20:45 / 27.09.2022
2 018

«Xerson uchun o‘lishni istamayman». Rossiyadagi safarbarlik qanday kechmoqda?

«Xerson uchun o‘lishni istamayman». Rossiyadagi safarbarlik qanday kechmoqda?
Sergey Fadeichev / TASS
Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan «qisman safarbarlik» boshlanganiga bir necha kun bo‘ldi. Hukumat vakillarining tinchlantiruvchi nutqlari va ko‘plab va’dalariga qaramay, chaqiruv qog‘ozlari shu qadar tartibsiz ravishda yuborilyaptiki, hatto targ‘ibotchilar ham xatolar haqida gapirishmoqda. Safarbar qilinganlarning aytishicha, jarayon Donetsk ssenariysi bo‘yicha ketmoqda: ular duch kelganni ushlab olib, safarbar qilishmoqda. Bunga javoban, erkaklar Rossiyadan qochmoqda, yashirinmoqda, norozilik bildirib, harbiy komissariatlarga o‘t qo‘ymoqda. BBC Rossiyadagi safarbarlik bilan bog‘liq jarayon haqida yozdi.

«O‘ta hissiyotli reaksiya»

Tula shahrida yashovchi 27 yoshli muhandis Ilya (ismi o‘zining iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) 21 sentyabr kuni ertalab soat 9 da uyg‘onib, prezident Putinning qisman safarbarlik haqidagi e’lonini eshitdi. «Uni eshitish jarayonida qishki narsalarimni yig‘ishtirdim. Aslida urush boshidanoq bunga tayyor edim, lekin hali narsalarimni sumkamga solib qo‘ymagandim, bunday bo‘lmasligiga umid qilardim», deydi u.

Tayyorgarlik shundan iborat ediki, u tanishining pasportiga yangi SIM-karta oldi, harbiy do‘stining qo‘shni viloyatdagi dachasida yashashni rejalashtirdi, u yerga yetib borish yo‘llarini o‘rgandi. 24 fevralda unda 200 ming rubl jamg‘arma bor edi, urushning 7 oyi davomida yana 150 ming rubl yig‘ib qo‘ydi.

«Men Donetskdagi safarbarlik haqidagi xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda diqqat bilan o‘qib chiqdim. Birinchi kunlardanoq erkaklarni ko‘chalarda ushlab olishayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bizda ham shunday bo‘lishini tushundim, shu sababli oldindan tayyorgarlik ko‘rdim», degan u.

Ilyaning so‘zlariga ko‘ra, unda boshqa variant yo‘q edi. Chet elga ketish haqida so‘ralganda: «Men u yerda kimga kerakman?» deya kuladi.

Ilya Rossiyada harbiy komissariatga kerak ekanini yaxshi tushunadi. «Men xizmat qilganman – bizda hamma xizmat qiladi. Harbiy shartnoma menga kerak emasdi. Harbiy xizmatdan qaytdim, o‘qidim, ishladim», deydi u lo‘nda qilib.

Ilya tank qo‘shinlarida xizmat qilgan. Uning harbiy do‘sti kontrakt imzolab, urush boshlanganidan keyin Ukrainaga ketgan. Ikki oydan keyin yaralanib, zaxiraga o‘tkazilgan va qaytib kelgan.

«Uning millati ukrai. U kimga qarshi urushishning ahamiyati yo‘q, ammo u yerda hamma narsa yomon tashkil qilingan, urushga borishni hech kimga maslahat bermayman, dedi. U hali jarohati uchun pul olmagan», deydi Ilya.

Izyum atrofidagi janglarda yakson etilgan harbiy texnikalar.
Iryna Rybakova / Ukrainian Military Unit Kholodnyi Yar / AP / Scanpix / LETA

Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarga qanday munosabat bildirishi haqida so‘ralganida, Ilya mutlaqo ahamiyat bermasligini aytdi: «Menga baribir, bu boshqa davlat. Xerson bizga nimaga kerak, buning uchun o‘lib ketishni istamayman».

U urush haqidagi xabarlarni telegram-kanallarida kuzatib boradi. Rossiyaparastlarga xayrixohlikda ayblangan ukrainalik siyosatchi Anatoliy Shariyning blogini eslaydi (hozir u Ispaniyada va Ukraina uni ekstraditsiya qilishni talab etmoqda). Rus manbalari orasida Navalniy kanalini o‘qib turadi, surishtiruvlar qiziqarli ekanini, ammo hech narsani o‘zgartirmasligini aytadi. U biror marta norozilik namoyishiga chiqmagan va hech qachon bunga istak ham paydo bo‘lmagan. U namoyishlarda qatnashayotganlar haqida sezilarli jirkanish bilan gapiradi: «Ularning qiladigan boshqa ishi yo‘q shekilli».

Endi o‘zi nima qilishini hali bilmaydi. U qishlash uchun mo‘ljallanmagan dachada yashamoqchi. Konserva va kartoshka sotib olgan, tejamkor hayot kechirishni rejalashtirgan. «Onam bilan telefonda xayrlashdim. U «senga bunday tarbiya bermagan edim, endi hech narsa bilan ishing bo‘lmaydimi?» dedi», deydi u. Ilya yangi telefon raqamini onasiga bermaslikka qaror qildi. Chunki harbiy komissariat bilib qolishidan qo‘rqadi.

«Yaqinda bir xabarni o‘qib qoldim. Luhanskda xuddi menga o‘xshash bir odam 6 oy yashirinib o‘tirgan. So‘ngra o‘zini derazadan tashlabdi. Rost yoki yolg‘onligini aniqlasa bo‘ladimi?» deb so‘raydi Ilya xayrlashar ekan.

23 sentyabr kuni Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov rossiyaliklarning safarbarlikka munosabatini «jazavali va o‘ta hissiyotli» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga safarbarlik haqida ma’lumot kam bo‘lgan, hozir esa Mudofaa vazirligi uni to‘liq taqdim etmoqda.

«Nogironlik haqidagi hujjatlarni oldi va ketdi»

O‘sha kuni hukumatparast telegram kanallari tarmog‘i menejeri deb atalgan Kristina Potupchik Rossiyadagi harbiy komissariatlar butunlay boshqa odamlar guruhini safarbarlikka chaqirib, «prezidentga xiyonat qilayotgani»ni aytdi.

«Ko‘p yillar davomida yo‘l qo‘yilgan xatolarni yashirish uchun ular harbiy guvohnomasi bo‘lmagan, zarur mutaxassisligi yo‘q, harbiy xizmat qilmagan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan (hatto umuman tibbiy ko‘rik tashkil qilinmagan) odamlarni safarbarlikka chaqirmoqda. Bir vaqtning o‘zida ko‘plab ko‘ngillilar yolg‘on bahonalar bilan uylariga qaytarib yuborilmoqda», deb yozdi u.

Ikkinchi kunga kelib, safarbarlik Putin va Shoygu e’lon qilganidek «qisman» emasligi ma’lum bo‘ldi. Prezident farmoniga ko‘ra, zaxiradagi askarlar va jangovar tajribaga ega bo‘lganlar urushga chaqirilishi kerak, biroq chaqiruv qog‘ozlari duch kelgan odamlarga yuborilmoqda, jumladan, umuman jang qilmasligi kerak bo‘lganlarga, masalan, ko‘p bolali otalar, e’lon qilingan yoshdan oshgan va sog‘lig‘ida muammosi borlarga.

Bryansklik 20 yoshli Yelenaning (u familiyasini ko‘rsatmaslikni so‘radi) otasi 23 sentyabr kuni safarbarlikka chaqirilgan. 50 yoshli erkak ishsiz, insulinga bog‘liq diabet bilan xastalangan. U eshikni ochib, chaqiruv qog‘oziga imzo chekkan. U hech qachon armiyada xizmat qilmagan, ammo 30 yil oldin institutning harbiy bo‘limini tugatgan. Qizi otasining harbiy mutaxassisligi borligini bilmagan.

Yelenaning aytishicha, onasi bilan birgalikda uni harbiy komissariatga borishdan qaytarishga urinishgan. Ota esa o‘zining nogiron ekanini aytib, urushga yubormasliklariga ishongan.

«Dadam bizni vahimachilar deb atadi, menda insulinni uzluksiz yuborib turadigan pompa bor dedi, nogironlik to‘g‘risidagi hujjatlarni olib, harbiy qo‘mitaga ketdi. Shundan so‘ng u qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ydi. Keyin esa biznikilarni Klinsi shahriga jo‘natishganini eshitdik», deydi Yelena. Hatto videoaloqa paytida ham uning qo‘llari qanday titrayotganini ko‘rish mumkin edi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi «vatanparvar»larning noroziligi

Klinsi shahrida o‘quv harbiy qismi joylashgan, u so‘nggi kunlarda urushni qo‘llab-quvvatlovchi z-kanallardagi xabarlar tufayli mashhur bo‘ldi. Bloger Yuriy Podolyaka, «Komsomolskaya pravda» muxbiri Dmitriy Steshin, publitsist va RT boshlovchisi Yegor Xolmogorov va boshqalar safarbar qilinganlarning anjomlari olib qo‘yilayotganini g‘azab bilan yozishdi.

«Klinsidagi harbiy qismda safarbar qilinganlarning anjomlari olib qo‘yilmoqda. Ruxsat yo‘q emish. Xullas, tushundingiz. Odamlar o‘z mablag‘lari hisobiga urushga otlanyapti, qandaydir ahmoq komandir kelib, hammasini tortib olmoqda», deb yozdi Steshin.

24 sentyabr kuni Yuriy Podolyaka shunday deb yozdi: «Klinsi haqida xabar beryapman. Signal manziliga yetib bordi, FXX allaqachon joyida ishlamoqda. Yigitlarga tez orada hamma narsasi qaytarilishini va’da qilishganini aytishdi».

Simferopol, 25 sentyabr. Anneksiya qilingan Qrimdagi harbiy komissariat binosi oldida.
Foto: DMITRY FEOKTISTOV/TASS

Yelenaning otasi qaytariladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. U 25 sentyabr kuni xotiniga qo‘ng‘iroq qilib, Klinsida ekanini tasdiqladi, sog‘lig‘i «joyida» ekanini, o‘zining masalasi «o‘rganilayotgani»ni aytdi. Onasi Yelenaga ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilishni taqiqladi, vaziyat chigallashib ketishidan cho‘chidi. Shanba kuni ular targ‘ibot kanallarida ishga tushirilgan maxsus botlarda o‘zlarining ahvoli haqida xabar berishdi.

«Biz Simonyanga (Margarita Simonyan, RT bosh muharriri), Poddubniyga (Yevgeniy Poddubniy, «Rossiya-24» kanalida harbiy muxbir), Steshinga, «telegram»da topilgan barcha kanallarga yozdik. Hozircha javob bo‘lmadi», deydi Yelena. Agar otasi hafta davomida qaytib kelmasa, u onasining taqiqini buzib, aniq ism va familiya, manzil bilan murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

«Biz oilada maxsus operatsiyani muhokama qilmaganmiz. Chegara hududlari o‘qqa tutilayotganini gaplashdik. Otam Solovyovni tomosha qilardi, lekin, albatta, u jang qilmoqchi emas edi, garchi Ukrainani davlat sifatida yaxshi ko‘rmasa ham. Menimcha, har qanday urush yomon, lekin uni kim boshladi? Bizmi? Yo‘q! Xuddi Qrimga o‘xshab urushsiz qo‘shib olsa bo‘lardi-ku?» deydi u.

Yelena yoshligida Ukrainaga borgan, otasining Xarkivdagi qarindoshlarinikida bo‘lgan. «Dadam bu mening xorijga birinchi sayohatim ekanini aytdi. Ammo men o‘ylab qoldim, bu qanday xorijiy davlat, hamma narsa biznikiga o‘xshaydi-ku?!» degan u.

«Harbiy komissarlar telegram o‘qimaydi»

Rossiya Mudofaa vazirligi 23 sentyabr kuni harbiy xizmatga chaqirilmaydigan kasblar ro‘yxatini e’lon qildi: akkreditatsiyadan o‘tgan IT-kompaniyalari mutaxassislari, davlat ommaviy axborot vositalari va aloqa xizmati xodimlari, kunduzgi va kechki bo‘lim talabalari. Ammo sirtqi bo‘lim talabalari chaqirilishi mumkin edi.

Mudofaa vazirligining bunday bayonoti huquqiy kuchga ega emas, chunki muddatli harbiy xizmatni kechiktirish hukumatning maxsus qarorini talab qiladi, u hali yo‘q.

«Bu bayonot normativ akt emas, chunki ular faqat xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan yoki maxfiy bo‘ladi. Tuman harbiy komissariati raisi telegramni o‘qimaydi, uning qo‘liga safarbarlik ro‘yxatlari allaqachon yuborilgan, normativlar ham. Bu bayonot shunchaki aholini tinchlantirish uchun berilmoqda», deb izoh berdi huquq himoyachisi Pavel Chikov.

25 sentyabr kuni Vladimir Putin kunduzgi va sirtqi bo‘lim talabalarini safarbarlikdan ozod qilish haqidagi farmonni imzoladi. Ammo shunda ham kim safarbar qilinishi kerak degan masalaga aniqlik kiritilmadi, bunga hatto hukumatparast blogerlar ham e’tibor qaratishdi.

Davlat dumasi spikerining sobiq yordamchisi, kremlparast media-mutaxassisi Anastasiya Kashevarova shunday yozdi: «Ammo hali ham kimlar safarbar qilinishi kerakligi haqida aniq tushuncha yo‘q. Talablar qanday bo‘lishi, kimlar unga mos kelishi noma’lum. Prezident davlat o‘quv muassasalari talabalarini ozod qildi, biroq, xususiy litsenziyaga ega o‘quv muassasalari talabalarini esa yo‘q. Safarbar qilinganlar ko‘pincha tibbiy ko‘rikdan ham o‘tkazilmayapti».

Shuningdek, u Mudofaa vazirligidan «Gosuslugi» portali orqali aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishni so‘radi.

Juma kuni Davlat dumasiga yangi qonun loyihalari kiritildi, unga ko‘ra urushga chaqirilganlar o‘z ish joyini saqlab qolish va kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

An’anaviy harbiy komissariatlardan tashqari, boshqa muassasalarda – maktablarda, teatr va muzeylarda chaqiruv va safarbarlik punktlari ochila boshladi. Buryatiyadagi ba’zi maktablarda safarbar qilinganlar bilan ishlash markazlari ochilgani sababli darslar vaqtincha bekor qilindi.

Ulan-Ude meriyasi xabariga ko‘ra, 11 ta maktabda safarbarlik bo‘yicha «ogohlantirish punktlari» ochilishi sababli darslar jadvali «o‘zgartiriladi». Mahalliy «Lyudi Baykala» nashriga ko‘ra, ushbu punktlarga o‘qituvchilar chaqiruv qog‘ozlarini to‘ldirishadi.

Moskvadagi Roman Viktyuk teatri 9 oktabrgacha barcha spektakllarini bekor qildi – unda harbiy safarbarlik punkti tashkil etildi. Xuddi shunday punkt Moskva muzeyida ochildi, bu haqda «Veter» moda festivali tashkilotchilari ma’lum qildi.

Propaganda aholida «vatanparvarlik» ruhini ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanmoqda - jumladan binolar devorlaridagi ulkan graffitilardan ham. Foto: Getty Images
Endi chaqiruv qog‘ozini istalgan joyda olish mumkin. Moskva va Sankt-Peterburgda 21 sentyabr kuni o‘tkazilgan mitingda qo‘lga olinganlarning bir qismiga politsiya bo‘limlari yoki maxsus hibsxonada chaqiruv qog‘ozi berilgan. Hozirda ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan va chaqiruv qog‘ozi olgan shaxslar maxsus saqlash hibsxonasidan ozod etilganidan so‘ng, darhol harbiy komissariatlarga borishi shart.

Harbiy komissariatlar oldida ommaviy navbatlar yo‘q. Aksincha, Rossiyada harbiy komissariatlarga o‘t qo‘yilyapti yoki o‘q uzilyapti. Safarbarlik boshlanganidan beri 20 dan oshiq harbiy komissariat binosiga o‘t qo‘yildi, urush boshlanganidan beri 40 dan ortig‘iga.

Ayollar qo‘zg‘oloni

«Sizlar o‘z lavozimingizdan ayrilishdan qo‘rqasiz, bizlar o‘g‘illarimizdan ayrilishdan», deb baqirishdi bir guruh ayollar politsiyachilarga qarata. Ular yakshanba kuni Dog‘iston poytaxti Maxachqal’adagi harbiy komissariat oldiga yig‘ilishdi va bu stixiyali norozilik namoyishiga aylanib ketdi.

Namoyishchilar va politsiya o‘rtasida jismoniy to‘qnashuvlar ham bo‘ldi, hatto politsiyachilardan biri «Yo‘qolsin urush!» deb baqirayotgan ayollardan qochib ketishga majbur bo‘ldi. Namoyishchilar federal avtomagistralni ham vaqtincha to‘sib qo‘yishdi.

Shu kuni Kabardin-Bolqoriyadagi Nalchik shahrida o‘nlab ayollar hokimiyat binosi oldida miting o‘tkazdi. Ular «Nega o‘g‘illarimizni olib ketyapsan?!» deb baqirishdi va hibsga olayotgan politsiyachilar qo‘lidan erkaklarni qutqarishga urinishdi.

Yoqutistonda asosan ayollardan iborat 400 ga yaqin odam shahar maydonida bir-birining qo‘lini ushlagan holda, doira shaklida aylanib, raqsga tushishdi va «Yo‘qolsin urush», «Yo‘qolsin genotsid» deb hayqirishdi.

Shu kunning o‘zida Volga bo‘yi shaharlaridan birida odamlar butunlay boshqa sabab bilan yig‘ilishdi. 52 yoshli Mariya (u faqat anonimlik sharti bilan va shahar nomini aytmasdan gaplashishga rozi bo‘ldi) o‘zini o‘zi e’lon qilgan «LXR» va «DXR», shuningdek, Xerson va Zaporijjya oblastlarining bosib olingan qismida Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha «referendumlar» boshlanishiga bag‘ishlangan mitingda nutq so‘zladi. Unda ko‘plab yoshlar, shahardagi o‘quv muassasalari talabalari, korxonalar va boshqa budjet tashkilotlari delegatsiyalari qatnashdi.

Grozniyda «maxsus harbiy amaliyot»ni qo‘llab o‘tkazilgan miting. 23 sentyabr
Foto: ELENA AFONINA/TASS

«Mitingda chaqiruv qog‘ozlari topshirilishi haqida qo‘rqinchli xabarlar tarqalganiga qaramay, unday bo‘lmadi. Lekin negadir mitingda asosan ayollar ishtirok etdi», deb kinoya bilan yozdi mahalliy jurnalist.

Mariya Donetskdan ko‘chib kelgan qo‘shiqchilar guruhi vakili edi. Uning o‘zi ham shaharga faqat ertalab qaytdi: bir kun avval ayol dugonasi bilan birga 30 yoshli o‘g‘lini Qozog‘istonga olib borgandi. Ular chegaradagi vaziyat va kutish vaqti cho‘zilib ketishidan xavotirlanishdi, chunki Mariya mitingga qaytishi shart edi. U 22 sentyabr kuni mitingni tashkil qilishi kerak edi, ammo betobligi tufayli, faqat ertasiga ishtirok eta oldi.

«Maxsus amaliyot – mening ishim emas va mening qarorim emas»

Mariya Qozog‘iston chegarasini bir necha soat ichida kesib o‘tdi. So‘ngra o‘g‘lini taksiga o‘tqazib, fotiha berdi va eng yaqin shaharga jo‘natdi. Bu reja oilaga yaqin odamlar tomonidan oldindan ishlab chiqilgandi. Endi uning o‘g‘li Qozog‘istonda bir necha oy qoladi va «vaziyat qanday rivojlanishi»ni kuzatadi.

Mariyaning dugonasi unga kvartirani ijaraga oldi, bir necha oy oldin Qozog‘istonga borib, mahalliy bankdan karta ochtirdi. Uning o‘g‘lining kasbi masofadan turib ishlash imkonini bermaydi, biroq, onasi vaqti-vaqti bilan unga pul jo‘natmoqchi.

«Novaya gazeta»ning yozishicha, FXX ma’lumotlariga ko‘ra, dam olish kunlarida 240 mingdan ortiq ehtimoliy safarbar qilinadigan erkaklar Rossiyani tark etgan.

Foto: DMITRY ROGULIN/TASS
«Maxsus operatsiya mening ishim emas va mening qarorim ham emas», - deydi Mariya. Ayol suhbat davomida «urush» so‘zini umuman ishlatmaydi. - Agar hukumat shunga qaror qilgan bo‘lsa, men nima qilishim mumkin? Men siyosat bilan emas, balki madaniyat bilan shug‘ullanaman, ma-da-ni-yat! Tadbirlar, konsertlar, nimani buyurishsa – shuni tashkil qilaman. Yigirma yildan beri shu yerdaman».

U mavzuni faxriylarga yordam berish haqidagi hikoyalarga o‘zgartirdi. O‘z shahrida «an’analarni hurmat qilishlari»ni aytdi. «Buning nimasi yomon?!» deydi u. U harbiy harakatlar haqida gapirishni, shuningdek, urushga shaxsiy munosabatini muhokama qilishni qat’iyan rad etdi.

«Nega o‘g‘lingizni Qozog‘istonga jo‘natdingiz?» degan savolga bir oz o‘ylanib turdi va «Farzandingiz bormi? Qizmi, o‘g‘ilmi? Qiz? Unda tushunmaysiz», deb javob berdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo