Bir yil qidirilgan yadro tadqiqotchisining jasadi topildi

AQSHning Nyu-Meksiko shtatida bir yildan ziyod vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan Los-Alamos milliy laboratoriyasi xodimiga tegishli jasad qoldiqlari aniqlandi. Bu haqda The Guardian nashri xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, topilgan jasad qoldiqlari oxirgi marta 2025 yil 26 iyun kuni shtat avtomagistrali hududida ko‘ringan 53 yoshli Melissa Kasiasga tegishli bo‘lgan. Uni sayyoh 2026 yil 28 may kuni Karson milliy o‘rmonining Makgaffi tizmasi hududidan topgan.
Marhumaning mehnat faoliyati kosmik, mudofaa va yadroviy tadqiqotlar bilan bog‘liq bo‘lgan. U keyingi oylarda bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan amerikalik olimlar qatoriga qo‘shildi. Ushbu holatlarning ayrimlari o‘z joniga qasd qilish sifatida baholangan bo‘lsa, boshqalari turli sabablar bilan izohlangan.
Biroq mazkur voqealar internetda turli taxminlar va fitna nazariyalarining kengayishiga sabab bo‘lib, hatto Kongress a’zolarining ham e’tiborini tortdi. Shuningdek, AQSH prezidenti Donald Trampdan ham mazkur holatlarni jiddiy ko‘rib chiqish va tekshiruv o‘tkazish so‘ralgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Kasiasning shaxsi Nyu-Meksiko tibbiy ekspertiza idorasi bilan hamkorlikda tasdiqlangan. Uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha ma’lum emas. Kasiasning g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Kasias qanday g‘oyib bo‘lgan?
2025 yil iyul oyida NBC telekanaliga bergan intervyusida Kasiasning turmush o‘rtog‘i Mark uni oxirgi marta 26 iyun kuni soat 06:15 da ko‘rganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, o‘sha kuni rafiqasini AQSH yadroviy qurollar zaxirasini saqlashda ishtirok etuvchi obyektga olib borgan.
Markning so‘zlariga ko‘ra, Melissa xizmat vazifasi bilan laboratoriyaning 40 kvadrat millik kampusidagi boshqa nuqtaga borishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, u oilaviy avtomobilni soat 11:00 gacha qaytarishi kerak bo‘lgan.
Keyinchalik tergovchilar Melissa kutilmaganda o‘sha kuni ertalab uyiga qaytib kelganini aniqladi. Qizi Sierra uning nega soat 07:45 da uyga qaytganini so‘raganda, onasi beyjigini unutib qoldirganini aytgan.
Melissa belgilangan vaqtda avtomobilni qaytarmaganida, Mark avval uni ish bilan band deb o‘ylagan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, Melissaning rahbari qo‘ng‘iroq qilib, uning qayerdaligi bilan qiziqqan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Melissa oxirgi marta taxminan soat 14:18 da ko‘rilgan. O‘shanda oilaning tanishi uni Nyu-Meksiko shtatidagi 518-magistral yo‘li bo‘ylab sharq tomon harakatlanayotganini ko‘rgan.
Tergovchilar Melissaning barcha shaxsiy buyumlari, jumladan sumkasi va «tozalangan» telefonlarini uning uyidan topgan. Jasad qoldiqlari aniqlangach, marhumaning oila a’zolari uning jasadi avval ham qidiruv ishlari olib borilgan hududdan topilganini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!