Tugallanmagan ishlar miyani charchatadi: ruhiy zo‘riqishni kamaytirishning 5 usuli

Ish kuni tugaganidan keyin ham xayolingiz ishdagi vazifalardan uzilmayaptimi? Tugallanmagan topshiriqlar, javobsiz xatlar va bajarilishi kerak bo‘lgan rejalar miyani band qilib, stressni kuchaytirishi mumkin. Psixologiyada bu holat Zeygarnik effekti deb ataladi.
1927 yilda rossiyalik psixolog Blyuma Zeygarnik tugallanmagan vazifalar inson xotirasida uzoqroq saqlanishini aniqlagan. Ya’ni odam yakuniga yetmagan ish haqida qayta-qayta o‘ylashi, uni tugatishga intilishi mumkin. Tadqiqotlar bunday holat ish bilan bog‘liq xavotirni kuchaytirishi va uyquga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar ishdagi vazifalar hali tugamagan bo‘lsa ham, miyaga dam berish va ruhiy zo‘riqishni kamaytirish uchun bir nechta oddiy usulni tavsiya qiladi.
1. Vazifalarni rejalashtiring
Barcha ishni bir kunda tugatishga urinish shart emas. Muhimi, qaysi vazifani qachon bajarishingizni aniq belgilash. Kun boshida ustuvor ishlarni yozib chiqish va ularga vaqt ajratish nazorat hissini kuchaytiradi.
Tugallanmagan vazifalarni ro‘yxatga kiritib qo‘yish ham foydali. Shunda miyangiz ularni unutib qo‘yishdan xavotirlanmaydi.
2. Ishdan tashqari vaqtda bildirishnomalarni o‘chiring
Ish vaqtidan keyin elektron pochta va xizmat yozishmalarini muntazam tekshirish ishdagi muammolarning shaxsiy hayotga ko‘chishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois ishga oid xabarlarni faqat belgilangan vaqtda ko‘rish, dam olish paytida esa bildirishnomalarni o‘chirib qo‘yish tavsiya etiladi.
3. Bir vaqtning o‘zida ko‘p ish boshlamang
Bir vazifadan boshqasiga tez-tez o‘tish diqqatni jamlashni qiyinlashtiradi. Bu esa miyaga tushadigan axborot yukini oshiradi.
Imkon qadar bir ishni yakunlab, keyingiciga o‘tish foydali. Agar vazifani tugatishning iloji bo‘lmasa, uni qayerda to‘xtatganingiz va keyingi qadam nima ekanini yozib qo‘ying.

4. Ta’til oldidan ishlarni tartibga soling
Dam olish yoki ta’til boshlanishidan oldin barcha vazifalarni tugatish shart emas. Biroq qaytgach, ishni qayerdan davom ettirishni bilish muhim.
Buning uchun bajarilmagan ishlar ro‘yxatini tuzish, muhim hujjatlarni tartibga keltirish va keyingi qadamlarni belgilab qo‘yish mumkin. Bu ta’til davomida ish haqida ortiqcha o‘ylashni kamaytiradi.
5. Ish va dam olish o‘rtasida odat yarating
Ish kuni tugaganini miyaga anglatish uchun kichik odatlarni shakllantirish mumkin. Masalan, noutbukni yig‘ishtirish, boshqa xonaga o‘tish yoki sayrga chiqish ish muhitidan ruhiy jihatdan uzoqlashishga yordam beradi.
Psixologlar bunday harakatlarni o‘tish marosimlari deb ataydi. Ular ish va shaxsiy hayot o‘rtasida aniq chegara yaratishga xizmat qiladi.
Tugallanmagan vazifalar haqida o‘ylash tabiiy holat. Biroq ularni rejalashtirish, ish vaqtiga chegara qo‘yish va dam olish uchun alohida vaqt ajratish ruhiy zo‘riqishni kamaytirishi mumkin. Muhimi, barcha ishni birdaniga tugatishga emas, ularni izchil va tartibli bajarishga intilishdir.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…