Enn Karson adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi

Enn Karson adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi

Bugun, 8 oktyabr kuni adabiyot bo‘yicha 2026 yilgi Nobel mukofoti sohibasi ma’lum qilindi. Nufuzli mukofot kanadalik shoir va yozuvchi Enn Karsonga berildi.

Nobel qo‘mitasi Karsonni «klassik an’analar bilan erkin muloqotda zamonaviy adabiyot uchun yangi shakllar yaratgan jur’atli va ijodkorona asarlari» uchun mukofotlaganini ma’lum qildi.

Enn Karson 1950 yilda Kanadaning Toronto shahrida tug‘ilgan. U 1981 yilda klassik filologiya yo‘nalishida «Odi et Amo Ergo Sum» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Karson ijodiy faoliyati davomida she’riyat, tarjimonlik va ilmiy-pedagogik ishlarni birga olib borgan. Uning asarlarida qadimgi klassik meros bilan zamonaviy adabiyot o‘rtasidagi uyg‘unlik muhim o‘rin tutadi.

Yozuvchining ijodida so‘zlarning kelib chiqishi va ma’nosi alohida ahamiyat kasb etadi. Karsonning o‘zi ham so‘zlar etimologiyasini o‘z ijodining asosiy manbalaridan biri sifatida ta’riflagan.

Enn Karson turli yillarda Makgill, Michigan va Prinston universitetlarida dars bergan. U 1998 yilda Guggenxaym stipendiyasiga, 2000 yilda esa Mak-Artur stipendiyasiga sazovor bo‘lgan.

Shuningdek, u Lannan adabiy mukofoti laureati hisoblanadi. 2014 yilda «Red Doc>» asari uchun Griffin she’riyat mukofotini qo‘lga kiritgan.

Karsonning Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishi uni XXI asr zamonaviy she’riyatining eng o‘ziga xos va yirik namoyandalaridan biri sifatida yana bir bor e’tirof etdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar