Impulse Space startapi muhandislarni yollash uchun 500 million dollar jalb qildi

SpaceX kompaniyasining dvigatellar boʻyicha afsonaviy mutaxassisi Tom Mueller tomonidan asos solingan Impulse Space startapi 500 million dollarlik D seriyali investitsiya raundini yakunlaganini eʼlon qildi. 137 Ventures va BANNER VC boshchiligidagi ushbu moliyalashtirish bosqichida Founders Fund, Lux Capital va Linse Capital kabi yirik fondlar ham ishtirok etdi. Mazkur mablagʻlar kompaniya shtatini 200 nafargacha yangi xodim bilan kengaytirishga yoʻnaltiriladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Impulse Space koinotdagi harakatchanlik texnologiyalariga ixtisoslashgan boʻlib, hozirda AQSH Kosmik kuchlari uchun moʻljallangan Mira platformasi hamda sunʼiy yoʻldoshlarni yuqori orbitalarga tezkor yetkazib beruvchi Helios apparati ustida ishlamoqda. Kompaniya prezidenti Eric Romo TechCrunch nashriga bergan intervyusida, yangi kapital koinot qurilmalarini ishlab chiqarish va sinovdan oʻtkazish jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Bugungi kunda koʻplab texnologik kompaniyalar sunʼiy intellektga tayanayotgan boʻlsa-da, Impulse Space muhandislik masalalarida inson omiliga ustunlik bermoqda. Romoning soʻzlariga koʻra, dasturiy taʼminot jamoalari AI vositalaridan foydalanishni boshlagan, biroq murakkab apparat vositalarini (hardware) loyihalashda deep learning modellari hali yetarli darajada rivojlanmagan. Uning fikricha, internetda LLM modellarni oʻqitish uchun matn va kodlar koʻp boʻlsa-da, maxfiy muhandislik chizmalari va texnik maʼlumotlar yetishmaydi.
Kompaniya oʻz faoliyatini dvigatel qurishdan boshlab, toʻliq koinot apparatlari ishlab chiqarishga oʻtdi. Bu esa konstruksiya va parvoz kompyuterlari boʻyicha koʻproq mutaxassislarni talab qilmoqda. Shu sababli Impulse Space oʻz ofislarini kengaytirib, Kolorado kabi aerokosmik isteʼdodlar markazlarida yangi xodimlarni qidirmoqda. Yil yakuniga qadar kompaniya oʻzining navbatdagi Mira missiyasini koinotga uchirishni rejalashtirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!