11:00 / 05.07.2023
404

G‘arb firmalari Rossiyada milliardlab soliq to‘layapti

G‘arb firmalari Rossiyada milliardlab soliq to‘layapti

Foto: Krisztian Bocsi/Bloomberg
Ukrainada urush boshlanganidan buyon 16 oy o‘tgach, mingdan ortiq xorijiy kompaniyalar Rossiya bozorida ishlashda davom etmoqda, deb ma’lum qildi KSE.

Ukrainadagi urushga qaramay, 2022 yilda 1146 ta xorijiy kompaniya Rossiya bozorida faoliyatini davom ettirdi. O‘sha yili ushbu korxonalarning Rossiya bozoridagi umumiy aylanmasi 213,9 milliard dollarni, foyda esa 14,1 milliard dollarni tashkil etdi. Ushbu summadan Rossiya davlat budjetiga 3,5 milliard dollar soliq to‘langan. Bunday ma’lumotlarni 4 iyul, seshanba kuni Kiyev iqtisodiyot maktabi (KSE) va B4Ukraine nohukumat tashkiloti tadqiqotiga tayanib, FAZ gazetasi keltirdi.

Nashrning qayd etishicha, urushgacha Rossiyada 1387 ta xorijiy kompaniya ishlagan. Shu tariqa, qo‘shni davlatdagi harbiy harakatlar fonida «faqat» 241 g‘arb firmasi mamlakat bozorini tark etdi. Mualliflarning ta’kidlashicha, Rossiyada qolgan korxonalarning biznesi sanksiyalarni buzmaydi, ammo urush ularning soliqlari hisobiga moliyalashtirilishi hisobga olinsa, bu faoliyatning «boshqa tomoni ham bor».

Rossiyada biznes qilishni to‘xtatmagan g‘arb kompaniyalari va konsernlari orasida Philip Morris, Japan Tobacco, Pepsi, Danone, Metro, Mars, Procter & Gamble bor. Shu bilan birga, «e’tiborni Xitoy korxonalari g‘arb raqobatchilari bozorni tark etganidan keyin shakllangan bo‘shliqlarni qanchalik tez egallaganiga qaratish kerak», deb yozadi jurnalistlar. Misol sifatida ular Xitoyning to‘rtta avtomobil ishlab chiqaruvchisini keltirmoqda.

Nemis kompaniyalari bo‘yicha, faqat Metro AG Rossiyada aylanmasi eng yuqori va shunga mos ravishda eng katta soliq to‘lovlariga ega bo‘lgan kompaniyalar qatoriga kiradi. Shu bilan birga, 2022 yilda Germaniya kompaniyalari Rossiya budjetiga xorijiy kompaniyalardan soliq tushumlari bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘arb firmalari Rossiyada milliardlab soliq to‘layapti
ePN