
Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) tomonidan ma’lum qilinishicha, Kyivda yuqori martabali razvedka zobiti o‘ldirilganidan so‘ng, Rossiya xavfsizlik xizmatiga (FSB) aloqador ikki agent o‘ldirilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasyl Malyuk yakshanba kuni videomurojaat bilan chiqib, Rossiya foydasiga josuslik qilgan ikki shaxs “qamoqqa olinayotganda qarshilik ko‘rsatgani” tufayli yo‘q qilinganini bildirdi.
Bu bayonot 10 iyul kuni Ukraina razvedkasi polkovnigi Ivan Voronich poytaxt Kyivda otib o‘ldirilganidan so‘ng yangradi. CCTV kameralaridan olingan kadrlarga ko‘ra, voqea ertalab soat 09:00 atrofida, Kyivning janubiy Holosiyivskiy tumanida ro‘y bergan. Kadrda Voronich binodan chiqib ketayotganida unga qarab yugurayotgan noma’lum shaxs aks etgan.
SBUning ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar Voronichning harakatlarini oldindan kuzatgan va unga suiqasd uyushtirish uchun maxsus to‘pponchani yashirin joydan olishgan. U o‘ldirilgach, jinoyatchilar yashirinishga harakat qilgan, biroq SBU va milliy politsiya olib borgan qo‘shma tergov natijasida ular aniqlangan va zararsizlantirilgan.
Ukraina milliy politsiyasi o‘ldirilgan shaxslar xorij fuqarolari ekanini aytdi, ammo batafsil ma’lumot taqdim etmadi. Rossiya rasmiylari hozircha bu borada hech qanday izoh bermagan.
SBU, asosan, ichki xavfsizlik va qarshi razvedka masalalari bilan shug‘ullansa-da, 2022-yilda Rossiyaning to‘liq bosqini boshlanganidan so‘ng, Rossiya hududidagi sabotaj va maxfiy operatsiyalarda ham faol ishtirok etib kelmoqda. 2024-yil dekabrida Rossiyaning yuqori lavozimli generali Igor Kirillovning o‘limi ham SBU operatsiyasi natijasi bo‘lgan. Shuningdek, 2025-yil aprelida Moskvadagi portlashda halok bo‘lgan general Yaroslav Moskalik hujumi uchun ham Moskva Kiyevni ayblagan.
Shunga qaramay, Ukraina bu operatsiyalar uchun rasmiy javobgarlikni tan olmagan.
Bu hodisalar Rossiyaning Ukrainaga qarshi havo hujumlari soni keskin oshgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy haftaning boshida mamlakat Rossiyadan eng yirik havo hujumiga uchraganini aytdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, iyun oyida Ukraina so‘nggi uch yildagi eng ko‘p tinch aholi talofatlarini qayd etdi.
Uzoq davom etayotgan urushda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar hozircha samara bermagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar