Nima uchun haddan tashqari ozg‘inlik xavfli va kerakli vaznga qanday erishish mumkin?
Odatda, ortiqcha vazn organizm uchun jiddiy muammo ekanligi aytiladi, ammo vaznning kamligi xavfli buzilishdir. Avstriya Verba Mayr sog‘liqni saqlash markazining terapevti Sofya Maxova haddan tashqari ozg‘inlik haqida bilishingiz kerak bo‘lgan jihatlarni sanab o‘tdi.
Ortiqcha vazn yoki uning yetishmasligi xavfi haqida klinik tadqiqotlar bilan tasdiqlangan ko‘plab ma’lumotlar mavjud. Ozg‘inlik bilan organizmdagi ko‘plab tizimlarning ishini buzadigan jarayonlar boshlanadi va bu birinchi navbatda “yog‘ zaxirasi”ning tugashi bilan bog‘liq. “Yog‘ zaxirasi” tugagach, mushak tolalari vayron bo‘ladi, bu mushak massasining yetishmasligiga olib keladi. Bu mushaklar tana tayanch-harakat tizimining “skeletini” qo‘llab-quvvatlanishiga, organizmning kuchi va chidamliligiga ta’sir qiladi.
Bundan tashqari, mushak hujayralari mitoxondriyalar — organizmning “energiya rezervuari” bo‘lgan maxsus shakllanishlariga boy ekanligini unutmaslik kerak. Hujayralarning aynan shu sohalarida energiya ishlab chiqarish jarayonlari sodir bo‘ladi, shuning uchun mushak massasining yetishmasligi, albatta, energiya resurslarining tugashiga va organizm ishlashining pasayishiga olib keladi.
Haddan tashqari ozg‘inlik nima uchun xavfli?
- Mushak massasining yetishmasligi (sarkopeniya), kuch va chidamlilikning pasayishiga, shuningdek, quvvatsizlikka olib keladi.
- Organizmdagi protein tanqisligi barcha organlar va hujayralar, ayniqsa, biriktiruvchi to‘qimalar (teri, mushaklar, pay va bo‘g‘imlar)ning muhim qurilish materialidir.
- Yog‘da eriydigan vitaminlar yetarli emasligi — A va E vitaminlari kuchli antioksidantlar bo‘lib, hujayralar zararlanishining oldini oladi, ularning yetishmasligi erta qarishga olib keladi. D vitamini organizmdagi metabolizm va immunitet reaksiyasida (infeksiyalarga qarshi kurashish xususiyati) muhim rol o‘ynaydi.
- Foydali yog‘larning kamligi. Masalan, Omega-3 har qanday hujayra membranasining muhim tarkibiy qismidir. Membrananing zaifligi va beqarorligi bilan hujayra erta halok bo‘ladi, bu ham organizmning erta qarishiga olib keladi.
- Jinsiy gormonlar muvozanatining buzilishi. Barcha jinsiy gormonlar xolesterindan hosil bo‘ladi, ularning manbai oziq-ovqat yog‘laridir. Uning yetishmasligi bilan jinsiy gormonlar muvozanati buzilishi mumkin.
Haddan tashqari ozg‘inlikdan qanday qutulsa bo‘ladi?
- Vazn yo‘qotish sababini aniqlang. Ovqatlanish odatlari, psixologik stress yoki kasallik (parazitar infeksiyalar, qalqonsimon bez kasalliklari, oshqozon-ichak trakti bilan bog‘liq muammolar va boshqalar). Muvozanatli vazn yo‘lida shifokor nazorati ostida uning yetishmasligi sababini bartaraf etish muhimdir.
- Protein, yog‘, uglevod nisbati bo‘yicha diyetangizni muvozanatlang. Bu nisbat genetik xususiyatlar va ovqatlanish odatlarini hisobga olgan holda individual ravishda belgilanishi kerak.
- Muntazam ovqatlanish. Uzoq vaqt davomida och yurmaslik va ovqatlanish vaqtini o‘tkazib yubormaslik muhimdir. Kunning bir vaqtida ovqatlanish tavsiya etiladi, unga mos ravishda gazaklar qo‘shilishi mumkin.
- Gipodinamiya bilan kurashing. Jismoniy faollikni kengaytirish — har qanday sport turi bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar, gimnastika, yoga, har kuni piyoda yoki velosipedda sayr qilish lozim.
- Vitamin tanqisligining oldini olish uchun organizmdagi vitamin va minerallar o‘rnini to‘ldirish.