Foto: EPA
AQSH prezidenti Jo Bayden Vladimir Putin bilan bir soat davomida muzokara olib bordi va uni rossiyaliklar Ukrainaga bostirib kirishining og‘ir oqibatlari haqida ogohlantirdi, Kiyev meri Vitaliy Klichko esa Rossiya tez orada hujum qilishi mumkinligi haqidagi xabarlar tufayli shahar hokimiyati aholini evakuatsiya qilish rejasini tasdiqlagani haqida xabar berdi. G‘arb mamlakatlari elchixonalari xodimlarini olib ketmoqda, prezident Vladimir Zelenskiy esa «ehtimoliy bosqin» haqida ma’lumotlar judayam ko‘payib ketganidan shikoyat qildi.
Shanba kuni kechqurun AQSH prezidenti bir soatga yaqin vaqt davomida Rossiya yetakchisi bilan telefon orqali gaplashdi, Oq uy tomonidan tarqatilgan bayonotda qayd etilishicha, u rossiyalik hamkasbini bosqin ro‘y bergan taqdirda, «AQSH ittifoqchilar va hamkorlar bilan birgalikda qat’iy javob qaytarib, Rossiyani juda qimmat to‘lov qilishga majburlashi» haqida ogohlantirgan. Amerika administratsiyasining qayd etishicha, «Bayden prezident Putinga, garchi AQSH bundan buyon ham diplomatiya bilan shug‘ullanishni davom ettirishga tayyor bo‘lsa-da», ular «boshqa ssenariylarga ham tayyorligi»ni aytgan.
Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga ma’lumot berishicha, rossiyaliklar prezidenti Oq uy rahbari bilan «Ukrainani harbiylashtirish, uni zamonaviy qurollar bilan kuchaytirish, shuningdek G‘arb davlatlarining Ukraina xavfsizlik kuchlari tomonidan Donbass va Qrimga nisbatan ehtimoliy provokatsiyasini rag‘batlantirishi» oqibatlari haqida gaplashgan. Shuningdek, Putin Kiyev Donbassdagi inqirozni bartaraf etish bo‘yicha Minsk kelishuvini yana bir bor sabotaj qilgani haqida aytgan.
RF prezidenti yordamchisi, suhbatning mohiyatini «muvozanatli va ishbilarmonlik» ruhida deb atadi. Uning aytishicha, Putin Rossiya yaqin orada AQSH va NATOning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha javoblariga rasman munosabat bildirishini ma’lum qilgan.
Ushakovning so‘zlaridan iqtibos keltirgan TASS agentligi xabarida qayd etilishicha, «yetarlicha uzoq davom etgan ushbu suhbatda Bayden kutilganidek Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan Rossiyaga qarshi qattiq sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligini eslatgan, ammo bu masalaga alohida urg‘u qaratilmagan». «Bugungi muloqot Amerika rasmiy shaxslarining Rossiyaning Ukrainaga bosqini yaqinlashib kelayotgani haqidagi jazavasi avj olgan sharoitda bo‘lib o‘tdi», deya Ushakovning so‘zlarini keltiradi «Interfaks».
Avvalroq, Oq uy Amerika ikki prezident o‘rtasida muloqotni shanba kuni o‘tkazishni talabi qilgani, videokonferensiyani dushanba kuni o‘tkazishni rejalashtirgan Rossiya tomoni bu talabga ko‘ngani haqida ma’lum qilgandi.
Telefon diplomatiyasi
Shanba kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov o‘rtasida ham telefon muloqoti o‘tkazilgan. Davlat departamenti bayonotida qayd etilishicha, Blinken rossiyalik hamkasbiga qo‘ng‘iroq qilib, «Rossiya yaqin kunlarda Ukrainaga qarshi navbatdagi tajovuzni boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqishi bo‘yicha umumiy xavotirlarni muhokama qilgan».
Ukraina Milliy gvardiyasining shanba kuni Xerson atrofida o‘tkazgan o‘quv mashg‘uloti / Reuters
Shundan ko‘p vaqt o‘tmay Pentagon ikki mamlakat mudofaa vazirlari - Lloyd Ostin va Sergey Shoygu o‘rtasida ham telefon muloqoti o‘tkazilganini xabar qildi. Amerika tomoni xabarnomasida aytilishicha, «ular Qrim va Ukraina atrofida Rossiya qo‘shinlari oshib borayotganini muhokama qilgan».
Bundan tashqari, shu kuni Rossiya prezidenti yana bir bor telefon orqali fransuzlar yetakchisi Emmanuel Makron bilan muloqot qilgan, bu prezidentlar hafta boshida Moskvada qariyb olti soat davom etgan uchrashuv o‘tkazgandi. Kremldagilarning xabar qilishicha, bu muloqot 1 soat-u 40 daqiqa davom etgan va Ukraina masalasi muhokama qilingan. Muloqotdan keyin Yelisey saroyi tarqatgan ma’lumotda aniqlik kiritilishicha, Makron Putinga samimiy muloqot va harbiy keskinlik kuchayishi o‘zaro mos kelmasligini aytgan. Bundan tashqari, Fransiya prezidenti ofisidagilarning aytishicha, tomonlar Minsk kelishuvlarini amalga oshirish imkoniyatlari bo‘yicha «muloqotni davom ettirish istagini bildirgan».
Reuters Yelisey saroyidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Putinning gaplari Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishga tayyorligidan dalolat bermagan
Shu bilan birga Kremlning Putin va Makron muloqoti bo‘yicha xabarida aytilishicha, yetakchilar «Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujum rejalashtirgani haqidagi ivg‘oli mish-mishlar hamda zamonaviy qurollar yetkazib berish orqali Donbassga hujum boshlash uchun zarur sharoit yaratib berilayotgani bilan bog‘liq vaziyatni ham muhokama qilishgan».
Putin bilan telefon suhbatidan keyin Makron Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bog‘langan.
Zelenskiy vahima qilmaslikka chaqirmoqda
Zelenskiy shanba kuni ehtimoliy bosqin bo‘yicha spekulyatsiya ko‘payib ketganini aytdi: «Men hisoblaymanki, hozirda axborot makonida Rossiya Federatsiyasi tomonidan keng ko‘lamli hujum bo‘lishi haqida judayam ko‘payib ketdi. Hatto aniq kunini ham aytishyapti».
Foto: EPA
U 16 fevral kuni bosqin ro‘y berishi haqida dalil taqdim etishlarini so‘radi.
«Agar sizlarda yoki boshqalarda Rossiya 16 fevral kuni Ukrainaga yuz foiz bostirib kirishi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot bo‘lsa, iltimos, bizga bu ma’lumotni beringlar. Haqiqat shundaki, bizdagi ma’lumotlar bir-biridan farq qilmoqda. Endi esa dushmanning eng yaxshi do‘sti - mamlakatimizdagi vahima bo‘lib qoldi. Bu ma’lumot faqat vahima qo‘zg‘aydi va bizga yordam bermaydi», deya qo‘shimcha qilgan u.
Avvalroq AQSH Davlat kotibi Rossiya «istalgan daqiqada» Ukrainaga bosqin boshlashi mumkinligini aytgandi. «Hozirda biz vaqtinchalik turg‘unlik holatidamiz va hujum kutilmagan vaqtda amalga oshirilishi, hatto Olimpiya o‘yinlari vaqtida ham urush boshlanib ketishi mumkin. Soddaroq aytganda, biz Rossiya tomonidan eskalatsiya kuchaytirilishining juda xavotirli alomatlarini kuzatmoqdamiz, jumladan Ukraina bilan chegarada qo‘shin ko‘payishi davom etmoqda», degandi u.
Pekindagi Olimpiada 20 fevral kuni yakunlanadi; ko‘plab sharhlovchilar Rossiya bosqini boshlanish sanasini prognoz qilishda Putin Rossiyani qo‘llab-quvvatlagan yoki xayrixohlik bilan betaraf bo‘lgan Xitoy rahbari uchun juda muhim voqeaga soya solmaslik uchun O‘yinlar yakunlanishini kutishini aytishayotgandi, G‘arb bilan ziddiyat sharoitida Xitoyning qo‘llovi yoki betarafligi Rossiya uchun muhim.
AQSH Davlat kotibi Rossiya Ukrainaga bosqinni «istalgan mahal» boshlashi mumkinligini aytgan
Juma kuni Oq uy hujum evakuatsiyani qiyinlashtiradigan va tinch aholini xavf ostiga qo‘yadigan havodan zarbalar yo‘llash bilan boshlanishi mumkinligidan ogohlantirgandi.
AQSH ortidan ko‘plab davlatlar, jumladan Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Germaniya, Niderlandiya va Shveysariya kabi davlatlar ham o‘z fuqarolariga Ukrainaga bormaslikni, u yerda bo‘lib turganlarga esa zudlik bilan mamlakatni tark etishni tavsiya qila boshladi.
AQSH va G‘arbdagi boshqa mamlakatlar Rossiya Ukraina chegarasida, shuningdek, Belarus va anneksiya qilingan Qrimda bemisl qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plaganiga e’tibor qaratmoqda. Moskva Ukrainaga harbiy bosqin qilish rejasi yo‘qligini, rossiyalik harbiylar mamlakat hududi bo‘ylab harakatlanishi hech kimda tashvish uyg‘otmasligi kerakligini ta’kidlamoqda. Belarusga qo‘shinlar joylashtirilganini Moskva va Minsk 20 fevralga qadar davom etuvchi qo‘shma mashg‘ulotlar bilan izohlagan.
Evakuatsiya va optimizatsiya
Shanba kuni Ukraina poytaxti meriyasi hujum bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanganini ma’lum qildi.
«Shahar xizmatlari allaqachon harbiy xarakterdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish sharoitlarida ishlamoqda. Bizning sa’y-harakatlarimiz ehtimoliy provokatsiyalarning oldini olish yoki barataraf etishga hamda harbiy hujumga qarshi turishga qaratilgan», - deya qayd etadi Kiyev meri Vitaliy Klichko.
Kiyev aholisi, 2021 yil dekabridagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2,9 million kishidan oshgan.
AQSHning Kiyevdagi elchixonasi deyarli bo‘shab qolgan. Davlat departamenti xabariga ko‘ra, elchixonada konsullik xizmatlari ko‘rsatish to‘xtatilgan, maxfiy xizmatlar va texnikalar «qisqartirilgan»
AQSH bosqin tahdidi tufayli Kiyevdagi elchixonasi xodimlari soni qisqartirilishini ma’lum qilgan. Konsullik xizmatlari ko‘rsatish to‘xtatilgan, ikkinchi darajali vazifalarni bajaruvchi xodimlarga mamlakatni tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Xodimlarning oila a’zolariga yanvar oyi boshidayoq mamlakatdan ketish tavsiya etilgandi. Davlat departametida o‘tkazilgan yopiq brifingda PBS muxbirining Kiyevdagi elchixona xodimlari maxfiy hujjatlar va jihozlar yo‘q qilinishi borasidagi savoliga javoban, tasdiq javobi berilgan, lekin tafsilotlarga to‘xtalib o‘tilmagan.
Pentagon matbuot xizmati rahbari Jon Kirbining ma’lum qilishicha, Milliy gvardiyaning 160 nafar muhandisi vaqtincha Ukrainadan olib ketilishi bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Davlat departamenti xabariga ko‘ra, AQSH Amerika fuqarolariga favqulodda holatlarda xizmat ko‘rsatish uchun Lvovda «kichik konsullik vakolatxonasi»ni saqlab qoladi.
Shanba kuni Niderlandiyaning KLM aviakompaniyasi bosqin tahdidi kuchaygani tufayli Ukrainaga parvozlarni to‘xtatishi haqida ma’lum qildi. Shu kuni kechqurun Niderlandiyadan Kiyevga uchishi kerak bo‘lgan reys bekor qilingan. Aviaqatnov qachon tiklanishi noma’lum. Kompaniyadagilar buni xavfsizlik sohasidagi risk bilan izohlagan.
Buyuk Britaniyaning Ukrainadagi elchisi Melinda Simmons tvitterida o‘zi va dipmissiyaning asosiy jamoasi Kiyevda qolishini yozgan.
Avstraliya TIV Ukrainada xavfsizlik sohasidagi vaziyat yomonlashayotgani sababli Kiyevdagi elchixonasini boshqa shaharga ko‘chirmoqda. Elchixonaning barcha operatsiyalari Lvovdagi vaqtincha ofisdan amalga oshiriladi. Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli ham shu kabi chora haqida ma’lum qilgan.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainadagi vakolatxonalar xodimlari soni optimallashtirilishini e’lon qildi, ammo bu boshqa mamlakatlar «provokatsiyasi» bilan bog‘langan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi