10 yoshli qiz kitni qutqarish uchun suvga tushdi

Avstraliyaning Kvinslend shtatida 10 yoshli Skarlett sayoz suvda qolib ketgan ulkan bukri kitga suv sepib, uning tanasi qurib qolishining oldini olishga harakat qildi. U onasi Shantell Smit bilan K'gari oroli yaqinidagi Vatumba-Krik hududida kitni ko‘rib qolgan. Suv sathi ko‘tarilgach, kit o‘zini ozod qilib, ochiq dengiz tomon suzib ketdi. Mutaxassislar yakshanba kuni soat 09:00 dan ko‘p o‘tmay hodisa haqida xabar olgan.
Avstraliyaning Kvinslend shtatida 10 yoshli Skarlett dengizda noodatiy va ta’sirli voqeaning guvohi bo‘ldi. U onasi Shantell Smit bilan gidrotsiklda harakatlanayotgan paytda sayoz suvda qolib ketgan ulkan kitni ko‘rib qoldi. Qizaloq vaqtni boy bermay, uning omon qolishiga yordam berishga harakat qildi.
Hodisa avval Freyzer oroli deb atalgan, hozir esa K'gari nomi bilan mashhur bo‘lgan hudud yaqinida sodir bo‘ldi. Ulkan bukri kit sayoz va musaffo suvda harakatlana olmay qolgan edi.
Skarlett kitga yaqinlashib, uning ustiga suv sepa boshladi. U shu tariqa dengiz hayvonining tanasi qurib qolishining oldini olishga harakat qildi. Videolarda qizaloq kitdan bir necha qadam narida turib, unga qayta-qayta suv sepayotgani aks etgan.
Skarlettning onasi Shantell Smitning aytishicha, kit ularga go‘yo «gapirayotgandek» ovoz chiqargan. Eng quvonarlisi, voqea yaxshi yakunlangan — suv sathi ko‘tarilishi bilan kit o‘zini ozod qilib, yana ochiq dengiz tomon suzib ketgan.
Smit bu hududga qariyb 20 yildan beri gidrotsiklda kitlarni tomosha qilish uchun kelib turadi. U mazkur voqeani juda ta’sirli tajriba deb atadi. Ayniqsa, kitning omon qolgani unga katta tasalli bergan.
«Rostini aytsam, kitning eson-omon chiqib ketganini bilgunimcha, bu voqea butun go‘zal kunimni buzdi. U dengizga qayta oladimi, deb juda xavotirlandim», — dedi u.
Ona va qizi kitni yolg‘iz holda topgan. Ular uning yoniga qayiqni to‘xtatib, yordam kelguncha imkon qadar tanasini namlab turishgan. Biroq tegishli xizmatlar yetib kelguncha ular hududni tark etishga majbur bo‘lgan. Keyin boshqa bir juftlik kit yonida qolib, suv ko‘tarilishini kutib turgan.

Shundan so‘ng suv sathi ko‘tarilib, kit o‘zini ozod qilgan. Guvohlarning aytishicha, uning og‘zi keng ochilgan va og‘iz ichidagi balin plastinkalari ham yaqqol ko‘ringan.
Kvinslend atrof-muhit, turizm, fan va innovatsiyalar departamenti vakili ma’lum qilishicha, yovvoyi tabiatni muhofaza qilish xodimlariga yakshanba kuni soat 09:00 dan ko‘p o‘tmay sayoz suvda qolgan kit haqida xabar berilgan. Mutaxassislar Vatumba-Krik hududiga yetib borganidan ko‘p o‘tmay, kit o‘zini ozod qilib, dengizga qaytib ketgan.
K'gari orolining g‘arbiy qismida joylashgan Vatumba-Krik sayyohlar orasida mashhur hududlardan biri hisoblanadi. Suv ko‘tarilgan paytda bu yer ulkan sho‘r suvli ko‘lga aylanib, turli dengiz jonivorlari bilan to‘ladi.
Shu tariqa, kichik Skarlettning tezkor harakati va onasining yordami tufayli sayoz suvda qiynalib qolgan ulkan kitning omon qolishiga hissa qo‘shildi. Voqeaning eng quvonarli jihati esa — dengiz hayvonining yana erkinlikka qaytganidir.






























Izohlar 0
…