
Rohma Burnomo Indoneziyaning sharqiy orollaridagi Ambun shahridan. Otasi gollandiyalik, onasi indoneziyalik, dini nasroniylik (edi). Bobosi nasroniylikning protestant, otasi panti kusta mazhabidagi rohiblardan, onasi ayollarga injil o‘rgatuvchi muallima bo‘lgan. Rohmaning o‘zi ham rohib va “Petil Injil Sabeno” nomli kanisada tabshir bo‘limining raisi bo‘lgan. U Islomga kirishini quyidagicha hikoya qiladi:
«Musulmon bo‘laman deb hech o‘ylamagandim. Chunki yoshligimdanoq otam: “Muhammad badaviy, sahroda o‘sgan, ilmi yo‘q, o‘qish-yozishni bilmaydigan avom bo‘lgan”, deb ta’lim bergandi. Bundan tashqari, fransiyalik nasroniy professor Rekoldoning kitobida: “Muhammad dajjoldir, do‘zaxning to‘qqizinchi tabaqa chuqurida yashaydi”, degan so‘zini o‘qiganman. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shaxsiyatini yomon ko‘rsatish uchun bunday yolg‘onlar ko‘p to‘qilgan; o‘sha vaqtlardan boshlab menda Islomni hech qachon qabul qilmaslikka undaydigan xato fikrlar paydo bo‘lgandi.
Hech bir holatda Islom dini haqida izlanishni o‘ylamaganman, lekin ichimda bir tuyg‘u haqni topishga undab turardi. Men nega noma’lum haqni izladim?
Nega o‘z dinimni tark qildim? Vaholanki, qavmim orasida obro‘li mansabda, ya’ni kanisada tabshir (dinni targ‘ib qilish, bashorat berish)ning raisi edim, yengil va farovon hayot kechirardim. Shunday bo‘la turib nega Islomni tanladim?
Voqea bunday boshlandi. Bir kuni kanisa rahbariyati meni da’vat ishlari bilan So‘matroning shimoliy tomonidagi Medon markazidan yuz kilometrdan ortiqroq uzoqlikdagi Dayero mintaqasiga uch kunlik safarga jo‘natdi. Tabshir va da’vat ishlarini tugatib, o‘sha yerdagi kanisa mas’ullaridan birining uyida tunab qoldim. Ish joyimga olib boradigan mashinani kutib turganimda, to‘satdan bir kishi paydo bo‘ldi. Ozg‘in, novcha, ko‘p kiyilganidan kiyimlarining rangi o‘zgargan, oyoq kiyimi sim bilan bog‘langan... Oldimga keldi. Salomlashdik. Menga savol berdi. Savoli ham o‘ziga o‘xshagan g‘arib edi: “Sen da’vatingda Iso Masihni iloh deding, bunga daliling bormi?”
“Dalil bormi yo yo‘qmi, senga nima? Xohla, imon keltir, xohla, inkor qil”, dedim. U orqasiga o‘girilib ketdi. Ish shu bilan tugamadi. Men o‘ylay boshladim va o‘zimga-o‘zim: “Bu odam jannatga hech qachon kirolmaydi, chunki jannat Iso Masihning uluhiyatiga imon keltirganlar uchundir”, dedim. O‘sha vaqtda shunday e’tiqod qilardim.
Lekin uyga qaytganimda o‘sha odamning gaplari quloqlarim tagida jaranglay boshladi. U meni Injil kitoblariga murojaat qilib, savoliga to‘g‘ri javob topishga undardi. Ma’lumki, Injil to‘rt xil bo‘lib, hammasi bir-biridan farq qiladi. Ular Matto, Mark, Luqo va Yuhanno injillari deb ataladi. Bu ismlar har bir kitobning muallifi nomiga qo‘yilgan, ya’ni to‘rtta mashhur Injil ham inson qo‘li bilan yozilgan. Bu juda g‘alati. O‘zimga savol berdim: “Qur’on ham odam tomonidan yozilgan bo‘lib, har xilmikan?” Javob: “Albatta, yo‘q!” Bu injillar va boshqa ba’zi risolalar masihiylik dini ta’limotlarining kamchiligi hisoblanadi.
Men to‘rtta Injilni ham olib o‘rgana boshladim.
