Tanzaniyadagi sirli ko‘l: Qushlar toshga aylanadigan maskan

Tanzaniyada go‘yoki boshqa sayyorani eslatuvchi, g‘ayrioddiy tabiati bilan sayyohlar va olimlarni hayratga soladigan maskan bor. Bu — Natron ko‘li. Uning suvi tarkibidagi tuz va ishqor miqdori nihoyatda yuqori bo‘lgani sababli ayrim davrlarda ko‘l yuzasi mikroorganizmlar ta’sirida qon tusini eslatuvchi qizil rangga kiradi.
Natron ko‘lining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda halok bo‘lgan qushlar va ko‘rshapalaklarning jasadi suvdagi minerallar bilan qoplanib, xuddi tosh haykallarga o‘xshab qoladi. Aynan shu sababli ko‘l dunyodagi eng sirli va qo‘rqinchli tabiat maskanlaridan biri sifatida tilga olinadi.
Ko‘l yaqinida esa Ol-Doino-Lengai vulqoni qad rostlagan. Mahalliy masai xalqi uni “Tangri tog‘i” deb ataydi. Ushbu vulqon Yer yuzidagi kam sonli faol vulqonlardan biri bo‘lib, o‘ziga xos qora rangli lava chiqarishi bilan mashhur.

Eng hayratlanarlisi shundaki, mana shunday g‘ayrioddiy va hatto vahimali manzara o‘rtasida har yili minglab pushti flamingolar in qurib, nasl qoldiradi. Sho‘r va ishqorli muhit boshqa ko‘plab yirtqichlar uchun noqulay bo‘lgani sababli aynan shu hudud flamingolar uchun xavfsiz maskanga aylangan.
Ko‘pchilik Tanzaniyani faqat safari va yovvoyi tabiati bilan tasavvur qiladi. Aslida esa bu mamlakatda xuddi fantastik filmlarni eslatuvchi, dunyoning boshqa joylarida deyarli uchramaydigan noyob tabiat mo‘jizalari ham mavjud.






























Izohlar 0
…