08:00 / 05.02.2022
2 685

Lotin Amerikasi va Rossiya AQSHga qarshi birlashadimi?

Lotin Amerikasi va Rossiya AQSHga qarshi birlashadimi?
Rossiya Federatsiyasining Ukraina bilan strategik to‘qnashuvi fonida Yevrosiyo qit’asida, qolaversa, butun dunyoda yangi geosiyosiy vaziyat shakllanmoqda. O‘tgan 2021 yilning dekabr oyida Moskva Ukrainaga sifat jihatidan yangi bosim boshladi. Moskvaning taxminicha, balki,kollektiv G‘arb orqaga chekinishi kutilgandi.

Yevropa va AQSH o‘rtasidagi ziddiyatlar, NATOning siyosiy tarqoqligini oshiradi, deb umid qilgandi Vladimir Putin. Fransiya Vashingtondan arazlab yuribdi. Germaniya har doim “o‘rtaliq siyosati” tarafdori, qolaversa, iqtisodiy manfaatlarni o‘ylab, Berlin har doim Moskva bilan muvozanat bilan gaplashib keladi.

Lekin Putin kutgan vaziyat bo‘lmadi. Aksincha, Tramp davrida Vashingtondan ancha uzoqlashgan Yevropa, yana qaytadan transatlantik jipslashib boshladi. Yevropada ta’siri pasayib borayotgan Amerika yana o‘zining ta’siri va Yevropa ishlariga aralashuv darajasini nihoyatda ko‘tara boshladi. NATO qaytadan jonlandi. NATO o‘z oldiga “biz nima uchun kerakmiz?” degan savolga Putinning faolligi natijasida, “ha, biz bo‘lmasak xavfli Rossiya hamma uchun tahdid ekan” degan javob olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, Putinning na taktikasi, na strategiyasi u kutgan natijalarni bermadi. Kollektiv G‘arb qo‘rqmadi, chekinmadi. Aksincha, faollashdi, jipslashdi, kollektiv harakatlarni boshlab yubordi. Ukrainani qo‘rqitish va bu bilan NATOga “qo‘rqitish signali berish” – teskari ish berdi.

Amerikaning keyingi uch prezidenti o‘zlarining tashqi siyosatida, asosan Xitoy Xalq Respublikasiga qarshi kurashish siyosatini olib borishmoqda edi. Lekin, Putinning keyingi oylardagi ultimatumlari va geosiyosiy faolligi Vashington fokusini Pekindan ko‘ra Moskvaga ko‘proq qaratishga majbur qildi.

Yildan yilga dunyo geosiyosatida xuddi 20-asrning ikkinchi yarmidagi kabi geosiyosiy ikki qutblilik shakllanib bormoqda. Mafkuraviy jihatdan, dunyoda ikki qutblilik yo‘q. Chunki, bu qutblarning to‘qnashuvi zamirida geomafkuralar emas, geosiyosat va geoiqtisod turibdi. Lekin, strukturasiga ko‘ra, ikki qutblilik kuzatiladi. Asosiy farq – o‘tgan safar Vashington boshchiligidagi kollektiv G‘arb bilan “sotsialistik lager” lideri Moskva kurashgan bo‘lsa, bu safar Rossiya Federatsiyasi birlamchi emas, aslida ikkilamchi rolda. Vashingtonning yangi va o‘ta salohiyatli raqibi Pekin bo‘lib, Xitoy Xalq Respublikasining strategik maqsadi – dunyoning birinchi iqtisodiyoti va siyosiy qudrati bo‘lishdir. Buning uchun Pekin dunyoga yangi mafkura taklif qilmaydi, avtoritarizmning o‘zi yaratgan yangi modeli doirasida, dunyo davlatlariga Vashingtondan farqli hamkorlik taklif qiladi.

Bu hamkorlik modeliga ko‘ra, inson huquqlari, demokratiya va huquqiy davlatchilik talab qilinmaydi, sarmoyalar borasida ham talablar ancha past, davlatlarning avtoritar bo‘lishi – Pekin nazarida muammo emas, yutuq hisoblanadi. Chunki, avtoritar davlatlar dunyo sahnasida o‘zlari uchun qulay, boy va qudratli hamkor, qolaversa, himoyachi izlar ekan, bu maqomni Pekin, tabiiyki, o‘zida ko‘radi.

Putin Rossiyasi o‘zining global iqtisodiy va siyosiy qudrati, Pekinnikiga nisbatan ancha cheklanganligini inobatga olsa-da, ommaviy siyosatda, o‘zini Xitoy bilan tengma-teng tutishga, o‘zini Xitoyning “ukasi” emas, tengdosh do‘sti sifatida ko‘rishga harakat qiladi.

Boshqacha qilib aytganda, kollektiv G‘arb koalitsiyasida ham kuchlar iyerarxiyasi mavjud bo‘lsa, Pekin “komandasida” ham, o‘zini alohida kuch sifatida tutishga harakat qilayotgan, lekin aslida Rossiya kabi Xitoy fikrini inobatga olishga majbur bo‘lgan davlatlar mavjud.

Rossiya bugun o‘zi boshlagan informatsion kampaniyaning qurboni bo‘ldi. U kollektiv G‘arbni qo‘rqitaman deb qisman niyatiga erishdi. Kollektiv G‘arb Rossiyadan qo‘rqdi va NATO doirasida faollashdi, jipslashdi, lekin chekinmadi. Mana shu fonda, dunyodagi qudratli hokimiyat markazlari, dunyo davlatlari orasidan o‘zlari uchun komanda yig‘ish, shakllantirishni kuchaytirishgan.

An’anaga ko‘ra, Lotin Amerikasi davlatlari rasmiy Vashingtonga nisbatan yashirincha yoki oshkora shubha bilan qarashgan. Chunki, yaqin o‘tmishda Vashingtonni bu mintaqadagi faoliyati ancha ziddiyatli bo‘lgan. Ushbu tarixiy xotiradan foydalanib V.Putin Lotin Amerikasi davlatlari bilan yaqinlashish va bu bilan Vashingtonga “mana, men ham sening qo‘shnilaring bilan yaqinlashib, sen uchun siyosiy muammo yaratishim mumkin” demoqchi bo‘ladi.

Lekin bu siyosatni amalga oshirish uchun rasmiy Moskvaning resurslari yetarli emas. Rossiyada jozibador mafkura, ijobiy obraz, yangi texnologiyalar va qudratli iqtisodiyot mavjud emas. Rossiyaning yagona umidi – Lotin Amerikasining Vashingtonga nisbatan ishonchsizligi.

Bu ham, aslida ancha zaif resurs. Chunki, Lotin Amerikasi davlatlari qanchalik Vashingtonga tanqidiy qaramasin, Amerika bilan hamkorlik bu mintaqa uchun, ustuvor bo‘lib qolaveradi. Bu degani, Lotin Amerikasi Rossiya boshchiligidagi aksilamerika koalitsiyasiga to‘liq qo‘shila olmaydi.

Kamoliddin Rabbimov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lotin Amerikasi va Rossiya AQSHga qarshi birlashadimi?