Nima topdim? Matto injili Iso alayhissalom haqida bunday deydi: “Iso Masihning nasabi Ibrohim va Dovudga boradi...” (1.1). Unday bo‘lsa, Iso inson bo‘ladi-da? Luqo injilida aytiladi: “Ya’qub alayhissalomning uyiga egalik qiladi, uning egaligiga nihoya yo‘q” (1-33). Mark injilida: “Bu Allohning o‘g‘li Iso Masihning nasabidagi silsila”, deyiladi (1-1). Yuhanno injilida esa bunday keladi: “U avvalda so‘z edi, Allohning huzurida so‘z bo‘ldi, so‘z Alloh bo‘ldi” (1:1). Buning ma’nosi, “u avvalda Masih edi, Allohning huzurida Masih bo‘ldi, Masih u Allohdir”.
O‘zimga dedim: “Bu to‘rtta kitobda Iso Masih to‘g‘risida ochiq qarama-qarshi so‘z kelgan, u insonmi yo Allohning o‘g‘limi, yo malakmi, yoki uning o‘zi Allohmi?” Bu chigal muammoga javob topolmadim. Shu yerda nasroniylardan so‘ramoqchiman: “Qur’oni karim oyatlari orasida shunday qarama-qarshilik bormi?” Javob: “Yo‘q!” Nima uchun? Chunki Qur’on Allohning huzuridan tushirilgan kitob. Injillar esa odamning qo‘li bilan buzilgan». Rohma Burnomo Islom dinini tanlashiga sabab bo‘lgan ikkinchi masalani quyidagicha bayon qiladi:
«Masihiylik dinidagi ikkinchi eng muhim masala “meros bo‘lib qolgan gunoh”, ya’ni birinchi qilingan gunoh. Bu bilan Odam alayhissalomning jannatda taqiqlangan daraxt mevasini yeb qilgan gunohi nazarda tutiladi. Bu gunoh odam bolalarining hammasiga meros bo‘lib o‘taveradi, hatto ona bachadonidagi go‘dakka ham; u gunohkor holda tug‘iladi. Bu to‘g‘rimi-yo‘qmi? Buning haqiqatini izlay boshladim.
“Eski ahd”ga murojaat qildim va undagi Hizqiyal sifrida quyidagicha yozilganini ko‘rdim: “O‘g‘il otaning gunohini ko‘tarmaydi, ota o‘g‘ilning gunohini ko‘tarmaydi. Yaxshining yaxshiligi o‘ziga va yomonning yomonligi o‘ziga bo‘ladi. Agar yomon o‘zi qilgan xatolaridan qaytsa va farzlarga amal qilsa, haq va adolatli bo‘lsa abadiy hayotga kiradi. Qilgan gunohlari unga eslatilmaydi” (Hizqiyal 18: 20-21).
Bu borada Qur’oni karimda bunday deyiladi: “(Qiyomat kunida) hech bir ko‘taruvchi (gunohkor) o‘zga (inson)ning yukini (gunohini) ko‘tarmas. Agar og‘ir gunoh egasi o‘z yukiga (gunohini ko‘tarishga) chorlansa, (garchi chorlanuvchi) qarindoshi bo‘lsa-da, u (gunoh)dan biror narsa yuklatilmas...” (Fotir surasi, 18-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar:
“Odam bolasi fitratda tug‘iladi. Ota-onasi uni yahudiy yo nasroniy va yo majusiy qilib tarbiyalaydi”. Mana bu Islomdagi qoida bo‘lib, Injildagiga muvofiq. Qanday qilib “Odamning gunohi avloddan avlodga o‘tib kelaveradi va inson bolasi gunohkor holda tug‘iladi”, deyiladi?
Rohma Burnomo aytadi: “Unday bo‘lsa, masihiylik ta’limotlari botil va to‘qima ekani o‘zlari “muqaddas” deydigan kitobning so‘zi bilan ochiq va ravshan bo‘ladi”.
Uchinchi haqiqat shuki, nasroniylik ta’limotida: “Insonlarning gunohi to Iso alayhissalomga cho‘qintirilmaguncha kechirilmaydi”, deyiladi. Fikrlay boshladim va: “Bu to‘g‘rimi?” degan savol paydo bo‘ldi.
Javob esa “Yo‘q!” Chunki yuqorida aytilgan “Eski ahd”- dagi dalil bunday e’tiqodlarni inkor qiladi: “Agar yomon o‘zi qilgan xatolaridan qaytsa va farzlarga amal qilsa, haq va adolatli bo‘lsa abadiy hayotga kiradi.
Qilgan gunohlari unga eslatilmaydi”. Ya’ni uning gunohlarini kechirish uchun Alloh taoloning biror vositachiga ehtiyoji yo‘q».
Indoneziyalik dindosh birodarimiz Rohma Burnomo so‘zida davom etib aytadi: “Bir kuni Injil va Qur’onni oldimga qo‘ydim va Injilga: “Muhammad haqida nima deya olasan?” dedim. Javob: “Hech narsa”. Chunki Injilda Muhammad alayhissalom haqida hech narsa deyilmagan. So‘ngra bu savolni Iso alayhissalomga berdim. “Qur’oni karim hech ikkilanishga o‘rin qoldirmay mendan keyin Ahmad ismli payg‘ambar kelishini aytdi”, dedi.
Alloh taolo Iso alayhissalomning tilidan bunday deydi: “Eslang, Iso ibn Maryam: “Ey Isroil avlodi! Men Allohning sizlarga (yuborgan) payg‘ambaridirman. (Men) o‘zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi va o‘zimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir payg‘ambar haqida xushxabar beruvchiman”, degan edi. Bas, qachonki, (Iso) ularga (payg‘ambar ekaniga) hujjat (mo‘’jiza)larni keltirgach, ular: “Bu aniq sehr”, dedilar” (Sof surasi, 6-oyat).
Yana bir Injil bor, u Barnaba injili. Bu yuqorida aytilgan to‘rtta injildan boshqasi, uni nasroniy dini olimlari o‘qishni taqiqlagan. Nima uchunligini bilasizmi? Injilning faqat mana shu nusxasida Muhammad alayhissalom haqidagi bashoratlar keltirilgan va unda boshqalariga nisbatan kamroq. Undagi so‘zlar ko‘pi Qur’onga muvofiq keladi.
Barnaba injilida (163-is'hohda) bunday deyiladi: “O‘shanda Masihning shogirdlari undan so‘radi: “Ey ustoz, sizdan keyin kim keladi?” Masih xursand bo‘lib: “Mendan keyin Muhammad Rasululloh tezda oppoq bulut kabi mo‘minlarning hammasiga soyabon bo‘lib keladi”, dedi.
Barnaba injilidagi yana bir oyatni o‘qidim, (is'hoh 72): “Indiryos (shogird) Masihdan so‘radi: “Ey ustoz!
Muhammad kelganda uni tanishimiz uchun alomatlari bormi?” Masih dedi: “Muhammad bu asrda kelmaydi, balki bir necha asrdan keyin, Injil o‘zgartirilib buzilganidan keyin keladi. U vaqtda Allohga imon keltirgan mo‘minlarning soni o‘ttizga yetmaydi. O‘sha vaqtda Alloh taolo payg‘ambarlarning oxirgisi bo‘lgan Muhammad Rasulullohni jo‘natadi”. Barnaba Injilida Muhammad alayhissalom qirq besh marta zikr qilingan. Masihiylik dini ta’limotlaridan yana biri Iso alayhissalom – olamning xaloskori, deb e’tiqod qilishdir. Ya’ni Iso alayhissalomning iloh ekaniga imon keltirsagina najot topadi. Bu degani inson xohlagan gunoh va ma’siyatlarni qilaveradi, faqat Iso alayhissalomning xaloskor ekaniga imon keltirib, uning izdoshlaridan bo‘lsa, bas.
Haqiqatni anglab yetish uchun yana Injildan izlay boshladim va topdim. “Payg‘ambarlarning amallari” sifrida Bolis birinchining Korintos aholisiga yozgan risolasida aytadi: “Alloh taolo Rabni qoim qildi va tezda bizni ham quvvati bilan qoim qiladi” (6:14). Bu qissa masihiylik ta’limotida quyidagicha keladi: “Masih alayhissalomni tutib keltirganda adolat qarshisiga ro‘baro‘ qildilar.
U osishga hukm etildi, so‘ngra dafn qilindi”. Oyat bu qissaga muvofiq bo‘lib keldi.
Bu oyat haqida ko‘p o‘yladim. Agar Iso Masih dafn qilingan bo‘lsa, Alloh taolo uni qabrdan turg‘izishga aralashmasa to qiyomatgacha qabrda qoladi. Unday bo‘lsa o‘zini o‘zi qutqara olmagan qanday qilib boshqalarni qutqarishi mumkin? Ular iloh deb da’vo qilayotgan zot shunday ojiz bo‘lishi mumkinmi? Aqli bor odam shu narsaga ishonadimi?
Shu yerga yetganimda kanisadan chiqishga va unga qaytib bormaslikka ahd qildim. Bu voqea 1969 yili bo‘lgan edi. Haqiqatan, kanisaga qaytib bormadim. Ammo bu nasroniylik dinidan chiqdim degani emas. Chunki nasroniylikda boshqa mazhablar ham bor. Unda 360 dan ortiqroq mazhab bor. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda: “Albatta, mana shu (Mening) To‘g‘ri yo‘limdir. Unga ergashing! (Boshqa turli) yo‘llarga ergashmang! Aks holda, ular sizlarni Uning yo‘lidan ayirib qo‘yadi” (An’om surasi, 153-oyat), degan.
Albatta aytilishi mumkin, Islomda ham shunaqa mazhablar va toifalar bor. Ularning eng mashhurlari hanafiy, shofiiy, molikiy va hanbaliy mazhablari...
Javob shuki, bu mazhabga ergashuvchilar dinning asl qoidalarida bir-biriga ixtilof qilmaydi. Hammalari Alloh yakka-yagona, uning sherigi yo‘q, Muhammad alayhissalom Uning Elchisi ekanida ittifoqdirlar. Dinning beshta arkonida ham ittifoq, ular faqat far’iy masalalarda ixtilof qilishgan. Masihiylik dinida esa tamoman boshqacha, ularning ixtilofi dinning aslida. Islomda mazhablar qanchalik ixtilof qilmasin, masjidlari bitta, azon aytilsa, hamma mazhab ergashuv-chilari bir masjidda namoz o‘qishadi. Nasroniylikda esa tamoman boshqa, har bir mazhab ergashuvchilari o‘zlarining kanisasiga boradi. Bir mazhabga mansub nasroniy boshqa mazhabning kanisasiga yo‘lamaydi. Katolik alohida, protestant va boshqalari alohida.
Shunday kunlarning birida o‘rtog‘im meni katolik cherkoviga kirishimni taklif qildi va uning xususiyatlarini sanab ketdi. Shulardan bittasi – “g‘ufron – kechirim” xonasi borligi. Yana bir xona bo‘lib, unda qopqora kiyingan, uzun va qalin soqolli ruhoniy o‘tirib, kelganlarga tushunarsiz bir narsalarni qiroat qilib gapiradi-da, keyin gunohing kechirildi, deydi. Kelgan odam go‘yoki onasidan tug‘ilgandek xursand bo‘lib chiqadi.
Gunohlarni qilib-qilib, o‘sha “kechirim” xonasiga kirsa, hatto ibodat qilmasa ham, gunohlari kechirilishiga ishonish noto‘g‘ri. Borib ko‘rdim, odamlar gunohlari ko‘pligidan g‘amga botib u yerga kirar, keyin kechirilganidan xursand bo‘lib chiqardi. Men esa g‘amga botib kirdim, o‘shanday qaytib chiqdim, chunki o‘yladim: “Gunohlarimizni ruhoniy ko‘taryapti, ammo unikini kim ko‘tarar ekan?” Shunday qilib bu dindan ham qoniqmadim va boshqalari haqida o‘ylay, najot izlay boshladim.
Bir kuni nasroniylikning “Yaho shohidlari” mazhabi bilan tanishdim va uning raisi bilan ko‘rishdim.
“Kimga ibodat qilasizlar?” deb so‘radim. “Allohga”, deb javob berdi. “Iso Masih kim?” dedim. “Allohning elchisi”, deb aytdi. Ularning kanisasiga kirdim, haqiqatan xoch ko‘rmadim va u haqda so‘radim. “Xoch kufr alomati, shuning uchun kanisamizga osmaymiz”, deyishdi. Shu tarzda mazhabning ta’limotlarini o‘rganish uchun uch oy qatnadim, ammo ularning inson o‘lgandan keyingi holati haqidagi aqidalari mutlaqo noto‘g‘ri edi. Go‘yo odam vafot etgach, tutunga aylanarmish, ruhi noma’lum joyda bo‘larmish, jannatga kirmasmish, ma’lum muddatdan so‘ng yana qayta dunyoga kelarmish.
Shundan so‘ng nasroniylikning barcha mazhablarini tark etishga qaror qildim va biz tomonlarda keng tarqalgan buddizm va hinduizm dinlarini o‘rganibchiqdim. Hech biridan qanoatlanmadim. Oldimda faqat Islom dini qoldi. Ammo boshda aytganimdek, undan nafratlanardim. Chunki u haqida noto‘g‘ri fikrlar yoshligimdanoq miyamga quyilgan edi. Lekin noma’lum bir haqni izlardim, bu esa menga tinchlik bermasdi. Bu izlanish mendan sabr va jiddu jahdni talab qilardi.
Bir kuni xotinimga: “Bugundan e’tiboran meni hech kim bezovta qilmasin, namoz o‘qib, Allohga tazarru qilaman”, dedim va xonam eshiklarini yopib oldim. Allohga xushu’ (qo‘rquv) bilan tazarru qilgan holda qo‘llarimni ko‘tarib: “Ey Rab! Sen haqiqatan bor bo‘lsang, meni hidoyat va nurga boshlagin, O‘zing insonlar uchun rozi bo‘ladigan haq diningga hidoyat qilgin”, deb so‘radim.
Bu duolarimda sakkiz oycha davom etdim. Ming to‘qqiz yuz yetmish birinchi milodiy yilning o‘ttiz birinchi oktabr – ramazon oyining o‘ninchi kechasi odatdagidek duo qilib, uyquga ketdim. O‘shanda menga Allohning hidoyat nuri keldi. Tush ko‘rdim: atrofimdagi olam qop-qorong‘u, hech narsani ilg‘ab bo‘lmasdi. Shunda ro‘paramda bir zot paydo bo‘ldi. Unga tikilib qaradim, juda nurli edi, nuridan atrof yorishib ketdi. Bu muborak odam men tomonga yaqinlashdi, oppoq kiyingan, oq sallali, chiroyli soqolli, yuzlarida tabassum balqib turardi. Men avval bunday chiroyli va nurli odamni ko‘rmagan edim. Juda ham yoqimli ovozda: “Ikki shahodat kalimasini ayt”, dedi. U vaqtda shahodat kalimasi nima ekanini bilmasdim. “Ikki shahodat kalimasi nima?” dedim. Nuroniy: “Ashhadu allaa ilaaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan rasululloh”, deb ayt”, dedi. Kalimani nuroniyning orqasidan uch marta takrorladim, u kishi ko‘zimdan g‘oyib bo‘ldi. Uyg‘onganimda kiyimlarim terdan ho‘l bo‘lib ketgandi.
Men birinchi uchragan musulmondan: “Shahodat kalimasi nima? Uning Islomdagi qiymati qanaqa?” deb so‘radim. “Shahodat kalimasi Islomning eng avvalgi rukni, banda uni aytmaguncha musulmon bo‘lmaydi”, dedi. Ma’nosini so‘raganimda tushuntirib berdi. “Tushimda ko‘rgan kishi kim bo‘lishi mumkin, yuz tuzilishi va alomatlari juda tanishday edi”, dedim va uni sifatlab berdim. Suhbatdoshim baqirib yubordi va: “Sen Allohning payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi va sallamni ko‘ribsan!” dedi.
Bu voqeadan yigirma kun o‘tdi. Ramazon hayiti kechasi edi, uyimizga yaqin joydagi musulmonlar masjididan baland ovozda aytilayotgan takbir eshitilardi. Butun badanim jimirlab, qalbim larzaga keldi va ko‘zlarimdan tinmay yosh oqa boshladi. Ular qayg‘u emas, balki Alloh taoloning menga bergan ne’matiga shukrona yoshlari edi. Necha yildirki, izlagan narsamga hidoyat qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin. Bu voqea 1971 yilda bo‘ldi. Islom bilan nasroniylikdan birini tanlashni xotinimning ixtiyoriga qoldirdim. U Islomni tanladi. Shu yerda aytishim yaxshiroqdir, xotinim musulmon oilada tug‘ilgan, yoshligida musulmon bo‘lgan. Ammo yolg‘on da’vatlar va o‘zining sof dinini yaxshi bilmasligi oqibatida nasroniylikni qabul qilgan edi. Farzandlarimiz ham bizga ergashib imon keltirishdi. Ming to‘qqiz yuz yetmish ikkinchi yilning 2 fevralidan boshlab oilaviy musulmonmiz, alhamdulillah.
(davomi bor)
Asadullo Xolmurodovning "Mo‘minning quvvati" kitobidan olindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitaninig 4418-sonli xulosasi asosida tayyorlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar