Italyan ayol 1 million yevrolik chiptasini axlatga tashladi

Italiyaning Bitonto shahrida bir ayol 1 million yevrolik lotereya chiptasini yutuqsiz deb o'ylab, adashib axlatga tashladi. Sanitariya xodimlari chiqindilar orasidan chiptani bir sutkadan ortiq qidirib, uni shikastlanmagan holda topib, ayolga qaytarishdi. Ayol doim tanlaydigan 2, 4, 8, 10 va 51 raqamlari unga million yevrolik yutuq keltirgan.
Italiyada bir ayol qimor chiptasiga tushgan 1 million yevrolik yutuqdan deyarli mahrum bo‘lib qoldi. U chipta yutuqsiz deb o‘ylab, uni adashib axlatga tashlab yuborgan. Biroq sanitariya xodimlarining bir necha soatlik qidiruvi natijasida qimmatli chipta topilib, ayolga qaytarildi.
Voqea Bitonto shahrida sodir bo‘lgan. Ayol lotereya chiptasini do‘konda tekshirtirganida, unga chipta «to‘lovga yaroqsiz» ekani aytilgan. U bu xabarni chiptaga hech qanday yutuq chiqmagan, deb noto‘g‘ri tushungan.
Aslida esa mazkur xabar katta miqdordagi yutuqlarni oddiy do‘konning o‘zida to‘lab berish imkoni bo‘lmagan holatlarda chiqar ekan.
Uyiga qaytgach, ayol muntazam ravishda tanlaydigan 2, 4, 8, 10 va 51 raqamlari million yevrolik yutuqni keltirganini oilasiga aytgan. Lotereyadagi to‘lov tartibini aniqlab olgach, u zudlik bilan yana do‘konga qaytgan.
Biroq o‘sha paytga kelib chipta allaqachon axlatga tashlangan va sanitariya mashinasi tomonidan olib ketilgan edi.
Million yevrolik chipta axlat orasidan qidirildi
Ayol sanitariya xizmatiga murojaat qilib, yordam so‘ragan. Xodimlar axlatni olib ketgan transport vositasini aniqlab, uni to‘xtatishgan. Shundan keyin chiqindilar maxsus belgilangan hududga olib borilib, chiptani qidirish ishlari boshlangan.
Ma’lum qilinishicha, ayol qidiruv jarayonida paydo bo‘ladigan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha yozma kelishuvga imzo qo‘yishiga to‘g‘ri kelgan.
Sanitariya xodimlari bir sutkadan ortiq vaqt davomida chiqindilar orasidan chiptani izlashgan. Nihoyat, omadli lotereya chiptasi shikastlanmagan holda topilgan.
Qimmatbaho qog‘oz qo‘liga qaytarilgani haqida xabar olgan ayol quvonchdan ko‘z yoshlarini tiya olmagan. Shu tariqa, birgina tushunmovchilik sabab axlatga tashlangan chipta yana topilib, ayolning 1 million yevrolik yutug‘i saqlab qolindi.






























Izohlar 0
…