14:00 / 05.12.2023
148

O‘RVI bilan kasallanganda nima qilmaslik kerak?

O‘RVI bilan kasallanganda nima qilmaslik kerak?

Foto: “Noviy ochag”
 Har qanday inson kamida bir yilda bir necha marta infeksiya yuqtirishiga qaramay, mavsumiy shamollashni juda yengil qabul qiladi. Agar kasallik paytida erta ishga borilsa yoki organizm ortiqcha zo‘riqsa, jiddiy asoratlar rivojlanishi mumkin, bu hatto hayot uchun xavfli. “Noviy ochag” nashri qanday odatlar sog‘ayishni kechiktirishi va kasallikni yanada og‘irlashtirishini ma’lum qildi.

Kasal bo‘lganda ishga borish

Dorilar yordamida alomatlar bostirilsa yoki niqob bilan himoyalanilsa ham, tuzalmasdan avval ishga bormaslik kerak. Birinchidan, virus atrofdagilarga yuqishi mumkin. Ikkinchidan, shu tarzda gripp va shamollash paytida yurak qo‘shimcha zo‘riqadi va bu vaqtda yurak xuruji xavfi 6 barobar ortadi.

Quchoqlashish

Quchoqlashish stressni kamaytirishga yordam beradi, bu kasallik paytida ham ish beradi. Ammo bemor yumshoq o‘yinchoqlari bilan quchoqlashgani ma’qul: oksitotsinning ko‘tarilishi taxminan bir xil bo‘ladi va quchoqlashish ularga zarar keltirmaydi. Alomatlar butunlay yo‘qolganidan keyin ham bir hafta ichida bemor virus tashuvchisi bo‘lib qoladi. Shunday ekan oila va do‘stlarni xavf ostiga qo‘ymaslik zarur.

Qo‘llarni yuvmaslik

Aksariyat respirator viruslar havo tomchilari orqali yuqadi, ammo uni kasal odam eshik tutqichi, kalit, kompyuter klaviaturasi yoki stol yuzasiga tegish orqali ham osonlik bilan yuqtirib olishi mumkin. Boshqalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun kasal bo‘lganda qo‘lni iloji boricha tez-tez yuvish, shuningdek, dezinfeksiyali salfetkalar bilan tegilgan narsalarni artib olish tavsiya etiladi.

Kechgacha film va seriallar tomosha qilish

Shamollash vaqtida serial va filmlarni tomosha qilish to‘g‘rimi? Afsuski, bu yaxshi yechim emas: axir, uyquda sarflangan har bir soat tiklanish uchun hal qiluvchi jarayon bo‘lishi mumkin. 2019 yilda Journal of Experimental Medicine jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yaxshi tungi uyqu T hujayralari deb ataladigan ba’zi maxsus immun hujayralarining samaradorligini oshirishi va shu bilan shifo jarayonini tezlashtirishi mumkin.

Sovuq dush qabul qilish

Aksariyat odamlar yuqori tana haroratini sovuq dush yoki hammom bilan tushirish mumkin, deb o‘ylaydi. Darhaqiqat, qisqa muddatli yengillikdan so‘ng harorat yanada yuqori ko‘tariladi va bu vaqtda shifokor yordami kerak bo‘ladi.

Ijtimoiy tadbirlarda qatnashish

Agar holat ancha yaxshilansa va do‘stlar bilan uchrashish uchun yetarli kuch bo‘lsa ham, barcha ijtimoiy tadbirlarni boshqa vaqtga qoldirgan ma’qul. Alomatlar to‘liq yo‘qolganidan keyin kamida yetti kun davomida virusni boshqalarga yuqtirmaslik uchun ixtiyoriy izolyatsiyani saqlash va jamoat joylariga borishdan bosh tortish kerak.

Noto‘g‘ri ichimlik ichish

Ko‘p miqdorda iliq ichimlik ichish — tez tuzalishning ikkita muhim tarkibiy qismidan biridir. Lekin ichimliklarni to‘g‘ri tanlash ham muhim: kofeinsiz, shakarsiz va, albatta, spirtsiz. Eng yaxshi tanlov limon va asalli iliq suv yoki minimal shakar miqdori bo‘lgan rezavorli ichimliklardir.

Noto‘g‘ri ovqatlanish

Kasallik vaqtida ishtaha butunlay yo‘qolishi mumkin, ammo bu ovqatdan bosh tortish uchun sabab emas: organizmga virusga qarshi kurashda yordam kerak. Shuning uchun to‘g‘ri ovqatlanish juda ham muhim. Ammo qovurilgan va fastfud yeguliklardan butunlay voz kechish lozim: zararli yog‘lar bilan to‘yingan oziq-ovqat immunitetni zaiflashtiradi, natijada organizm uchun virusga qarshi kurashish qiyinroq bo‘ladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘RVI bilan kasallanganda nima qilmaslik kerak?