy harakatlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan, NATO bilan munosabatlari yomonlashgandi.
Bundan tashqari, Sharqiy Yevropa davlatlarini NATO a’zoligiga qabul qilish rejasi Rossiya rahbariyati tomonidan mamlakat xavfsizligiga tahdid sifatida baholangan, hukumat g‘arbni sobiq ittifoqdosh respublikalarning iqtisodiy va siyosiy reintegratsiyasiga to‘sqinlik qilish maqsadi borligida ayblagan edi. Javob choralari sifatida 1994 yil dekabr oyida Rossiyaning Strategik raketa qurolli kuchlari jangovar holatga keltirilgandi.
Raketa uchirilishi haqida ogohlantirish
Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchixonasiga raketa uchirilishi orqali ilmiy tajriba o‘tkazilishi haqida ikki marta (21 dekabr va 16 yanvar kunlari) ogohlantirish yuborgan. Unda raketa uchiriladigan joy, uning qismlari qulab tushadigan hudud haqida ma’lumot bo‘lgan. Ammo raketaning qachon uchirilishi haqida aniq xabar berilmagan, chunki bu jarayon ob-havo sharoitining qulay kelishiga bog‘liq bo‘lgan. Bu ogohlantirish xabari o‘sha davrdagi diplomatik qoidalar doirasida bo‘lgan.
Ammo ushbu xabar Rossiya Qurolli kuchlarining RHOT xodimlariga yetib bormagan. Buning sabablari noma’lum.
Annyoya poligonidan Black Brant XII raketasining uchirilishi (Goddard Space Flight Center NASA)
Raketa uchirilganining aniqlanishi
Black Brant XII raketasi 25 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 9:24 da fazoga uchiriladi. Tez orada uning parvozi Rossiya qurolli kuchlarining bir necha radarlari tomonidan aniqlanadi. Black Brant XII raketasi oddiy ilmiy raketalardan farq qilgan holda juda yuqori balandlikka ko‘tariladi, shuningdek, ishlatilgan qismlari ajralib ketadi.
RHOT xodimi harbiy navbatchilikda (Vladimir Sayapin/TASS)
Rossiyaning RHOT xodimlari raketa uchirilgan joyni bir necha o‘n kilometr farq bilan aniqlaydi va Norvegiya dengizidagi atom suvosti kemasidan harbiy ballistik raketa uchirilganini taxmin qilishadi. Dastlab raketa deyarli tikka holatda uchadi, bu esa uning ehtimoliy zarba nishonini aniqlash imkonini bermaydi. Shu sababli, harbiy trevoga e’lon qilinadi.
Elektromagnit impulsli raketa uchirish ehtimoli
Norvegiya dengizi havzasidan yuqori ballistik trayektoriyaga ega bir dona raketa uchirilishi Rossiyaga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yadro hujumining ehtimoliy ssenariylaridan biriga mos edi.
Rossiya qo‘mondonligi AQSH tomonidan juda kuchli elektr magnit impulsini yuzaga keltira oladigan maxsus yadro zaryadi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilayotganidan xabardor edi. Bunday zaryadning baland masofada portlatilishi juda katta hududlarda radarlar, aloqa vositalari va boshqa elektronikani ishdan chiqarish imkonini berardi. Bu esa Rossiya hududi bo‘ylab keyingi yadro zarbalarini hech qanday qarshiliksiz berishga zamin yaratardi.
Javob harakatlari
RHOT xodimlari raketa tahdidi haqida Qurolli kuchlar Bosh shtabiga zudlik bilan xabar yetkazishadi. Bosh shtab esa tahdid jiddiy va «Kazbek» tizimini faollashtirish uchun asos yetarli degan xulosaga borishadi.
«Kazbek» - strategik raketa qo‘shinlari avtomatik boshqaruv tizimi bo‘lib, uni boshqarish terminali «yadro jomadoni» nomini olgan. Rossiya qurolli kuchlarida 3 ta «yadro jomadoni» bo‘lib, ularning biri doimiy ravishda prezident qo‘l ostida turgan. Qolganlari Mudofaa vaziri Pavel Grachyov va Bosh shtab boshlig‘i Mixail Kolesnikov nazoratida bo‘lgan.
«Yadro jomadoni» (Yelsin sentr muzeyi, Wikimedia Commons)
Terminal foydalanuvchilari o‘rtasida telefon orqali konferens-aloqa o‘rnatiladi. Rossiya Federatsiyasinig strategik raketa qo‘shinlari jangovar holatga keltiriladi. Prezident Boris Yelsin javob zarbasini berish jarayonini ishga tushirish maqsadida «yadro jomadoni»dagi qizil tugmani bosadi.
Mojaroning barham topishi
Raketa uchirilganidan bir necha daqiqa o‘tgach, RHOT vositalari uning trayektoriyasi Rossiya hududidan uzoqlashayotgani va mamlakatga xavf solmayotganini aniqlashgan. Raketa parvozi boshidan oxirigacha RHOT xodimlari tomonidan kuzatib turilgan. Havoga uchirilganidan 24 daqiqa o‘tgach u Shpitsbergen oroli yaqiniga qulagan. Shundan so‘ng, Rossiya raketa qo‘shinlarining jangovar holati bekor qilingan.
Mojaro oqibatlari
Rossiya rasmiylari tomonidan mojaro «o‘ta jiddiy» deb baholangan. O‘z navbatida, RHOT tomonidan raketa uchirilishining aniqlanishi va tahdid yo‘qolgani haqida zudlik bilan to‘g‘ri xulosaga borilishi esa «a’lo darajada» deb baholangan.
Rossiya prezidenti Boris Yelsin va Mudofaa vaziri Pavel Grachyov (Igor Mixalev, Sputnik)
O‘z navbatida, G‘arb siyosatchilari va OAV tomonidan Rossiyaning xatti-harakatlari taajjub ostiga olingan. Tinch maqsadda uchirilgan raketa va bu haqda oldindan ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay, Rossiya tomonidan «yadro jomadoni» ishga tushirilishi «haddan ortiq va paranoidal reaksiya» deb baholangan. Rossiyaning idoralararo kommunikatsiya aloqasi sifatiga va harbiylar tomonidan prezidentga yetkazilayotgan ma’lumotlar haqqoniyligiga shubha bildirilgan.
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Piter Vinsent Pray Norvegiya raketasi bilan bog‘liq voqeani «Karib mojarosi»dan keyingi eng xavfli holat» deb baholagan.
«Urush tahdidi: Rossiya va AQSH yadro urushi ostonasida» nomli kitobida u tarixda ilk marta dunyoni global yadro urushidan «qizil tugma»ni bir marta bosilishi ajratganini qayd etgan.
Mojaro yuzaga kelishining asosiy sababi sifatida u Rossiya idoralari o‘rtasidagi byurokratik to‘siqlarni ko‘rsatgan. Aynan shu sababli raketa uchirilishi haqidagi ogohlantirish o‘z manziliga yetib bormagan.
Prayning fikriga ko‘ra esa, yadro urushining oldi olinishida prezident Boris Yelsinning sovuqqonligi ham rol o‘ynagan. U harbiy qo‘mondonlikning javob zarbasi berish shartligi haqidagi qistoviga qaramay, bu haqda buyruq berishdan tiyilgan.
Voronejdagi RHOT radiolokatsiya vositalari (mil.ru)
Oradan 4 yil o‘tgach, 1999 yilda NASA va norvegiyalik olimlar xuddi shunday raketa bilan aynan shunday ilmiy tajriba o‘tkazishga qaror qilishadi. Diplomatik protokolga asosan, bu haqdagi ogohlantirish yana Rossiya TIV kanallariga yuborilgan.
Biroq, AQSH davlat departamenti va Mudofaa vazirligi 1995 yildagi voqealarning takrorlanishidan xavotirlanib, Rossiya Bosh shtabi va harbiy idoralariga ham qo‘shimcha ogohlantirishlar yuborgan. Bu safargi ilmiy sinov mojarosiz yakunlangan.
Nurmuhammad Said tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi