Foto: Picture Alliance
Birinchi sharqiy okrug harbiy sudi Irkutskda 19 yanvar, juma kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Rossiyada safarbarlik boshlanganidan keyin harbiy komissarga qarata o‘q uzgan Ruslan Zininni 19 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda urushga qarshi harakatlari uchun ta’qibga uchraganlarni qo‘llab-quvvatlovchi «Zona solidarnosti» loyihasi xabar berdi.
26 yoshli Zinin terrorchilik harakati, qurol-yarog‘ni noqonuniy saqlash va qurolni o‘zgartirishda aybdor deb topildi. Sud qaroriga ko‘ra, u jazo muddatining dastlabki yetti yilini qamoqxonada, qolgan yillarini esa qattiq tartibli koloniyada o‘tkazishi kerak. Prokuratura Zininga 20 yil qamoq jazosini so‘ragan.
Harbiy komissarlikda safarbarlik boshlangandan keyingi otishma
Ruslan Zinin - Irkutsk viloyati Ust-Ilimsk shahridan yog‘och tashuvchi yuk mashinasi haydovchisi. Rossiya Federatsiyasida «qisman safarbarlik» e’lon qilinganidan besh kun o‘tgach, 2022 yil 26 sentyabrda Zinin Ust-Ilimsk harbiy komissarligida o‘t ochdi va harbiy komissar Aleksandr Yeliseyevni og‘ir yaraladi. Voqeadan bir yarim oy o‘tib harbiy komissar kasalxonadan chiqarildi.
Zininning so‘zlariga ko‘ra, u chaqiruv qog‘ozini olgan ukasining safarbar etilishiga to‘sqinlik qilishga uringan. Bundan biroz oldin Zininning maktabdosh do‘sti Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan. Zininning ukasi safarbar qilinmadi. Dastlab Tergov qo‘mitasi Zininga qarshi harbiy xizmatchi hayotiga tajovuz qilish va noqonuniy qurol olib yurish moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Zinin sudda hibsga olinganidan keyingi qiynoqlar haqida gapirdi
Hukm chiqarilishidan ikki kun oldin «Zona solidarnosti» Zininning sudda bergan ko‘rsatmasini e’lon qildi. Erkak hibsga olinganidan so‘ng darhol boshiga tushgan qiynoqlar haqida gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hibsga olinganidan keyin ikki kun davomida kishanlangan holda kamerada saqlangan.
«Men kishanlarda tabiiy ehtiyojlarni bajarishga, ovqatlanishga, uxlashga majbur bo‘ldim», dedi Zinin. Bundan tashqari, uning xabar berishicha, tergovchi birinchi so‘roq bayonnomasiga «haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan» ma’lumotlarni kiritgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring