
Yelena Afonina / TASS
Partiyalar yetakchilari ortidan Checheniston rahbari ham umummilliy safarbarlik haqida gapirib, buni Ukrainada «maxsus harbiy amaliyot» urushga aylangani bilan izohladi.
Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida Xarkivni tark etgan Rossiya habiylari manziliga yog‘dirilayotgan tanqidlarga javoban video e’lon qildi. U Rossiyadagi partiya yetakchilarining so‘zlarini qo‘llab-quvvatlagan holda Ukrainada urush ketayotganini aytdi va unda g‘olib bo‘lish uchun mobilizatsiya (erkaklarni yoppasiga urushga safarbar etish) kerakligini aytdi.
Postga ilova qilingan matnda Qodirovning so‘zlari o‘zgartirilgan va qisqartirilgan holatda keltirilgan.
«Feyk va g‘iybatlar shunchalik ko‘pki. Ba’zi fuqarolar esa ularga ishonib qolmoqda. Ustiga ustak senga qarshi AQSH va Britaniya boshliq o‘nlab davlatlar qarshi chiqib turganda. Ukrainada to‘liq mobilizatsiya ketmoqda, umrida avtomat ko‘rmagan qishloq odamlari terib ketilmoqda.
Agar mendan so‘raydigan bo‘lishsa, vaziyat kunday ravshan. Qo‘mondonlarimizning kayfiyatlari jangovar, lekin «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi) allaqachon harbiy harakatlarga aylanib ketgan. Menga qolsa, allaqachon aholini harbiy holat va mobilizatsiya e’lon qilinishiga tayyorlagan, barchasi tezroq tugashi uchun bor imkoniyatdan foydalangan bo‘lardim», deydi Checheniston rahbari.
Qodirovning aytishicha, bu so‘zlarni Checheniston rahbari sifatida emas, oddiy vatanparvar hamda ko‘ngilli sifatida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga ular kutganidan ko‘proq yordam berilgan. Qodirov Rossiya Xerson va Xarkivni olgani, bu juda katta hudud ekani, hozir armiyaga barcha hududlar yordam berishi kerakligini ta’kidlagan.
«Mobilizatsiyani kutib o‘tirish ham shart emas, regionlar o‘zlarida bor kuch va mablag‘larni berishi, qo‘lidan keladigan yordamni taklif etishi kerak. Gapirish, harf terishdan osoni yo‘q, lekin ish boshqa masala. «Maxsus harbiy amaliyot»ning borishi bizni qanoatlantirmayotgan bo‘lsa-da, biz o‘zimiznikilarni qo‘llashimiz kerak.
Biz NATO bilan kurashyapmiz, «maxsus harbiy amaliyot» yakunlansa ham, bizning bu shaytonlar bilan urushimiz tugamaydi. Biz ortga chekinish uchun urush boshlaganimiz yo‘q. Prezidentning qarorini kutamiz», degan Qodirov.
U Rossiya chekinayotgani haqida gaplar G‘arbning uydirmasi ekanini aytib, taktika va strategiya degan narsalar borligini eslatgan.
«Harbiy akademiyani tamomlagan generallarimiz harbiy ishning nozikligini yaxshi tushunadi. Ular dushmanga faqat bizga qulay bo‘lgan narsalarni berishadi», degan Checheniston rahbari.
Rossiya Ukrainada bo‘layotgan urushni urush deb atash taqiqlangan, uni «maxsus harbiy amaliyot» deb atashadi. Ammo oxirgi vaqtlarda Rossiya frontda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi fonida yuqori minbarlarda ham Ukrainada urush ketayotgani haqida gapira boshlashdi. «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov siyosiy partiya yetakchilari orasida birinchi bo‘lib Ukrainada urush ketayotgani, avvaliga «maxsus harbiy amaliyot» boshlangani, endi esa NATO bilan urush ketayotganini ta’kidladi. U Rossiya tezroq budjet va iqtisodiyotni mobilizatsiya qilishi kerakligini aytib, Ukrainadagi ijtimoiy infratuzilmalar: temiryo‘llar, ko‘priklar va tunnellarni yo‘q qilishga chaqirdi.
Kommunistik partiya yetakchisi Gennadiy Zyuganov ham umummilliy safarbarlik boshlashga chaqirdi va yanada keskinroq bayonot berdi.
«Maxsus harbiy amaliyotning urushdan qanday farqi bor? Harbiy operatsiyani istalgan vaqtda to‘xtata olasiz, urushni esa yo‘q. U yoki g‘alaba yoki mag‘lubiyat bilan tugaydi. Hozir vahima qilish kerak emas, mamlakatda to‘liq mobilizatsiya o‘tkazish kerak. Hozir boshqacha qonunlar kerak», dedi kommunistlar yetakchisi.
Keyinroq Kommunistik partiya axborot xizmati Zyuganov aslida iqtisodiy mobilizatsiya haqida gapirganini aytib bayonot berdi.
Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Olga Stefanishinaning aytishicha, oxirgi kunlarda rossiyalik siyosatchilar ukrainalik hamkasblari bilan muzokaralarni tiklash bo‘yicha ko‘p marta bog‘lanishga harakat qilgan. Urushni tugatishning yo‘llaridan biri esa aynan muzokaralardir.
Ma’lumot uchun, sentabr oyiga kelib frontda jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi. Ukraina Rossiya bilan chegaradagi Xarkiv viloyatini deyarli to‘liq ozod qildi. Kupyansk va Izyum kabi strategik muhim shaharlarning qo‘lga kiritilishi frontda jiddiy o‘zgarish yasadi. Shuningdek, Ukraina Xerson yo‘nalishida ham keskin qarshi hujumga o‘tgan. Ukraina 6 ming kvadrat kilometrdan ortiq hududdagi yuzlab aholi yashash yashash manzillarini qaytarib oldi. G‘arb ekspertlari bu Ukraina frontda ustunlikni qo‘lga olganini anglatishi va bu holat urushda burilish nuqtasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar