Tailandda 19 yoshli rossiyalik talaba bedarak yo‘qoldi

Tailandda 19 yoshli rossiyalik talaba bedarak yo‘qoldi

Nijniy Novgorodlik 19 yoshli talaba Anna Gorshkova may oyida Tailandga borganidan keyin yaqinlari bilan aloqani uzgan. Oilasi qiz odam savdosi yoki majburan ushlab turish qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda Rossiya ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.

Anna Nijniy Novgorodda universitetning ikkinchi bosqichida geodeziya yo‘nalishida tahsil olgan. Yaqinlarining aytishicha, u pulga ehtiyotkor munosabatda bo‘lgan, ota-onasi bergan mablag‘larni jamg‘arib borgan. Qiz hatto akasiga 350 ming rubl qarz bergan.

May oyining o‘rtalaridan Anna akasiga qarzini qaytarishini so‘ragan. Shundan so‘ng u jamg‘argan mablag‘larini olib, yo‘lga chiqqan. 19 may kuni Rossiyadan Xitoyga uchgan, 21 may kuni esa Xitoydan Tailandga yo‘l olgani aniqlangan.

Oradan bir necha kun o‘tib, Annaning onasiga qizidan xabar kelgan. Unda Anna o‘zini yaxshi his qilayotganini, hech kim uni o‘g‘irlamaganini va o‘z orzusi sari ketayotganini yozgan. Shuningdek, yaqinlaridan uni qidirmaslikni so‘ragan. Shundan keyin u boshqa aloqaga chiqmagan.

Ota-onasi qizining iltimosiga qaramay, uni qidirish bo‘yicha huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan. Keyinchalik oila Annaning Xitoy orqali Tailandga borganini aniqlagan. Ayrim xabarlarda politsiya jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgani aytilgan.

Yaqinlari Anna o‘z xohishi bilan bunday safarga chiqib ketganiga shubha qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, qiz yaxshi o‘qigan, jiddiy nizolari bo‘lmagan va oila a’zolari bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Shu sababli ular uning o‘g‘irlangan yoki majburan ushlab turilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq hozircha bu versiyani tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot yo‘q.

Avvalroq Tailand va Myanma chegarasi yaqinida kaltaklanganlik izlari bo‘lgan, holsizlangan 19 yoshli rossiyalik qiz topilgani haqida ham xabarlar tarqalgan edi. Biroq Annaning akasi unga yuborilgan suratni ko‘rib, topilgan qiz uning singlisi emasligini tasdiqlagan.

Ayni paytda Annaning oilasi uni qidirishda davom etmoqda. 23 avgust kuni qizining otasi Tailandda politsiyaga murojaat qilgan. Oilaga Anna 15 iyun kuni Chonburi viloyatining Na Jomten hududidagi mehmonxonada ko‘rilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot kelib tushgan. Politsiyadan hududdagi videokuzatuv kameralari yozuvlarini tekshirish so‘ralgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar