
Quddusning muqaddas joyida ibodat qilish musulmonlar va yahudiylar o‘rtasida kelishmovchilik tug‘dirmoqda. Muammo nimada?
So‘nggi yillarda o‘ta millatchi isroillik yangi ko‘chib kelganlarning Sharqiy Quddusdagi Aqso masjidiga ruxsatsiz kirishlari tez-tez ro‘y bermoqda. Bu dunyo bo‘ylab falastinliklar va musulmonlarning g‘azabini qo‘zg‘atib kelmoqda.
Al-Haram ash-Sharif nomi bilan ham tanilgan Al-Aqso masjidi majmuasi yahudiylar Ibodat tog‘i deb ataydigan yassi va baland qoyatoshda joylashgan.
Masjid hovlisida yahudiylarning ibodat qilishlari asrlar davomida taqiqlab kelingan edi. Isroil hukumatidagi o‘zgarish oqibatida bugungi kundagi holat yuzaga chiqib, musulmonlar va yahudiylar o‘rtasida jiddiy tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Bu joy nima uchun muhim?
Dindor yahudiylar uchun Ma’bad tog‘i yahudiylikdagi eng muqaddas joydir. Qadimgi bitiklar va arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, bu yerda qadimgi davrlardagi yahudiy shohliklarining markazi bo‘lgan ikkita ibodatxona joylashganiga ishoniladi.
Yig‘i Devori — yahudiylar ibodat qilishlari uchun shahardagi eng muqaddas joy hisoblanadi. Bu joy Hirod tomonidan qurilgan va miloddan avvalgi 70 yilda rimliklar tomonidan yahudiylar qo‘zg‘oloni uchun qasos olish maqsadida vayron qilingan Ikkinchi Ma’badning bir qismidir.
Tepalikning yuqorisida ulkan Aqso masjidi, hovlilar, namoz va ziyoratgohlar majmuasi, jumladan, oltin tomli Qubbatus-Saxra joylashgan. Masjid islom dinidagi eng muqaddas maskanlardan biridir. Usmoniylar imperiyasi 1517 yilda Quddusni zabt etadi va toki Birinchi jahon urushi paytida inglizlar shaharni egallaguniga qadar - 400 yil davomida o‘z nazoratida ushlab turadi.
Usmoniy hukmdorlar Quddusda mazhablararo va dinlararo to‘qnashuvlarning oldini olish uchun muqaddas joylar ustidan nazorat o‘rnatishni chegaralab beruvchi bir qator farmonlar chiqarishdi.
1757 yilda Sulton Usmon III “Status-kvo” nomini olgan farmon e’lon qildi. Mazkur farmon Muqaddas Qabr cherkovi (Quddus Eski shahrining nasroniylar dahasidagi cherkov) hududida nasroniylarning o‘zaro to‘qnashuvlarini oldini olishdan tashqari, musulmon bo‘lmaganlarni Al-Aqso hududiga kirishi va yahudiylarga Yig‘i Devoridan tashqarida ibodat qilishni taqiqladi.
Quddusning bosh ravvinligi ham 1921 yildan beri yahudiylarning Ma’bad tog‘iga kirishini rasman taqiqlagan. Qarorda u yerga qadam bosish uchun inson "mutlaqo pok va gunohsiz" bo‘lishi kerakligi belgilangan. Bugungi kunda esa bunday insonni topish imkonsiz.
Ravvinlikka ko‘ra, Ma’bad tog‘i muqaddas joy bo‘lib, “Xudoning mavjudligi namoyon bo‘lgan yer” hududida joylashgan. "Shuning uchun, bu yerga inson qadami yetsa, ifloslanish xavfi tug‘ilishi mumkin" ekan.
Quddus Jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lumotlariga ko‘ra: "Ma’bad tog‘iga kirishni taqiqlab, bosh ravvinlar Maymonid (Abu Imron Muso ibn Maymun) ning Shekina (Ilohiy ruh) hamon Ma’bad o‘rnida mavjudligi haqidagi fikriga ergashdilar.
Aksariyat ortodoksal yahudiylar Ravvinlik taqiqloviga rioya qilishadi va asrlar davomida ko‘plab istisnolar bo‘lgan bo‘lsa-da, yahudiylarning ibodati aksariyat hollarda G‘arbiy devordan ajratilgan.
Yahudiylarning ibodati sabab yuzaga kelgan bugungi kundagi munozaralar qachon boshlangan edi?
1967 yilda Isroil Iordaniyadagi Quddusning Eski shahrini, shu jumladan muqaddas joylarni egallab olgan. Faqatgina islomiy obyektlarni boshqarish Iordaniya hukumati qo‘lida qoldi.
O‘shandan beri yahudiylarga Ma’bad tog‘ida ibodat qilishga ruxsat berishga chaqiriqlar kuchaymoqda.
Isroil hukumati rasman status-kvoni saqlab qolgan. Sionistik harakat har doim diniy tusga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik Isroil rahbarlari dunyoviy bo‘lgan. Shunday qilib, butun musulmon olamida g‘azab portlashining oldini olish, odatda, siyosiy rahbarlar uchun Ma’bad tog‘i maqomini o‘zgartirishga urinishlardan ustunroqdir.
Biroq, ko‘plab dindor yahudiylar Eski shaharni egallashni timsoliy harakat deb bilishgan va ba’zilar (shu jumladan, ko‘plab nasroniylar ham) buni “Muqaddas Ahd”da bashorat qilingan "Qiyomat kuni" belgisi sifatida ko‘rishadi. Ya’ni, yahudiylarning Eski shaharni egallab olishi - Qiyomat yaqinlashganidan darak beradi, deb ishonishadi.
Ba’zi diniy yahudiy guruhlar, Ma’bad tog‘ida namoz o‘qishga ruxsat bermaslikdan tashqari, bu yerda Masihning qaytishi va qiyomat kunidan darak beruvchi Uchinchi Ma’badni qurish kerak, deb da’vo qilishadi.
Bu fikr uzoq vaqtdan beri Isroil va butun dunyodagi yahudiylar orasida ozchilikning fikri bo‘lib kelgan, ammo u asosiy oqimdan uzoqda bo‘lmagan.
Hatto 1967 yilda Eski shaharni bosib olishda Isroil kuchlariga rahbarlik qilgan general Uzi Narkissning aytishicha, o‘sha paytdagi harbiy ravvinlik boshlig‘i, keyinroq Isroilning bosh ravvini bo‘lgan Shlomo Goren Eski shaharni egallash paytida generalni Al-Aqso masjidini portlatib yuborishga undagan.
Goren va boshqalar Narkissning ma’lumotlarini inkor qilishsa-da, u Ma’bad tog‘ida ibodat qilishning asosiy tarafdori bo‘lgan va 1967 yil avgust oyida bir guruh dindorlarni ushbu joyda ibodat qilish uchun olib kelganida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Uning xatti-harakatlari musulmonlar, dunyoviy yahudiylar va Quddus bosh ravvinligining noroziliklariga sabab bo‘ldi. Ular yahudiylarga bu yerda ibodat qilish taqiqlanganini yana bir bor ta’kidladilar.
Avvalroq u Al-Aqso masjidini vayron qilish rejasini rad etgan bo‘lsa-da, keyinroq Isroil radiosiga bergan intervyusida binoning buzilmagani “fojea” ekanini aytgan.
Masjid hovlilariga yahudiylarning kirishiga cheklov qo‘yilganiga qaramay, yangi ko‘chib kelgan isroilliklar ko‘p yillar davomida Isroil xavfsizlik kuchlari hamrohligida majmuaga kirib kelgan. Yaqin vaqtlargacha, odatda, musulmon dindorlarni qo‘zg‘atmaslik uchun diniy marosimlarni bajarish taqiqlangan.
2000 yil 28 sentyabrda Isroilning Al-Aqso masjididagi eng dahshatli provokatsion voqeasi, o‘sha paytdagi Isroil muxolifati yetakchisi Ariyel Sharon 1000 dan ortiq isroillik politsiyachilar hamrohligida hovliga kirib, bu yerning nazorati Isroil qo‘lida abadiy qolishini e’lon qilganida yuz bergandi.
Isroil Ichki ishlar vazirligi tomonidan ruxsat etilgan va tinchlik muzokaralari fonida amalga oshirilgan yurish falastinliklarning ommaviy noroziligiga sabab bo‘ldi va oxir-oqibat Ikkinchi Intifadaga (muayyan bir hududni ozod qilishga yoki hukmronlikka qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga qaratilgan arab ozodlik harakati) aylanib ketdi va unda besh yil ichida 3000 dan ortiq falastinlik va 1000 dan ortiq isroillik halok bo‘ldi.
Hozir kim Al-Aqsoda yahudiylarning ibodat qilishlari tarafdori?
Hozirgi vaqtda Ma’bad tog‘ida yahudiylarning ibodat qilishini yoqlovchi "Ma’bad tog‘idagi dindorlar", "Ma’bad instituti", "Yarayeh" tashkiloti va boshqalar kabi Uchinchi ma’badni qurishni targ‘ib qiluvchi bir nechta guruhlar mavjud. Benyamin Netanyaxu hukumatidagi asosiy partiya, uning milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir boshchiligidagi guruh Isroilni yahudiy bo‘lmaganlarga fuqarolik berishni rad etuvchi teokratik davlatga aylantirish tarafdori bo‘lgan amerikalik-isroillik ravvin Meir Kahanening mafkuraviy merosxo‘rlaridir.
Ma’bad tog‘iga kelsak, Ben-Gvir va boshqa kohiniylar uni yahudiylar uchun asosiy muqaddas joy deb bilishadi, ba’zilari Al-Aqso masjidini buzib, Uchinchi ma’bad qurishga chaqirishadi.
Ko‘p yillik kohiniy sifatida Ben-Gvir al-Aqso bilan bog‘liq ko‘p voqealarga aloqador, shuningdek, Ma’bad tog‘idagi faollikda ishtirok etgan yahudiylarni himoya qiluvchi advokat bo‘lib ishlagan.
Ben-Gvir 2015 yilda musulmonlarga “Am Israel Chai” (“Isroil xalqi yashaydi”) deb baqirgani uchun voqea joyida hibsga olingan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u Netanyaxudan bu yerda “yahudiylar uchun teng huquqlar” o‘rnatishni talab qilgandi, biroq Likud manbalari buni rad etgan.
3 yanvar kuni al-Aqsoga o‘ta provokatsion yurishidan oldin Ben-Gvir masjiddagi vaziyatni mamlakatda o‘z fuqarolik huquqlariga nisbatan falastinliklar qo‘llagan atamaga o‘xshab ketadi. - "aparteid" so‘zini ishlatdi.
"Men Ma’bad tog‘iga chiqaman. Men irqchilikka, yahudiy nopok bo‘lgani uchun Ma’bad tog‘ida suv icholmasligiga qarshi kurashaman”, dedi u o‘z partiyasining Knessetdagi fraksiyasi yig‘ilishida, jurnalistlar bilan suhbatda.
Majmuada yahudiylarga ibodat qilishlariga ruxsat berishning eng ko‘zga ko‘ringan va ochiq tarafdorlaridan yana biri - bu amerikalik diniy sionist, 2016 va 2019 yillarda Likud partiyasining deputati bo‘lgan Yehuda Glikdir.
Glik uchinchi ma’bad qurilishini himoya qiluvchi, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilot — Ma’bad institutining ijrochi direktori lavozimida ishlagan. U bu joyda yahudiylarning ibodatini diniy erkinlik masalasi sifatida ko‘rsatishga harakat qildi.
Hozirda u "Ma’bad tog‘ida yahudiylar uchun to‘liq va keng qamrovli erkinlik va fuqarolik huquqlariga erishish" maqsadini ko‘zlagan guruhlar koalitsiyasining rahbaridir.
"Ma’bad tog‘i dunyoning markazi bo‘lish o‘rniga g‘azab va nafratning markaziy maydoniga aylandi", dedi u.
Nega falastinliklar yahudiylarning ibodat qilishlariga qarshi?
Yahudiy va musulmon olimlari tomonidan ko‘tarilgan teologik diniy savollarni bir chetga surib qo‘yadigan bo‘lsak, muammo - kuchlar muvozanatining buzilishidadir. Isroil Sharqiy Quddusni bosib olganidan ko‘p o‘tmay anneksiya qilgan bo‘lsa-da, bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan hech qachon tan olinmagan va rasman shaharning sharqiy tumanlari, jumladan Eski shahar ham harbiy ishg‘ol ostida qolmoqda.
Sharqiy Quddusdagi falastinliklarning qonuniy fuqaroligi yo‘q. Garchi ularning ajdodlari asrlar davomida shaharning sharqida yashagan bo‘lsa-da, Falastin aholisi u yerda "doimiy yashash" uchun ariza topshirishlari kerak, bu esa ularni fuqarolar sifatidagi qonuniy huquqlaridan, jumladan, ovoz berish huquqidan mahrum qiladi. Ular Isroil fuqaroligini olishlari mumkin, ammo aksariyat hollarda buni rad etishadi.
Yashash uchun ruxsatnoma nominal "doimiy" bo‘lsa-da, 1967 yildan beri minglab falastinliklar yashash uchun ruxsatnomalaridan ayrildi va shahar hokimiyatining ruxsati yo‘qligi sababli yuzlab uy-joylar buzib tashlandi.
Xullas, vaziyat markazida Al-Aqso turibdi. O‘ta millatchi yahudiy diniy guruhlarning asosiy maqsadlari Quddusda mustahkam o‘rnashgan islomiy muhit, milliy falastin o‘zligini yo‘q qilishga urinishdan iborat. Bu ishlar shunchaki yahudiylarga muqaddas joylarga borish huquqini berish uchun emas, balki Isroilning falastinliklar ustidan nazorat o‘rnatish, falastin madaniy markazlariga egalik qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Glik va boshqalarning ta’kidlashicha, ularning Ma’bad tog‘iga kirish huquqi diniy erkinlik masalasidir, ammo ularning obyektga kirish imkoniyati dunyodagi eng ilg‘or harbiy kuchlardan birining askarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, falastinlik dindorlar esa hech qanday himoyaga yoki huquqqa ega emaslar.
Hozirgi vaziyat qanday?
Glikning so‘zlariga ko‘ra, unga va uning ittifoqchilariga ma’lum vaqt davomida Ma’bad tog‘ida ochiq ibodat qilish huquqi berilgan.
"Hozir o‘nlab yahudiylar hududning sharqiy tarafidagi yagona qismida har kuni ochiq ibodat qilmoqdalar va ularni kuzatib borayotgan Isroil politsiyasi endi ularni to‘xtatishga urinmaydi", deya xabar bergan edi 2021 yilda New York Times nashri.
Ma’bad tog‘idagi "Bayadenu" guruhi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda bu yerga rekord darajada — 51 483 yahudiy ziyoratga kelgan.
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar