Sun’iy intellekt 2000 yillik kuyib ketgan qo‘lyozmani o‘qishga muvaffaq bo‘ldi

Zamonaviy texnologiyalar yana bir tarixiy kashfiyotga yo‘l ochdi. Olimlar sun’iy intellekt yordamida qariyb ikki ming yil avval Vezuviy vulqoni otilishi natijasida kuyib qolgan qadimiy papirus qo‘lyozmasini virtual ravishda “ochish” va undagi yozuvlarni o‘qishga erishdi.
Tadqiqotchilar PHerc 1667 deb belgilangan papirusdan avval noma’lum bo‘lgan matnni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Qayta tiklangan yozuvda stoik falsafasi, inson axloqi, san’at va hayot tarziga oid fikrlar o‘rin olgan. Mutaxassislar ushbu asar miloddan avvalgi II–III asrlarga mansub bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Qo‘lyozma qadimgi Herkulaneum shahridagi mashhur villa kutubxonasidan topilgan. Bu shahar ham Pompey kabi milodiy 79 yilda Vezuviy vulqoni otilishi natijasida kul ostida qolgan. Ilgarigi urinishlarda papirusni ochishning imkoni bo‘lmagan, chunki har qanday mexanik harakat uni butunlay yemirib yuborishi mumkin edi.
Yangi texnologiya esa vaziyatni o‘zgartirdi. Sun’iy intellekt rentgen tasvirlari orqali papirus tolalaridagi eng mayda o‘zgarishlarni tahlil qilib, ko‘zga ko‘rinmaydigan siyoh izlarni aniqladi. Shu orqali qo‘lyozmani ochmasdan turib, undagi matn raqamli shaklda tiklandi.
Olimlar fikricha, bu kashfiyot qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganishda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Endi asrlar davomida “jim” yotgan yuzlab papiruslar ham zamonaviy texnologiyalar yordamida qayta “so‘zlay” boshlashi ehtimoldan xoli emas.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu qo‘lyozma nafaqat yangi falsafiy ma’lumotlarni ochib berdi, balki qadimgi asarlarni saqlash va o‘qishda sun’iy intellektning imkoniyatlari naqadar keng ekanini ham namoyon qildi.






























Izohlar 0
…