19:38 / 04.02.2018
11 676

Bas qil demagancha gapirgandan ko‘ra, so‘ramagancha sukut saqlagan yaxshiroq

Bas qil demagancha gapirgandan ko‘ra, so‘ramagancha sukut saqlagan yaxshiroq
Xalqimizda “Aytilgan so‘z, otilgan o‘q” degan naql bor. Ortiqcha birorta narsani laqillab qo‘ymaslik uchun o‘zingni tiyib turish naqadar qiyin. Aynan mana shu xislat yetuk shaxsni, g‘o‘r odamdan ajratib turadi. Har bir aytgan so‘zimiz hayotimizga albatta ta’sir qiladi, biz buni hohlaymizmi yoki yo‘qmi buning ahamiyati yo‘q. “Yetti o‘lchab bir kes” degan ibratli maqol, gapiradigan har bir gapimizga nihoyatda mas’uliyat bilan yondoshishimiz zarurligini anglatib turibdi. O‘tkinchi tuyg‘ularga berilib, og‘zinga kelganini gapirgandan ko‘ra, yaxshisi sukut saqlash va har tomonlama o‘ylab so‘ngra javob bermoq foydaliroqdir.

Bu borada xalqimizning buyuk shoiri Alisher Navoining quyidagi misralarini esga olishni joiz deb topdim:

Og‘ziga kelganini demoq nodonning ishi
Oldiga kelganini yemoq hayvonning ishi.


Keling yaxshisi, atrofimizdagilarga ochiqcha aytishimiz tavsiya qilinmaydigan va o‘zimizning omonligimiz uchun zarur bo‘lgan ba’zi narsalar haqida suhbatlashsak. Nima deysiz? Siz rozi bo‘lsangiz boshlaymiz.

Saxovat. Birovlarga qilgan yaxshiliklaringiz, xayrli ishlaringiz haqida har joyda va har kimga gapirish kerak emas. Qilingan ezgulik haqida baland ovozda jar solinsa, u o‘zining qimmatini yo‘qotadi va hatto ba’zan kishida nafrat o‘yg‘otadi. Agar dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirmoqchi ekansiz, buni jimgina amalga oshirmoq zarur. Odamlarga nimanidir yetkazishning eng yaxshi yo‘li, bu o‘z xulqing bilan ezgulikni namoyish qila olishdir.

Zohidlik. Ro‘za tutayapsizmi? Parhez saqlayapsizmi? Sevgan kishingiz yoningizda bo‘lmaganligi uchun ba’zi narsalardan tiyilganmisiz? Yaxshilab o‘ylab ko‘ring, bunday o‘ta shaxsiy narsalarni birovlar bilishi shartmi? Agar haddan tashqari ko‘klarga ko‘tarib maqtaladigan bo‘lsa, har qanday jasorat va qahramonlik ham hech narsaga arzimas bo‘lib qoladi. Yaqin kishilaringizni, sizning matonatingiz haqida tahsin o‘qish zaruratidan qutqaring! Chunki bu tahsinlar chin dildan bo‘lmaydi…

Qahramonlik. Qahramon bo‘lishni hohlaysizmi? Qahramon bo‘ling! Kimgadir beg‘araz yordam bering, qo‘shningiz tomonidan ko‘chaga tashlangan axlatni yig‘ishtirib oling, xayrixoxligingizni ko‘rsating. Va bu haqda unuting! Agar siz bu haqda barchaga jar solish vasvasasidan o‘zingizni tiya olsangiz, ezgu ishlaringiz uchun albatta mukofot olasiz. Ishoning bu chin haqiqat.

Dindorlik. Siz xudojo‘y bo‘ldingizmi? So‘fiylik amaliyotini bajarayapsizmi? Juda yaxshi, lekin bu boshqalarni ham aynan shu ish bilan shug‘ullanishga da’vat qilish uchun sabab bo‘la olmaydi. Siz o‘zingizning dindorlik amaliyotingizni boshqa inson bilan bo‘lishish jarayonida, uning shunga o‘xshagan ish bilan shug‘ullanishga bo‘lgan istagini butun umrga so‘ndirib qo‘yishingiz mumkin! Unutmang har bir odamning o‘z tanlagan yo‘li bor va sizning qarashlaringizni tan olishga, siz tanlagan yo‘lni tanlashga hech kim hech qachon majbur emas.

Axloqlilik. Har qanday odam, har kuni qaysidir ma’noda zo‘rovonlik harakatini (bexosdan qurt-qumursqani bosib oladi yoki daraxtlarni sindiradi va h.k.) amalga oshiradi. Kimki o‘zining axloqliligi haqida jar solayotgan bo‘lsa, demak u munofiq va ikkiyuzlamachi odam. Sizning kamchiliklaringiz juda ko‘pligini o‘zingiz tan oling va haqiqatda kimligingizdan ko‘ra yaxshiroq ko‘rinishga harakat qilmang. Bu juda axmoqxona harakat va nihoyatda nodonlikdir!

Oilaviy hayot. Mojarolar har qanday oilada bo‘lib turadi. Yaxshisi bu haqda sukut saqlagan ma’qul, chunki nizo albatta bartaraf qilinadi va hayot yana iziga tushadi, siz haqingizdagi va yaqinlaringiz haqidagi fikrlar esa o‘zgaradi. Oilaviy hayotingiz haqida qanchalik kam gapirsangiz, shaxsiy hayotingizning shunchalik yaxshi tomonga o‘zgarishi, tinch va osuda kechish ehtimolligi oshib boradi.

Taom. Boshqa odamlarni mehmon qilish barobarida indamasdan bosiqlikni saqlagan ma’qul. Ovqat qanday mahsulotlardan qay yo‘sinda tayyorlanganligi haqida javramang, bu sizga obru keltirmaydi. Ovqatning yaxshi ta’mini mehmonning o‘zi ham baholash qobiliyatiga ega. Agar u hohlasa sizdan albatta taom tarkibi va tartibini so‘rab oladi. Ammo o‘zingizning oshpazlik talantingizni ro‘kach qilib maqtanaverish kerak emas.

Kelajak rejalar. O‘zingizning rejalaringiz haqida gapirib, boshqalarga kulgu bo‘lmang. Oxir-oqibatda ular o‘zgarishi, siz esa istalagan paytda bu hayotdan ko‘z yumishingiz mumkin. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Voqealarni oldindan rejalashtiring, mulohaza bilan harakat qiling ammo kelajak haqidagi umidlaringizni hech kim bilan bo‘lishmang.

Farzandlar. Agar sizning bolangizning maktabdagi yutuqlari haqida bilish boshqalar uchun juda qiziqarli deb o‘ylasangiz juda katta xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lasiz. O‘z bolasi haqidagi safsatalar bilan jamoatchilikni band qiladigan ota-onalar aslida juda baxtsizdirlar. Nazarimda ular uchun boshqa gapiradigan mavzu yo‘q. Siz ham boshqalarning siz haqingizda bunday o‘ylashlarini istamaysiz-ku.

Albatta hayotda eng nozik, eng qimmatbaho narsalar – xavotir, qayg‘u-hasrat, shubha-gumonlar, kutilmagan quvonch va boshqalar bilan bo‘lishish mumkin bo‘lgan odamlar bor. Ammo ular juda kam! Insoning madaniyatliligining birinchi belgisi bu, yuzaki tanishlarni va eng yaqin kishilarni bir-biridan ajrata olishidir. Sizni yaxshi bilmaydigan odam, sizning hasratlaringizdan butunlay noto‘g‘ri xulosalar chiqarishi mumkin!

Doim teran va xotirjam bo‘ling, kam gapiring va ko‘proq tinglang. Bu sizga bekam-ko‘st yashashga, bexovotir hayot kechirishga ko‘mak beradi.

So‘ngi so‘z o‘rnida quyidagi so‘zlarimni hech qachon yodingizdan chiqarmang!

Sizning barcha gapirganlaringiz o‘zingizga qarshi ishlatilishi mumkin. Tilingizni tiying!
Bas qil demagancha gapirgandan ko‘ra, so‘ramagancha sukut saqlagan yaxshiroq.

Manba: usm.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bas qil demagancha gapirgandan ko‘ra, so‘ramagancha sukut saqlagan yaxshiroq