00:25 / 25.12.2018
5 408

Go‘r azobi… (4-qism) (mistika)

Go‘r azobi… (4-qism) (mistika)
Shu ko‘yi qancha yotdim, bilmayman. Men xotiram, tuyg‘ularim, tafakkurdan butkul ayrodek edim. Jonim og‘riyotganini his etardim-u, ammo dunyoni anglash imkonidan mahrum edim.

Ko‘zlarim ochilgach, tepamda qaysidir barzangi tik turganini ko‘rdim. U ham xuddi iblis kabi qora ro‘dapoga o‘ralgan, ko‘zlari yonardi.

— Xo‘sh, uyg‘ondingmi? — so‘radi u do‘rillagan, beo‘xshov tovushda. — Endi o‘rningdan tur!

Hayotlik chog‘im bo‘lsa, bu yaramasni mendek boyvachchaga buyruq bergani uchun yaxshigina jazolagan bo‘lardim. Ammo shu tobda o‘zim sezmagan holda buyruqni ado etdim. O‘rnimdan turib barzangining ko‘zlariga qattiqroq tikildim.

— Meni qabrga olib bor, — dedim beixtiyor toqatsizlanib. — Kim bo‘lsangam olib bor meni qabrimga! Qiynalib ketdim!

— Meni tanimadingmi? — so‘radi barzangi. — Nahotki?

— Tanishniyam istamayman! Olib bor tezroq!

— Yo‘q, — dedi u. — Oldin mening kimligimdan boxabar bo‘lasan! Boshqa gap-so‘zga o‘rin yo‘q.

— Xo‘sh, kimsan? Iblisning qullaridandirsan-da! Kim bo‘larding!

— Afsus, o‘lib ham ko‘zing ochilmabdi sening! Men o‘ng yelkangdagi qo‘riqchi farishtang edim. Hamisha sening yoningni olardim. Xudoyimga yolvorib g‘azabidan seni asrashga intilardim. Baxtga qarshi sen o‘zinggamas, mengayam jabr qilding. Qara, go‘rso‘xta, sening dastingdan mengayam manavi qora ro‘daponi kiydirib qo‘yishdi. Bu biz farishtalar uchun g‘irt sharmandalik. Qachon tavba qilib o‘sha qilmishingga yarasha jazoingni olmaguningcha, xudoyim meniyam kechirmaydi. Qora ro‘daponi egnimdan yechib olib, oppoq, o‘zimning qadrdon libosimga almashtirmaydi. Tushunyapsanmi, badbaxt?..

Shu gaplarni eshitganimdan so‘ng yana vujudimni manmanlik, kalondimog‘lik hissi chulg‘adi. O‘zimni yanada tetikroq, bardamroq, kuchliroq his eta boshladim.

— Xo‘sh, qanday ayb qilibmanki, — dedim barzangiga nafrat aralash boqib. — Seniyam jazolashibdi? Ayt, yalangoyoq!..

— Meni haqorat qilma, — dedi barzangi ovozini hiyla pasaytirib. — O‘zingga yomon bo‘ladi.

— Xo‘p, ayt o‘sha aybimni!

— Tavba qilasanmi? Menga yordam berasanmi?

— Vey, namuncha chaynalasan? — men barzangi past kela boshlaganini ko‘rib battar dadillashdim. — Ko‘rsat o‘sha aybimni zo‘r bo‘lsang!

— Uni men ko‘rsatmayman! O‘zing mana shu qorong‘ilik qa’rida chap tomonga qarab yurasan. Ketaverasan, oxiri aybingning qarshisidan chiqasan…

Barzangining diydiyolarini ortiq tinglashga toqatim yetmasdi. Jahdim o‘zimga bo‘ysunmas darajada tutoqar, nuqul pishqira boshlagandim.

Xuddi shu holatda, mahluq yanglig‘ pishqirgancha xayr-ma’zurni-da nasya qilib oldinga intildim…

* * *

Qadamlarim horg‘in, hammayog‘im simillab og‘rir, o‘zimni xuddi qattiq kaltaklangan kabi ojiz his etardim.

Shu ko‘yi ketib borardim-u, nuqul o‘ylardim, bosh qotirardim. Ammo o‘ylarimning oxiriga yeta olmasdim.

To‘g‘ri, men farishta emasman. Tiriklik chog‘imda keragicha ayb ishlar qilganman, gunohlarga yo‘l qo‘yganman. Ammo anavi barzangini xudoning g‘azabiga duchor etadigan darajadagi og‘ir gunohim qaysi? Birovlarni qaqshatib pora olganimmi? Yo qotil yollab raqiblarim, raqobatchilar, yo‘rig‘imga yurmaganlarni o‘ldirganimmi? Yana qanday gunohim bo‘lishi mumkinki, bir farishtaga jabr qilgan bo‘lsam?..

Aksiga olgandek, zulmat tobora quyuqlasha borardi. Men hadeganda turtinar, qoqinar, ba’zida oyoqlarim ostidagi chuqurlarni ko‘rmay, dumalab ketardim. Lekin yana o‘rnimdan qo‘zg‘alib oldinga intilardim. O‘sha gunohimning neligini bilishga, aniqlashga, o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishga oshifta edim…

Yana hayron bo‘lardim. Axir, o‘lgan bo‘lsam, jasadim allaqachon qabr ichkarisida bo‘lsa, qanday tik oyoqda yuribman o‘zi? Qay yo‘l bilan ko‘ra olyapman? Ko‘zlarim ham, qo‘l-oyoqlarim, jussam ham jasadimda qolgan emasmidi?..

— Hezala-ak!!! — daf’atan azbaroyi alamga to‘lganimdanmi, baqirib yubordim. — Men o‘sha To‘xtamishga aytdim! Qo‘y, yo‘l oldidan ichmaylik, rulga mast ahvolda o‘tirmagin deb tavallo qildim! Iflos, tilyog‘lamachilik qilib turib oldi. Mana, oqibati nima bo‘ldi? O‘ldim, manavinaqangi xilqatlar asiriga aylandim. O‘zi-chi?.. Ha, To‘xtamish haydovchim ham o‘lgandi adashmasam o‘sha avariyada. Qani u? Nega men turgan zulmat qa’rida u ko‘rinmayapti? Vaholanki, o‘sha haydovchim ham barzangi aytmoqchi gunohlarimga sheriklik qilgan. Birovga gullab qo‘ymasin deb kissasiga nuqul pul tiqqanman, nozaninlarning zo‘rlarini qo‘yniga solib qo‘yganman. Qani u? Nega men bilan birga qiynalmayapti? Tahqirlanmayapti?..

Savollar ko‘p edi. Ammo ularga javob topishning o‘zi bo‘lmasdi. Javob qidira boshladim deguncha tafakkur qulf osilgan eshik kabi tosh qotardi…

Bilmadim, qancha yo‘l bosdim, necha marotaba yiqilib-surindim, dumaladim ekan. Bilganim a’zoyi badanim jirkanch, badbo‘y, yopishqoq balchiqqa belangani bo‘ldi. Ne qilay? «Boylar ham yig‘laydi» deganlari shu bo‘lsa kerak-da! E, yo‘-o‘q, yig‘lab bo‘pman! Yorug‘ dunyolariyam, manavi men turgan dunyosiyam bir xil. Bunga shubham yo‘q. Axir, ikkovidayam odamlar yashayapti! Manavi dunyodagilar ko‘zga ko‘rinmaydi xolos. Lekin hisob-kitob, muomala degani bir-ku! Shu yerdayam bordir yo‘rig‘imga yuradiganlar, kelishsa bo‘ladiganlar!?. Ana, shayton, iblis! Yuribdi-ku! Pul taklif qilay-chi, olmasmikan! Oladi-i! Olmaydigani hali-veri tug‘ilmaydi, ha!.. Biroq barzangi aytgan gunohim ichimni qizdiryapti-da baribir! Men uni aniqlashim kerak. Yo‘qsa, tinchimayman shekilli. Ko‘raman, tekshirib boqaman. Xo‘sh, nima o‘zgaradi? Qaysi boy gunoh qilmabdi? Hammayam tirik jon, bilibmi-bilmaymi, ayb qilib qo‘yadi-da!..

Shu mahal hov narida shamga o‘xshash narsalar yonib turganiga ko‘zim tushdi-yu, battar qiziqsinib qadamimni tezlatdim. To‘g‘risi, qorong‘ilikda turtinaverish jonimga tekkandi. Faqat o‘zimga o‘zim «Shu dunyosigayam yaxshilab joylashib olsam, tanish-bilish orttirsam, bu qorong‘iliklarigayam sham o‘rnattiraman», degan o‘y bilan tasalli berardim…

Nihoyat o‘sha joyga yetib keldim. Taxminan ellik kvadrat metr keladigan maydoncha. O‘rtasiga o‘zidan pushti rangli nurlar taratayotgan g‘alatomuz gul ekilibdi. Gul qarshisida o‘rta bo‘yli, ozg‘indan kelgan, sochlari taqimini o‘pgan bir qiz menga orqa o‘girib o‘tirardi…

Yo‘q, uni tanimadim. Faqat… Hayron bo‘ldim. O‘zga dunyoga qadam qo‘yganimdan beri faqat zulmatni ko‘rgandim. Bunisi esa g‘alati bo‘ldi. Bu qiz kim o‘zi? O‘ynashlarimdan birining qizimikan? Unda nima qilib o‘tiribdi bu yerda? Shunday yosh qiz nega o‘ldi? O‘lgan desam, tirik-ku! O‘lsa qabrda yotmasmidi?.. Ha-ya, xomkallam ishlamay qoldi tag‘in. O‘zim ham o‘lganman. Yuribman-ku balchiqma-balchiq… Be, bu dunyosidayam haqiqat yo‘g‘akan. Menday yurt so‘ragan odamni balchiqqa botiribdi-yu, kecha tuxumdan chiqqan qizni gulzorga o‘tqazib qo‘yibdi. Shu adolatdanmi?..

Shu tobda yana bir tasodif yuz berdi. Tepamda go‘yo bo‘ron ovozi kabi vahimali shovqin ko‘tarildi-yu, birpasda tindi va to‘satdan qarshimda boyagi barzangi hozir bo‘ldi.

— Ha-a, yetib kelibsan-ku gunohingga! — dedi u masxaraomuz va tahdidli ohangda. — Tanidingmi anavi qizni?

— Yo‘q, — dedim toqatim toq bo‘lganini ochiq namoyish etib. — Menga qizig‘iyam yo‘q.

— Yo‘q, uni tanishing shart. Yoniga bor!.

Barzangining buyrug‘i yangragani hamono vujudimdagi maqtanchoqlik, kalondimog‘likdan asar ham qolmadi. Yana ojiz bir banda holatiga tushdim va itoatkorona qizning old tarafiga o‘tdim..

Ha, shundagina hammasini anglab yetdim.

Bu qiz bir paytlar o‘zim asrab olgan Nozima edi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Go‘r azobi… (4-qism) (mistika)