«Anna Kiyevskaya» nomidagi 155-Alohida mexanizatsiyalashgan brigada Ukraina qurolli kuchlaridagi namunali brigadaga aylanishi koʻzda tutilgandi. Uni tayyorlash va qurollantirish bilan toʻligʻicha Fransiya hukumati shugʻullangan. Ammo ushbu boʻlinma mashgʻulotlarni yakunlab Ukrainaga qaytganida u amalda yaroqsiz holatda ekani haqida gaplar urchidi.
155-brigadadagi tang holat haqida dastlab dekabr oyida harbiy bloger va «Tsenzor.Net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusov xabar bergandi. U qoʻmondonlik, qurollanish, jangchilarni tayyorlash hamda brigada harbiy xizmatchilarining yoppasiga dezertirligi bilan bogʻliq muammolar haqida aytib bergan, askarlarning bir qismi Fransiyadagi mashgʻulotlar chogʻidayoq qochib ketgan.
Foto: 155-alohida mexanizatsiyalashgan brigada
Oliy rada deputati Maryana Bezuglaya «Anna Kiyevskaya»ni hisobot uchungina tuzilgan, keyin esa yaroqli boʻlinmalari va texnikalari boshqa qismlarga oʻtkazilgan «zombi brigada» deb atadi.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Oleksandr Sirskiy 5 yanvar kuni 155-mexanizatsiyalashgan brigada boʻyicha «hal etilishi lozim boʻlgan muammoli masalalarga alohida e'tibor qaratgani»ni aytdi. Bu hozircha mazkur mojaro yuzasidan hukumatning hozircha yagona rasmiy reaktsiyasi boʻldi.
15 noyabr kuni Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu «Anna Kiyevskaya» brigadasi bayrogʻida oʻz imzosini qoldirdi
Butusovning soʻzlariga koʻra, prezident Volodimir Zelenskiy yanvar boshida Oliy bosh qoʻmondon shtabi yigʻilishida ushbu boʻlinma bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha yigʻilish oʻtkazgan hamda ishni shaxsan oʻz nazoratiga olgan.
BBC Ukraina xizmatining prezident ofisidagi manbasi esa bu ma'lumotni rad etgan. Uning soʻzlariga koʻra, shtab yigʻilishida bu masala koʻrib chiqilmagan.
«Vaziyat bilan esa bir necha hafta oldinroq, Davlat tergov byurosi darajasida ham, harbiy qoʻmondonlik darajasida ham shugʻullana boshlashgan», — deya qoʻshimcha qilgan manba.
Chindan ham, Davlat tergov byurosi 2 yanvardayoq 155-brigada roʻy bergan hodisalar yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatilganini ma'lum qilgandi. Ish Ukraina jinoyat kodeksining «harbiy vakolatlardan chetga chiqish» (426-modda, 1-qism) va «dezertirlik» (408-modda) boʻyicha ochilgan.
Byurodagilar BBC muxbiri bilan suhbatda tergovga xalaqit bermaslik uchun tekshiruv tafsilotlari ochiqlanmasligini bildirgan.
Bu qanday brigada va alohidaligi nimada?
«Anna Kiyevskaya» alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi namunali brigadaga aylanishi va toʻligʻicha Ukrainaning gʻarblik hamkorlari tomonidan tayyorlangan va qurollantirilgan birinchi brigada boʻlishi kerak edi.
Fransiya rasmiylari ushbu harbiy tuzilma ustidan rasman «homiylik»ni oʻz zimmasiga olgan, prezident Emmanuel Makron hatto ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «Anna Kiyevskaya» jangchilarining mashgʻulotlaridan video va fotolar joylagandi.
Bu tuzilma 2024 yil martida shakllantirila boshlagan. Uning tarkibiga shartnoma asosidagi koʻngillilar emas, asosan safarbar qilingan fuqarolar jalb etilgan. Alohida mexanizatsiyalashgan brigadaga rahbar etib jangovar tajribaga ega polkovnik Dmitro Ryumshin tayinlangan.
Kuzda «Anna Kiyevskaya» jangchilari tayyorgarlik koʻrish va frantsuz harbiy texnikalari, xususan minomyotlar va Caesar oʻziyurar artilleriya qurilmalari bilan tanishish maqsadida Fransiyaga yoʻl olgandi.
Frantsuz harbiylari Ukrainaning 155-brigadasi jangchilarini 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida oʻqitdi
Ukrainlarni tayyorgarlikdan oʻtkazish binolarni tozalash taktikalari, koʻcha janglari hamda noqulay ob-havo sharoitida boʻlinmalarning harakatlarini muvofiqlashtirishni oʻz ichiga olardi.
Oʻquv mashgʻulotlari ikki oy davom etdi va 2024 yil kuzi oxirida 155-brigada Ukrainaga qaytib keldi. Uning batalyonlari darhol frontning eng qaynoq uchastkasiga — Pokrovsk ostonasiga tashlandi.
Quruqlik qoʻshinlari qoʻmondonligi «Anna Kiyevskaya»ni Fransiyada NATO standartlari boʻyicha tahsil olgan hamda gʻarb texnikalari bilan jihozlangan «zamonaviy tuzilma» deb ta'riflagan.
Keyin esa ukrain jangchilarining barchasi ham Fransiyadan Ukrainaga qaytib kelmagani oshkor boʻldi.
«Ommaviy dezertirlik»
Butusovning soʻzlariga koʻra, brigada sentyabr oxirida Fransiyaga yoʻl olishidan oldinroq, undan 935 kishi qochib ketgan. 2 ming jangchi xorijga chiqqan, shundan yana 50 nafar harbiy dezertirlik qilgan. U bu ma'lumot manbasini keltirmagan.
Jurnalist brigadaning xizmat joyini ruxsatsiz tark etish sababli yoʻqotishlarini taxminan 1700 kishiga baholagan, ya'ni 5,8 ming atrofidagi shaxsiy tarkibning 30 foizga yaqini dezertirlik qilgan.
«Anna Kiyevskaya»ni Fransiyadagi mashgʻulotlar chogʻida tark etgan dezertirlardan biri anonimlik sharti bilan «Ozodlik radiosi»ga bu vaziyat tafsilotlarini ochiqlagan.
Oʻzining aytishicha, u 20 yil muqaddam harbiy kafedrani tamomlagani uchun ofitserlik unvonini olgan, ammo jangovar tajribaga ega boʻlmagan. 155-brigadada uni muhandislik ta'minoti vzvodiga komandir etib tayinlashgan, holbuki u oʻzida tegishli bilim va koʻnikmalar yoʻqligini aytgan.
Uni qoʻmondonlik tarkibi vakili sifatida Fransiyada tayyorgarlikdan oʻtish uchun yuborishgan. Ammo uning fikricha, tayyorgarlik darajasi kerakli darajada boʻlmagan. Va ukrain jangchilari Fransiyada muntazam qoʻriqlov va nazorat ostida boʻlganiga qaramay, ulardan ayrimlari baribir yashirinishga muvaffaq boʻlgan.
«Biz yashagan hudud toʻliq oʻrab olingandi. Hammayoqda it etaklagan frantsuzlar yurardi. Tunda hudud ustida dronlar uchirilardi. Devor tikanli sim bilan oʻralgandi. Ammo qandaydir tarzda u erdan ham qochishning uddasidan chiqishdi. Toʻgʻrisini aytsam, agar bizni qamoqxonadagidek qoʻriqlashmasa, yarmimiz qochib ketgan boʻlardik», — degan harbiy.
155-brigadaning Fransiyadagi mashgʻulotlar vaqtida binoni shturm qilish mashqi
Hozirda Davlat tergov byurosi ommaviy dezertirlik sabablarini oʻrganmoqda, ammo «Anna Kiyevskaya» bilan bogʻliq vaziyatni unikal deyish mumkinmi?
BBC Ukraina bosh prokuraturasi saytida e'lon qilingan ma'lumotlarga asoslanib aniqlashicha, 2024 yil kuzi oxirigacha mamlakatda oʻz xizmat joyini oʻzboshimchalik bilan tark etish va dezertirlik faktlari boʻyicha 95 mingdan ortiq jinoiy ishlar ochilgan.
Nashrning Bosh shtabdagi manbasi haqiqiy raqamlar yanada yuqori ekani — 100-150 ming holat qayd etilganini aytgan. Garchi bu ma'lumot rasman tasdiqlanmagan boʻlsa-da, amalda bu mudofaa kuchlarining butun tarkibining oʻndan birini tashkil etadi.
Bunday holatlar soni 2024 yilda oshgani majburiy safarbar qilingan harbiy xizmatchilar (ularni koʻchada yoki boshqa jamoat joylarida ushlab, harbiy komissariatlarga olib ketishmoqda) soni sezilarli darajada oshgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Odatda bunday toifada motivatsiya boʻyicha katta muammolar boʻladi.
Yana bir sabab — keng koʻlamli urushning ilk oylaridan buyon, uzoq vaqt davomida ta'til olmasdan frontda jang qilgan harbiylar ruhan va jismonan charchaganidir.
Hududiy mudofaa qoʻshinlaridagi brigada komandirlaridan biri bu masalaga izoh berarkan, uning boʻlinmasidagi jangchilarning 20 foizga yaqini dezertirlik qilganini aytadi.
«Boshqa boʻlinmalarda ham taxminan shunday raqamlar. Shifoxonadagi oʻrtacha harorat shunday», — deya qoʻshimcha qilgan u.
Ya'ni «Anna Kiyevskaya»ning koʻrsatkichlari Ukraina qurolli kuchlaridagi oʻrtacha statistikadan u qadar katta farq qilmaydi.
Bundan tashqari, ukrain harbiylari xorijdagi mashgʻulotlar vaqtida dezertirlik qilishi 155-brigada uchun kamyob holat emas. Shunga oʻxshash holatlar oldinroq Germaniya va Britaniyadagi mashgʻulotlar chogʻida ham kuzatilgan.
Qoʻmondonlik va texnika bilan bogʻliq muammolar
«Anna Kiyevskaya» dezertirlikdan tashqari qoʻmondonlik va boshqaruvdagi chalkashlik kabi muammolarga ham duch kelgan.
Ukrainaga qaytib kelingach, dekabr oyi boshlarida brigada komandiri Dmitro Ryumshin lavozimidan olingan.
«Men brigadani tark etyapman, ammo ushbu jasur jamoaning bir qismi boʻlganimdan doimo faxrlanaman», — deyilgan uning 11 dekabr kuni e'lon qilingan bayonotida.
Ryumshinning oʻrniga 155-brigada boshqaruviga polkovnik Taras Maksimov tayinlanadi. Ushbu ofitser knyaz Roman Velikiy nomidagi 14-alohida mexanizatsiyalashgan brigadani (doimiy joylashuv manzili Volinsk oblasti Volodimir shahrida) boshqarganida tanilgandi.
Maksimov II darajali Bogdan Xmelniskiy ordeni va qirol Daniil Galiskiy ordeni bilan taqdirlangan.
Dekabr oyi boshida «Anna Kiyevskaya» brigadasi komandiri Dmitro Ryumshin (chapda) lavozimidan olingandi. Uning oʻrniga polkovnik Taras Maksimov (oʻngda) tayinlangan. Bu aynan brigadadagi dezertirlik mojarosi bilan bogʻliq
Yuriy Butusov keltirgan ma'lumotlarga koʻra, 155-brigada tuzilganidan buyon uning shtati etti bor oʻzgargan. Shu bilan birga, rahbarlik lavozimidagi ofitserlar koʻp holatlarda etarli tajriba va koʻnikmalarga ega boʻlmagan.
«Tsenzor.Net» bosh muharriri brigadadagi batalyonlardan birining «Nik» chaqiruv belgisiga ega komandiridan intervyu olgan, u boʻlinmasidagi deyarli barcha jangchilar safarbar qilinganlardan iborat ekani va raqib pozitsiyalarini shturm qilish buyruqlarini bajarish uchun kerakli jangovar tajribaga ega boʻlmaganini aytgan. Rotalar komandirlarida ham shu kabi muammolar boʻlgan.
«Brigada komandiri rota komandirlari buni qila olmasa, demak batalyon komandiri qilishi kerakligini aytdi. Men buni buyruq sifatida qabul qildim», — degan ofitser.
Resurslar cheklangani tufayli batalyon komandiri jangovar topshiriqni bajarish uchun shturmoviklarni emas, texnik ta'minot rotasi harbiylarini olib ketishiga toʻgʻri kelgan. Ular raqibni yakson etib, pozitsiyani egallagan, ammo qoʻllov yoʻqligi tufayli u erda mustahkam oʻrnashib qololmagan.
Shu bilan birga, batalyon komandiri «Anna Kiyevskaya» brigadasi hozirda amalda shakllanish jarayonida ekani, jangchilar endigina jangovar tayyorgarlik va muvofiqlashtirish bosqichini oʻtayotganini aytgan.
«Agar brigadaning kuch va vositalari toʻliq, shaxsiy tarkib ham nisbatan yaxshi tayyorlangan va muvofiqlashtirilgan boʻlsa, jang qilish ham osonroq boʻlardi», — deya qayd etgan «Nik».
155-brigada batalyonlaridan birining komandiri «Nik» aytishicha, brigada jang maydonida ham amalda shakllanish jarayonini davom ettirmoqda. Foto: Butusov plyus
Butusovning ma'lum qilishicha, 155-brigada toʻligʻicha frantsuz hamkorlar tomonidan jihozlangan, ammo Ukrainaga qaytilganidan keyin uning artilleriyasining bir qismi, birinchi navbatda Caesar oʻziyurar artilleriya qurilmalari divizioni boshqa jangovar brigadalarga oʻtkazilgan.
Butusov «Anna Kiyevskaya»da radioelektron kurash vositalari hamda dronlar bilan bogʻliq muammolar ham borligini yozadi. Ushbu harbiy tuzilmaga faqat 150 ta dron berilgan — bu oldingi chiziqdagi «eng koʻp sarflanadigan» qurol uchun juda kam miqdor sanaladi.
Kombat «Nik» dronlar bilan bogʻliq muammo boʻlganini tan oladi, ammo bu masala koʻngillilar yordamida hal etilmoqda. Shuningdek, dron operatorlarini oʻqitish uchun qoʻshimcha mashgʻulotlar oʻtilmoqda, chunki Fransiyada bu sohada olingan bilimlar Ukrainadagi jang maydoni uchun etarli boʻlib chiqmagan.
«Bizda (dronlar bilan bogʻliq) holat boshqa brigadalar bilan solishtirganda u qadar achinarli emas. Ammo hozirda ularning soni oshirilmoqda», — degan ofitser.
Kim aybdor?
Yuriy Butusov aytishicha, «Anna Kiyevskaya»ni tayyorlash va uning boʻlinmalarini frontga yuborishga «Gʻarb» operativ qoʻmondonligi mas'ul boʻlgan. Brigada qoʻmondoni Ryumshin esa jangchilarning ishtiyoqsizligi va boʻlinmalarni boshqarishdagi muvaffaqiyatsizlik uchun lavozimidan ayrilgan.
Ammo «Gʻarb» qoʻmondonligidagilar BBC uchun bergan izohida «Anna Kiyevskaya» brigadasi uchun javobgar boʻlmaganini bildirishgan. Shu bilan birga, ushbu tuzilmani tayyorlashga aynan kim javob berganiga aniqlik kiritilmagan. Hozirda brigada «Hortitsa» operativ-strategik guruhi tarkibidagi «Donesk» operativ-taktik guruhi boʻysunuvida.
«Ular (155-brigada jangchilari) amalda bizning boʻysunuvimizda emasdi. Ular «bizniki» edi, ammo barcha tayyorgarlik va boshqa ishlar Bosh shtabning boshqa tarkibiy boʻlinmalari va boshqarmalari tomonidan amalga oshirilgan», — degan «Gʻarb» operativ qoʻmondonligi vakili, polkovnik Oleg Dombrovskiy.
«Koʻryapsizmi, bu brigadada yuzaga kelgan muammolar va vaziyat, aslida front chizigʻidagi vazifalarni bajarayotgan deyarli barcha harbiy tuzilmalarimizga xos, — deydi ofitser. — Ammo bu shu tarzda yuzaga chiqqani — bu boʻyicha nimadir qilish kerakligi haqidagi ogohlik qoʻngʻirogʻi».
Dombrovskiy 155-brigada muammolarini etarlicha «tipik» deb atagan va buning sababi «global masalalar»da emas, balki koʻproq shaxsiy tarkibda, degan fikr bildirgan.
«Bormi, bor, qabilida boʻlgan. Ammo bunday xulosalar chiqarish lozim», — deydi u.
Eskilari oʻrniga yangi brigadalar
Harbiy tahlilchi Mixaylo Jiroxov «Anna Kiyevskaya» brigadasining muammolari butun Ukraina qurolli kuchlari uchun xosligi haqidagi fikrlarga qoʻshiladi. Bu safarbar qilingan piyoda qoʻshinlar etarli darajada tayyorgarlikka va ishtiyoqqa ega boʻlmagani, qoʻmondonlik tarkibi tez-tez oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolar hamda texnika va oʻq-dorilar etkazib berilishidagi uzilishlarni anglatadi.
Tahlilchilar, deputatlar va harbiylar echim sifatida yangi brigadalar shakllantirish amaliyotidan voz kechib, mavjudlarini kuchaytirishni taklif qiladi. Bu qurolli kuchlar tarkibida faqat qogʻozda jangovar koʻrinib, front chizigʻiga borganida muammolarga duch keladigan «zombi boʻlinmalar» paydo boʻlishiga barham berishi kerak.
Hozirda bosh shtab koʻp hollarda mavjud jangovar brigadalarni faqat biriktirilgan boʻlinmalar bilan mustahkamlamoqda, bular odatda vaqtinchaga qoʻshib beriladigan batalyonlar boʻladi.
Aslida bunday yangi brigadalar paydo boʻlishi gʻarb qurollari bilan bogʻliq, deydi Jiroxov. Operativ vaziyat Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga jangovar brigadani qayta qurollantirish uchun front chizigʻidan olib chiqishga imkon bermaydi. Buning uchun yangisini tuzish osonroq.
«Masalan, 155-brigada toʻligʻicha frantsuz qurollari bilan jihozlangan. Hozirda frontda turgan «eski» brigadani qayta jihozlash uchun uni qayta tiklash maqsadida olib chiqish talab etiladi», — deya izohlaydi tahlilchi.
«Anna Kiyevskaya»ning muammolari chindan ham deyarli barcha yangi tuzilgan brigadalar uchun xos, deydi harbiylar va ekspertlar
Brigadani qaytadan tiklashga kamida ikki oy ketadi, bu vaqtda yangi qurollarni oʻzlashtirish va ular bilan mashgʻulotlar oʻtkazish kerak boʻladi. Intensiv harbiy harakatlar sharoitida esa bu deyarli imkonsiz.
Chiqish yoʻli butun brigadalarni emas, alohida batalyonlarni bosqichma-bosqich rotatsiya qilish boʻlishi mumkin. Muammolarning yana bir echimi — yangi brigadalarni noldan emas, balki tajribali jangovar ofitserlar asosida tashkil etish.
«Ya'ni urush koʻrgan bir batalyon boʻlsa, uning atrofida yangi brigada shakllantirsa boʻlsadi», — deydi Jiroxov.
Shu bilan birga, «eski» brigadalar koʻpincha eng yaxshi ofitserlarini boshqa «yangi» brigadaga yuborishni istamaydi, deya qoʻshimcha qiladi u. Tahlilchining fikricha, Ukraina qurolli kuchlarini asosini polk darajasida kengaytirilgan batalyonlar tashkil etuvchi diviziya tizimiga oʻtishi orqali vaziyatni qisman tuzatish mumkin.
"Ammo, bu keng koʻlamli urush sharoitidagi armiya uchun uzoq va qiyin kechadigan jarayon", deydi ekspert. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Andijon viloyatidagi savdo doʻkonida yirik yongʻin sodir boʻldi
Damashq aeroporti xalqaro reyslar uchun ochiladi
Isroil «Hizbulloh» bilan uzoq muddatli sulh tuzmoqchi(mi?)
Yaponiyada tunes baligʻi 1,3 mln dollarga sotildi
«Oltin togʻlar» va'da qilgan Trampning rejasida nimalar notoʻgʻri?
Tahlil: Abduqodir Husanov Fransiya va Angliya himoya “qirollari”dan zoʻr boʻlib chiqdi!
Rossiya Trampning Kanada va Grenlandiya haqidagi bayonotlariga qanday munosabat bildirdi?
1-fevraldan boshlab Oʻzbekistonda poyezd chiptalari narxi yana oshadi!