Bolgariyada tarixiy burilish: Illiyana Yotova prezidentlikka rasman keldi

Bolgariyada tarixiy burilish: Illiyana Yotova prezidentlikka rasman keldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Illiyana Yotova Rumen Radev iste’fosidan keyin Bolgariya prezidentining vakolatlarini amalga oshirishni boshladi va mamlakat tarixida ilk ayol rahbarga aylandi.
  • Radev 19–20 yanvar kunlari prezidentlikdan ketishini e’lon qilib, qarorini siyosiy inqiroz va navbatdan tashqari parlament saylovi bilan bog‘ladi.
  • 61 yoshli Yotova parlament partiyalari bilan maslahatlashib, yangi saylov sanasini belgilashi kerak.

Bolgariya siyosati yana bir katta burilishni boshdan kechiryapti: mamlakat rahbarligi tarixda ilk bor ayol qo‘liga o‘tdi. Vitse-prezident Illiyana Yotova prezident vakolatlarini amalga oshirishni boshladi — u Rumen Radev iste’fosidan keyin davlatning oliy lavozimiga rasman kirishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Radev 19–20 yanvar kunlari prezidentlikdan ketishini e’lon qildi. U bu qarorni mamlakatdagi chuqur siyosiy tugunlar va navbatdan tashqari parlament saylovi bilan bog‘lab, o‘zi ham siyosiy jarayonda faol ishtirok etish niyati borligini bildirgan. Konstitutsiya talablariga ko‘ra, uning vakolatlari tugatilganidan so‘ng prezident vazifasini vaqtincha vitse-prezident bajaradi — aynan shu mexanizm ishga tushdi.

61 yoshli Illiyana Yotova endi parlament partiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazib, yangi saylov sanasi bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak. Bolgariyada oxirgi yillarda hukumatni barqaror shakllantirish qiyin kechayotgani uchun saylovlar ketma-ket takrorlanmoqda — Yevropa OAVlarida bu 2021 yildan beri yettinchi saylov ekani ta’kidlanadi.

Yotova siyosatda “kecha kelgan” kadr emas: u 2007–2017 yillarda Yevroparlament deputati bo‘lib ishlagan, terrorizmga qarshi kurash, migratsiya masalalari va Bolgariyaning Shengenga qo‘shilishi kabi yo‘nalishlarda faol ko‘ringan. Keyin vitse-prezident sifatida xorijdagi bolgarlar, til va madaniy aloqalar mavzusiga alohida e’tibor qaratgani aytilgan.

Eng qizig‘i — hozirgi vaziyatda Yotovaning oldidagi asosiy “match”: partiyalar o‘rtasida kelishuv muhitini yaratish va saylovgacha bo‘lgan davrni iloji boricha tinch o‘tkazish. Qisqasi, siyosatda “pley-off” boshlangan — va bu safar kapitan ayol.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar