Tojikistonda Afg'oniston tomonidan o'q uzilishi oqibatida ayol halok bo'ldi

Tojikistonning Darvoz tumanida Afg'oniston hududidan otilgan o'q 21 yoshli ayolning halok bo'lishiga sabab bo'ldi. Hodisa 13 avgust kuni Panj daryosi yaqinidagi Dashtak qishlog'ida sodir bo'lgan va ayol voqea joyida vafot etgan. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Afg'onistonning Badaxshon viloyatidagi qurolli to'qnashuvlar chegara xavfsizligiga tahdid solayotganini bildirdi.
Tojikistonning Darvoz tumanida Afg'oniston hududidan o'q uzilishi oqibatida 21 yoshli ayol halok bo'ldi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ma'lum qildi.
Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, hodisa 13 avgust kuni Panj daryosi yaqinida sodir bo'lgan. Afg'oniston tomonidan ochilgan o'q Tojikiston sohilidagi Darvoz tumaniga qarashli Dashtak qishlog'ida yashayotgan ayolga tekkan va u voqea joyida halok bo'lgan.
Tojikiston tomoni so'nggi kunlarda Afg'onistonning Badaxshon viloyatida qurolli to'qnashuvlar kuchayganini bildirgan. U yerda «Tolibon» harakati va unga muxolif kuchlar o'rtasidagi jangovar harakatlar chegara hududlarida xavfsizlik bilan bog'liq xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Rasmiy Dushanbe shuningdek, Afg'oniston hududidan uzilgan o'qlar natijasida Tojikistonning davlat havo hududi buzilgani va chegara yaqinidagi ayrim aholi xonadonlariga zarar yetkazilganini ma'lum qildi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Afg'oniston tomonini davlat chegarasining daxlsizligini hurmat qilishga chaqirdi. Shuningdek, kelgusida bunday hodisalar takrorlanishining oldini olish uchun zarur va samarali choralar ko'rish so'raldi.
Ma'lumot uchun, Afg'onistonning Badaxshon viloyati Tojikistonning Darvoz tumani hamda G'arbiy Pomir hududlari bilan chegaradosh. Hududdagi qurolli to'qnashuvlar chegaraga yaqin aholi xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqmoqda.






























Izohlar 0
…