00:39 / 27.02.2025
65

Rosssiya-Ukraina urushiga 3 yil to‘ldi: tinchlik o‘rnatilishi qanchalik yaqin?

Rosssiya-Ukraina urushiga 3 yil to‘ldi: tinchlik o‘rnatilishi qanchalik yaqin?
Agar urushlar natijalari adolatli bo‘lmasa, tomonlardan biri yoki ikkisi ham urushning yakunidan norozi bo‘lsa, bu urush vaqt o‘tib qaytadan boshlanadi.

Roppa-rosa uch yil oldin, 2022 yilning 24 fevralida Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga bostirib kirdi, eng katta shaharlarini, jumladan poytaxt Kiyevni ham o‘qqa tuta boshladi. Oradan uch yil o‘tib, ikki tomon ham bu urushdan holsizlandi. AQSH hokimiyatiga Trampning kelishi urush tugashini tezlashtirayotgandek. Chunki Tramp bu urushni “bir kunda to‘xtataman” deya katta va’da bergan edi.

Bugun, ekspertlar va siyosatchilar, Rossiya-Ukraina urushi to‘xtashi borasida ikkita model haqida gapirishmoqda. Biri – keng qamrovli, barqaror va uzoq muddatli tinchlik. Ikkinchisi – konfliktning muzlatilishi.

Xo‘sh, “mustahkam tinchlik” nima? Mustahkam tinchlik – ikki tomonning ham, va ularning ittifoqchilari yoki yaqin hamkorlarida ham hech qanday norozilikning qolmasligi, urush to‘xtaganidan keyin yangidan urush boshlashga ishtiyoq, hohishning bo‘lmasligi, natijalardan rozi-rizolikning ustunligini anglatadi.

“Konfliktning muzlatilishi” esa bu vaqtinchalik jarayon hisoblanadi. Chunki tomonlardan biri yoki ikkalasi ham erishilgan natijalardan yashirincha yoki oshkora norozi bo‘ladi, qulay imkoniyat bo‘lganda – urushni qaytadan boshlashga moyil bo‘lib qolaveradi.

Xo‘sh, bugun Tramp va Putin Ukrainaga nimani taklif qilyapti? Birinchidan, bosib olingan ukrain yerlari Rossiyada qoladi, kamiga, Donetsk, Luhansk, Zaporoje va Xarkov viloyatlarining Rossiya tomonidan olinmagan yerlari ham Rossiyaga berilishi kerak. Chunki bu viloyatlar RF qonunchiligi darajasida Rossiya hududi deb belgilab qo‘yilgan. Qolaversa, Ukraina NATOga kirmasligi kerak, katta armiya shakllantirmasligi kerak va h.k. Bu shartlar Ukrainani kuchli tahqirlaydi, Ukraina hokimiyatida kim bo‘lishidan qati nazar, revanshizmga, uch olishga, qasos olishga moyil bo‘ladi.

Rossiyaga kelsak, bu davlat ham o‘z oldiga qo‘ygan strategik maqsadlarga erisha olgani yo‘q. Hozir urush tugab, Ukrainaning qolgan hududlari iqtisodiy va harbiy jihatdan kuchaysa, yillar o‘tib, AQSH hokimiyatida boshqa shaxs bo‘lsa, Ukraina uchun yana NATO eshiklari ochilishi mumkin va Rossiya shu holatdan norozi bo‘lib qolaveradi.

Qolaversa, Ukrainaning yaqin tarafdorlari bo‘lmish Yevropa Ittifoqi davlatlari, Turkiya va boshqa ko‘plab davlatlar “adolatli tinchlik” haqida gapirishmoqda. Jumladan, Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an bir necha kun oldin Zelenskiy bilan uchrashib, yana “Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti” haqida gapirdi. Yevropa Ittifoqida ham xuddi shunday pozitsiya.

Hali Ukraina Rossiya bilan urushni to‘xtatishga kelishib olgani yo‘q, lekin Ukrainaga bosim kuchaygan. Yevropa Ittifoqi, Turkiya va boshqalar hali Ukrainaga yordam berish niyatida. Trampning qarashlari uchun, hali kurash to‘xtagani yo‘q.

Hozircha Rossiya–Ukraina urushi bo‘yicha taklif qilinayotgan takliflar faqat juda qaltis “muzlatish”ni anglatadi. Chunki Ukraina bu natijalardan juda norozi bo‘lib qoladi. Ertaga Tramp ketsa, Putin ketsa, yoki qulay boshqa omillar paydo bo‘lsa, Ukraina o‘z yerlarini harbiy yo‘l bilan qaytarib olishdan manfaatdor bo‘ladi.

Rossiya–Ukraina urushi hozirgi Rossiya shartlarida tugasa, bu xuddi Birinchi jahon urushini eslatgan bo‘ladi. Avstriya–Vengriya tarafida urushda bo‘lgan Germaniya, Antanta (Angliya, Fransiya, Rossiya)ga yutqazib qo‘yadi. Yutgan taraf Germaniyaga ashaddiy reparatsiyalar qo‘yadi, olmonlarning ba’zi yerlarini “olib qo‘yadi”. Natijada, olmon millatida juda katta qasd olish, o‘ch olish hissiyoti paydo bo‘ladi. Ko‘p o‘tmasdan Germaniya hokimiyatiga Hitler keladi, va butun olmon xalqi Hitler atrofida birlashadi, va qolganlardan “o‘ch olish” urushini boshlaydi.

Agar urushlar natijalari adolatli bo‘lmasa, tomonlardan biri yoki ikkalasi ham norozilik bilan urushni to‘xtatishga majbur bo‘lsa, urush qaytadan boshlanadi. Bu – tarixda ko‘p kuzatilgan holat.

Rossiya–Ukraina urushi ham “to‘laqonlik tinchlikka erishish” holatidan juda uzoq. Agar Ukrainaga bosim qilib urush to‘xtatilsa, bu vaqtincha tinchlik bo‘ladi, bu “urushni muzlatish” bo‘ladi xolos. Rossiya–Ukraina urushi, xuddi Falastin–Isroil konflikti kabi, mafkuraviy tus olib, latent davom etish xavfi bordek. Afsuski, hozircha urush to‘liq tugatilmayapti, u pauzaga qo‘yilyapti...

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo