Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar endi mavhum kelajak emas, balki real hayotning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Bu haqda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov Toshkent shahrida tashkil etilgan davra suhbatida so‘zga chiqdi.
Mazkur anjumanda O‘zbekistonning yetakchi ekspertlari, tahlilchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning joriy yil 8-sentyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaati atroflicha muhokama qilindi.
“Sun’iy intellekt davrida Qozog‘iston: dolzarb vazifalar va raqamli transformatsiya orqali yechimlar” nomli murojaatda mamlakat taraqqiyoti uchun muhim yo‘nalishlar belgilab berildi. Xususan, sun’iy intellekt sohasi alohida strategik ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatildi.
Elchi Atamqulovning ta’kidlashicha, davlat rahbari oldimizga ulkan maqsad qo‘ydi: uch yil ichida Qozog‘iston to‘liq raqamli davlatga aylanishi kerak. Bu yo‘lda prezident maxsus Sun’iy intellekt va raqamli taraqqiyot vazirligini tashkil etish hamda Raqamli taraqqiyot kodeksini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Ayni vaqtda yangi vazirlik ish boshladi va dastlabki loyihalarni amalga oshirmoqda.
Shu bilan birga, Qozog‘istonda yaqinda mamlakat tarixidagi ilk superkompyuter ishga tushirildi. Milliy bank esa tengega bog‘langan ilk qozoq steyblkoinini muomalaga kiritdi. Bu esa raqamli aktivlar ekotizimini shakllantirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda. Olmaota viloyatidagi Alatau City loyihasi doirasida esa yangi shahar aqlli texnologiyalar asosida barpo etilmoqda va u mamlakatning ilk raqamli shahriga aylanishi rejalashtirilgan.
Murojaatda belgilangan vazifalar zamonaviy dunyodagi tezkor o‘zgarishlarga mos kelishi va mintaqadagi davlatlar maqsadlariga uyg‘un ekani alohida qayd etildi.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ham sun’iy intellektning milliy modeli ishlab chiqilayotgani, davlat dasturlari samarali amalga oshirilayotgani ikki mamlakat o‘rtasida raqamli hamkorlik istiqbollarini yanada kengaytiradi. Darvoqe, Central Asian Innovation Hubs platformasi faoliyat yuritmoqda. Astana Hub va IT Park Uzbekistan hamkorligidagi loyihalar orqali xalqaro startaplar amalga oshirilayotgani ham shundan dalolatdir.
Davra suhbatida ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo bugun integratsiyaning yangi tarixiy bosqichini boshdan kechirmoqda va shu davrda mintaqaning kelgusi farovonligi hamda barqarorligi uchun mustahkam asos yaratilmoqda.
Shu bilan birga, Qozog‘iston rahbarining xalqqa murojaatlari mamlakat siyosiy hayotida an’anaga aylangani ham eslatib o‘tildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!