Tramp surati tushirilgan yangi AQSH pasporti namoyish etildi

AQSH prezidenti Donald Tramp 26 iyun kuni mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan tayyorlangan maxsus esdalik pasporti namunasini jamoatchilikka taqdim qildi. Cheklangan miqdorda ishlab chiqariladigan ushbu pasportning eng diqqatga sazovor jihati — unda prezidentning shaxsiy surati joylashtirilganidir. Bu haqda CNN xabar berdi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ushbu pasport tasvirini e’lon qilib, unga: «AQSHning yangi pasporti. Unda “Xush kelibsiz, ammo o‘zingizni yaxshi tuting!” deb yozilgan», deya izoh qoldirdi.
Taqdim etilgan namunada Donald Tramp Oval kabinetdagi mashhur Rezolyut stoli ortida turgan holda tasvirlangan. Surat fonida AQSH Mustaqillik deklaratsiyasining asl matni joylashtirilgan bo‘lsa, pastki qismida prezidentning imzosi aks etgan. Pasportning qarama-qarshi sahifasida esa rassom Jon Trambull chizgan mashhur «Mustaqillik deklaratsiyasi» asari tasvirlangan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu portret Vashingtondagi Smitson milliy portret galereyasida saqlanayotgan rasmiy portret asosida tayyorlangan. Bu dizayn Davlat departamenti 2026 yil boshida namoyish etgan avvalgi namunadan farq qiladi.

26 iyun kuni kechqurun Oq uyning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ham mazkur pasport maketi e’lon qilindi. Postga «Amerikaning 250 yilligiga bag‘ishlangan yangi AQSH pasporti» sarlavhasi berildi. Biroq jurnalistlar bu dizayn yakuniy rasmiy variant ekanini so‘raganida, Oq uy izoh berishni Davlat departamenti vakolatiga havola qildi. CNN telekanali bu masala yuzasidan rasmiy munosabat olish uchun Davlat departamentiga murojaat qilgan.
Pasport kimlarga beriladi?
Maxsus esdalik pasporti ilk bor aprel oyida AQSH mustaqilligining 250 yillik tantanalari doirasida e’lon qilingan edi. Rasmiylar uni tarixiy sanaga bag‘ishlangan, muqovasi va ichki sahifalari maxsus dizayn hamda takomillashtirilgan tasvirlar bilan bezatilgan hujjat sifatida ta’riflagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pasport tayyor bo‘lgach, Vashingtondagi pasport agentligiga shaxsan kelib hujjatini yangilagan fuqarolarga standart variant sifatida taqdim etiladi. Onlayn murojaat qiluvchilar yoki mamlakatning boshqa hududlarida yashovchilar esa hozirgi amaldagi pasport dizaynidan foydalanishda davom etadi.
Hozirgi AQSH pasportlarining ichki muqovasida rassom Persi Moran chizgan asar joylashgan bo‘lib, unda Frensis Skott Keyning Fort-Makenri qamali vaqtidagi tarixi aks etgan. Shu voqea keyinchalik AQSH davlat madhiyasi yaratilishiga ilhom bergani ta’kidlanadi.
Shu bilan birga, AQSH Moliya vazirligi may oyida Donald Tramp tasviri tushirilgan 250 dollarlik yangi banknota chiqarish tashabbusini ham ilgari surgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim rasmiylar ushbu loyihani tezlashtirish maqsadida AQSH G‘aznachiligi tarkibidagi bosma va o‘yma byurosiga bosim o‘tkazgan. Taklif etilgan dizayn namunalarida banknotaning markaziy qismida Trampning surati, shuningdek AQSH prezidenti va moliya vaziri Skott Bessentning imzolari aks etgan.






























Izohlar 0
…