Qozog‘istondan uchgan yosh burgut 1400 kilometr bosib Qashqadaryoga yetdi

Qozog‘istondan uchgan yosh burgut 1400 kilometr bosib Qashqadaryoga yetdi

Qozog‘istonda tug‘ilganiga hali bir necha oy bo‘lgan dasht burguti qariyb 1400 kilometr masofani ortda qoldirib, O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatigacha yetib keldi. Qushning uzoq safarini GPS-treker orqali mutaxassislar kuzatib bormoqda.

To‘ng‘ish deb nomlangan burgut issiq o‘lkalar sari ilk mustaqil sayohatini amalga oshirmoqda. Uning harakat yo‘nalishi Qozog‘istondagi «Oltin-Emel» milliy bog‘i xodimlari tomonidan nazorat qilinmoqda.

Milliy bog‘ ma’lumotiga ko‘ra, To‘ng‘ish hali yoz faslida inida o‘tirgan oppoq, momiq polapon bo‘lgan. 20 iyul kuni mutaxassislar unga quyosh batareyasi yordamida ishlaydigan GPS-treker o‘rnatishgan. Shu orqali yosh burgutning har bir harakatini masofadan kuzatish imkoni paydo bo‘lgan.

Qozog‘istondan uchgan yosh burgut 1400 kilometr bosib Qashqadaryoga yetdi

2 noyabr kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, To‘ng‘ish Qozog‘iston hududidan chiqib, Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga kirib kelgan. U dastlab Samarqandgacha uchib borgan, keyin esa Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri yaqinida qayd etilgan.

Shu tariqa, bir necha oylik burgut uchta davlat hududini kesib o‘tib, taxminan 1400 kilometr masofani bosib o‘tdi.

Mutaxassislar dasht burguti Qizil kitobga kiritilgan kamyob qushlardan biri ekanini ta’kidlamoqda. GPS-treker orqali to‘planayotgan ma’lumotlar esa ularning ko‘chish yo‘nalishlarini o‘rganish, xavfli hududlarni aniqlash va qushlarni muhofaza qilish choralarini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.

To‘ng‘ish qishlaydigan manziliga yetib borguniga qadar uning safarini kuzatish davom etadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar