09:36 / 28.11.2024
4

Tramp o‘zining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakilini tanladi

Tramp o‘zining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakilini tanladi
Kit Kellog Foto: Rod Lamkey / Keystone Press Agency / Global Look Press
AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha o‘zining maxsus vakili lavozimiga nomzodni ma’lum qildi. Bu iste’fodagi general-leytenant Kit Kellog, dedi Tramp 27 noyabr, chorshanba kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

«Kit Kellogni prezident yordamchisi hamda Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus elchi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatganimdan juda mamnunman. Kit harbiy soha va biznesda o‘zining yuksak martabasini egallagan, jumladan, mening birinchi ma’muriyatimda milliy xavfsizlik bo‘yicha o‘ta nozik lavozimlarda ishlagan. U boshidan men bilan birga edi», — deb yozgan Donald Tramp.

80 yoshli Kellog nomzodi hali AQSH Senati tomonidan tasdiqlanishi kerak, biroq respublikachilar Kongressning yuqori palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritishi bilan Trampning yo‘lida hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerak.

Ilgari AQSH prezidentining Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga (hozircha mavjud bo‘lmagan lavozim) da’vogarlar orasida Milliy razvedkaning sobiq rahbari, Germaniyadagi sobiq elchi Richard Grenell, AQSHning Eron bo‘yicha sobiq maxsus vakili Brayan Huk hamda Rossiyada tug‘ilgan va u yerda 11 yil yashagan Tramp advokati Boris Epshteyn bor edi.

Kit Kellog Trampning prezidentlikka birinchi saylanganidan keyin ham AQSHning o‘tish davri ma’muriyatida ishlagan. O‘shanda u mudofaa siyosati masalalari bilan shug‘ullangan, keyinroq, 2017 yilning yanvaridan 2018 yilning apreligacha AQSH Milliy xavfsizlik kengashining ijrochi kotibi, keyin esa vitse-prezident Mayk Pensning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Kellog avvalroq Trampga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tezda tugatish bo‘yicha taklif qilingan reja hammualliflaridan biridir. Tashabbus Vashington Moskva bilan tinchlik muzokaralari boshlanmasa, Kiyevga harbiy yordam berishdan bosh tortishini nazarda tutadi, deb taxmin qilinadi.

Tramp Kiyevga 20 yil davomida NATOga a’zo bo‘lmaslik shartini qo‘yishi mumkin

AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan respublikachi Donald Trampning ofisi Ukrainadagi ehtimoliy harakatlar haqida gapirdi. Shunday qilib, rejalardan biri shundaki, Kiyev kamida 20 yil davomida NATOga qo‘shilmaslikka va’da beradi va buning evaziga Vashington Rossiya Federatsiyasining keyingi hujumlari oldini olish uchun Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etadi. Bu haqda 6 noyabr kuni Trampga yaqin bo‘lgan uch manbaga tayanib, The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi.

Nashrning ta’kidlashicha, barcha takliflar urushni «muzlatish»ni nazarda tutadi – shu tariqa Rossiya Ukraina hududining taxminan 20 foizini egallab olishini ta’minlashi mumkin.

Avvalroq AQSH sobiq prezidentining maslahatchilari Kit Kellog va Fred Fleyts Kiyev Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lmaguncha, Ukrainani Amerika ko‘magi va qurol-yarog‘ yetkazib berishidan mahrum qilishni taklif etgan edi. Ukraina yo‘qotilgan hududlarni qaytarishga urinishi mumkin, ammo bu diplomatik yo‘l bilan amalga oshirilishi kerak, deb ta’kidladi WSJ.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp o‘zining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakilini tanladi