Nebius va Meta sun’iy intellekt uchun yirik shartnoma tuzdi

Sobiq «Yandeks» bosh direktori Arkadiy Voloj tomonidan asos solingan va sun’iy intellekt texnologiyalari uchun bulutli hisoblash yechimlariga ixtisoslashgan Niderlandiyaning Nebius Group N.V. kompaniyasi Amerikaning Meta Platforms Inc. bilan sun’iy intellekt loyihalari uchun infratuzilma yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli va strategik kelishuv imzoladi. Bu haqda Nebius Group N.V.ning 16 mart, dushanba kuni e’lon qilingan press-relizida ma’lum qilindi.
Kelishuv besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu davrda Nebius Group N.V. NVIDIA Vera Rubin platformasi asosida qiymati 12 milliard dollarlik ajratilgan hisoblash quvvatlarini taqdim etadi. Ilk yetkazib berishlar 2027 yil boshida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Meta Platforms Inc. besh yillik muddat mobaynida Nebius Group N.V.ning yangi klasterlardagi kelajakdagi hisoblash quvvatlarining bir qismini umumiy qiymati 15 milliard dollargacha xarid qilish majburiyatini oldi. Qolgan quvvatlar kompaniya tomonidan uchinchi tomon mijozlariga sotilishi yoki zaxirada saqlanishi rejalashtirilgan.
Bitimning umumiy qiymati taxminan 27 milliard dollarga teng bo‘lib, Bloomberg agentligi ta’kidlashicha, bu Meta Platforms Inc. uchun hisoblash quvvatlari bo‘yicha eng yirik shartnomalardan biri hisoblanadi.
«Biz Meta bilan quvvatlar taqdim etish bo‘yicha yangi yirik uzoq muddatli strategik hamkorligimizni kengaytirganimizdan mamnunmiz», — dedi Arkadiy Voloj.
Bu yangilik fonida Nebius Group N.V. aksiyalari dushanba kuni savdolar oldidan 15 foizga qimmatladi. Kompaniya aksiyalarining qiymati so‘nggi 12 oy ichida qariyb to‘rt barobar o‘sdi. Meta Platforms Inc. aksiyalari esa 2,8 foizga ko‘tarildi.
Shuningdek, 2025 yil kuzida Nebius Group N.V. Microsoft korporatsiyasi bilan qariyb 20 milliard dollarlik besh yillik shartnoma imzolagan, 2026 yil mart oyida esa Nvidia bilan 2 milliard dollarlik hamkorlik kelishuvini tuzgan edi.
Bu hamkorlik sun’iy intellekt sohasidagi infratuzilma va hisoblash quvvatlari bo‘yicha global bozordagi eng yirik va strategik qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!