16:50 / 12.02.2023
666

Turkiya va Suriyadagi zilzila: qurbonlar soni 29 mingdan oshgan; qutqaruvchilar ishini otishma to‘xtatib qo‘ygan

Turkiya va Suriyadagi zilzila: qurbonlar soni 29 mingdan oshgan; qutqaruvchilar ishini otishma to‘xtatib qo‘ygan
Foto: EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya va Suriyada zilzila qurbonlari soni 29 mingdan oshgan. Omon qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda, ammo Turkiyada ishlayotgan nemis va avstriyalik qutqaruvchilar falokat hududlaridagi talonchilik va otishma tufayli ishni to‘xtatishga majbur bo‘lishgan.

Turkiyada zilzila qurbonlari soni 24 617 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Xo‘ja jurnalistlarga ma’lum qildi.

Qo‘shni Suriyada esa, Al Jazeera ma’lumotiga ko‘ra, hozircha 4500 dan ortiq kishining jasadi topilgan. Al Hadath telekanali esa bu raqam 5200 dan ortiqligini xabar qilgan.

Shu tariqa, ikki mamlakatda qurbonlarning jami soni - kamida 29 100 nafardan oshgan.

Axborot agentliklari xabar berishicha, shanba kuni, zilziladan keyin besh kun o‘tib G‘oziantep viloyatida xarobalar ostidan besh kishidan iborat oila chiqarib olingan: ota-ona, ikki qiz va bir o‘g‘il. Oila mo‘jiza tufayli epimarkazdan uzoq bo‘lmagan joyda qulab tushgan uy ostida omon qolgan.

AP agentligi ham shanba kuni yetti yoshli qiz qutqarilgani haqida xabar berdi, u Hatay viloyatida zilziladan keyin 132 soat davomida xarobalar ostida qolgan.

Xavf ostidagi qutqaruvchilar

Ayrim joylarda qutqaruvchilarning o‘zi ham xavf ostida qolishgan. Nemislarning ikki tashkiloti – Germaniya xalqaro qidiruv-qutqaruv xizmati (ISAR) hamda Germaniya texnik yordam federal agentligi (THW) - boshqa ayrim guruhlar ortidan Turkiya janubidagi qutqaruv amaliyotlarini to‘xtatishgan.

«Turli guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar haqida yangidan yangi xabarlar kelib tushmoqda, o‘q ovozlari ham eshitilgan», - deya izoh bergan ISAR vakili Shtefan Hayne.

Tashkilotning operatsiyalar bo‘yicha menejeri Stiven Bayer Reuters agentligiga bergan intervyusida shunday degan: «Ko‘rinib turibdiki, qayg‘u o‘z o‘rnini asta-sekinlik bilan g‘azabga bo‘shatib bermoqda. Shu tufayli biz hozircha THW bilan qo‘shma lagerimizda qolamiz».

ISAR va THW bayonotida aytilishicha, bu guruhlar turklarning Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) xavf ariganini bildirganidan keyingina o‘z ishlarini davom ettiradi.

Bayer shuningdek, xarobalar ostida hali omon qolganlar borligini ko‘rsatuvchi qandaydir belgi paydo bo‘lishi bilan har ikki guruh ham zudlik bilan yordamga oshiqishini qo‘shimcha qilgan.

Prezident Erdo‘g‘an hukumat talonchilik va boshqa jinoyatlarga aloqador bo‘lganlarga choralar ko‘rishini ma’lum qildi. Foto: Getty Images
Avvalroq Avstriya harbiylari ham Turkiyadagi qutqaruv amaliyotini to‘xtatgani xabar qilingandi. Ularning vakili ayrim jinoiy guruhlarning to‘qnashuvlari va ular o‘rtasidagi otishmalar qutqaruvchilar o‘z ishini davom ettirishi uchun katta xavf tug‘dirayotganini ma’lum qilgandi.

Turkiya hukumati to‘qnashuvlar va otishmalar haqida xabar bermagan, ammo prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an shanba kuni falokatdan jabrlangan hududlarda talonchilik holatlari uchrayotganini tan olgan va hukumat tegishli choralar ko‘rishiga ishontirgan.

Suriyaga yordam yetishmayapti

Suriyadagi vaziyat haddan tashqari og‘irligicha qolmoqda.

BMT Suriyaga yordam yetkazish tezlashtirilishi uchun Turkiya bilan chegarada qo‘shimcha nazorat-o‘tkazish punktlari ochilishiga umid qilmoqda
BBC muxbiri Liz Dyusetning Suriyada tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rgan va yordam yetkazish murakkab bo‘lgan hudud – isyonchilar nazoratidagi Idlib viloyatidagi vaziyat to‘g‘risidagi savoliga javoban BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda yordam koordinatori Martin Griffits tashkilot Turkiya chegarasida «qo‘shimcha nazorat-o‘tkazish punktlari ochish imkoniyatlarini juda faol va qat’iy ravishda ko‘rib chiqayotgani»ni ma’lum qilgan.

«Biz Xavfsizlik Kengashiga rezolyutsiya kiritmoqchimiz, agar kimdir veto qo‘ymoqchi bo‘lsa, qo‘yaqolsin», – degan u. Rossiya va Xitoy avval, zilziladan oldinroq, Turkiya va Idlib o‘rtasida yangi nazorat-o‘tkazish punktlari ochish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bloklashgandi, chunki ularning ittifoqchisi, Suriya hukmdori Bashar Asad bu Suriya suvereniteti buzilishi bo‘lishini aytgandi.

Shu bilan birga, Griffits Damashqning o‘z hududidan Idlibga insonparvarlik yordami o‘tkazishi to‘g‘risidagi bayonotini «juda va juda konstruktiv» deb atagan.

«Uni saqlab qolish mumkin edi»
Kventin Sommervil, BBC'ning Suriyadagi muxbiri

Abu Ali qizining jasadini xarobar orasidan quruq qo‘l bilan chiqarib olgan
Xarim shahri tashqarisida zaytunzorlar orasida Bsaniya qishlog‘i bo‘lgan. Bu yerdagi uylar yaqinda qurilgandi, ammo ular zilzilaga bardosh berolmadi. Endi bu yerda hech narsa qolmagan.

Bu yerdagi odamlar yordam kutishdi, ammo yordam juda kech keldi va yetarli darajada bo‘lmadi. Ular uylar vayronalari ostidan halok bo‘lganlar va yaralanganlarni qo‘lda qazib olishiga to‘g‘ri kelgan. Men bu yerda Abu Alini uchratdim.

«Bizga hech kim yordam bermadi, menda hatto palatka yo‘q. Senda palatka bormi?» – deya so‘raydi u mendan.

Uning qizi zilziladan keyingi kun davomida tirik bo‘lgan. Ammo ular uning oldiga vaqtida yetib bora olishmagan. U qizining jasadini quruq qo‘l bilan qazib olgan, unga faqat qo‘shnilari yordam bergan. Qizni qutqarish mumkin edi - agar ularda zarur texnik vositalar bo‘lganida.

Omon qolganlarni qidirish yana qancha davom etadi?

Turkiyaning Qaharamonmarash viloyatiga kelgan BMT vakili Martin Griffits jurnalistlarga tabiiy ofat ko‘lami va unga nisbatan ko‘rilgan choralar – bemisl ekanini aytdi.

«Bu yerda dushanba kuni sodir bo‘lgan hodisa... bu mintaqada so‘nggi yuz yillikdagi eng dahshatli voqea bo‘ldi», – degan u.

«Bu juda murakkab savol, ammo hozirda eng muhimi qutqaruv amaliyotlarini qachon to‘xtatish kerakligini hal qilish», – deya qo‘shimcha qilgan u afsus bilan bosh chayqab.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiya va Suriyadagi zilzila: qurbonlar soni 29 mingdan oshgan; qutqaruvchilar ishini otishma to‘xtatib qo‘ygan