10:28 / 09.01.2019
4 475

O‘limdan keyingi hayot… (6-qism. Mistika)

O‘limdan keyingi hayot… (6-qism. Mistika)
Biz manzilga yetib kelgach, vodiy o‘rtasidagi tog‘dan oqib tushayotgan soy bo‘yiga tushdik. Bu yerda shu qadar chiroyli, nafis gullar o‘sardiki, bunaqasini hech qayerda uchratmaganman. Agar ular yerdan ko‘karib chiqishmasa, ko‘zni qamashtirgudek yaltirashlarini ko‘rib olmosdan yasalganmi deb o‘ylashim muqarrar edi.
Men qo‘ng‘iroqcha tusidagi jajji gullar tomon chopdim. Bu qo‘ng‘iroqchasimon gullarning qiziq tomoni shunda ediki, qo‘ng‘iroqchalar salgina shabada essa ham o‘zidan ajoyib kuy taratardi.
— Anna, bizni kutishayapti! — yelkamdan tortdi Alyosha.
Men gullardan bazo‘r nigohlarimni olib ukamga ergashdim.
Sohildan sal narida unchalik katta bo‘lmagan, tomiga qamish yotqizilgan bir uy turardi. Ostonada esa oq-sariqdan kelgan, oppoq libosli bir ayol sochlari yoyiq holda bizni kutib oldi. Bildimki, bu o‘sha Olganing o‘zginasi.
— Demak, sen bizning Yerdagi eng so‘nggi avlodimizsan, shundaymi? — so‘radi u mendan. Alyosha, iltimosimni yerda qoldirmaganing uchun rahmat! Qani, ichkariga kiringlar!
Uyda faqat bittagina xona mavjud edi. Bir burchagiga chuqur o‘choq qurilgan, boshqa ibr burchida yog‘ochdan yasalgan to‘quv stanogi turibdi.
Olga stolga sut, non qo‘ydi.
— Qani, qondoshlarim, olinglar! — dedi Olga mayin jilmayish qilib.
Alyosha tiz cho‘kib ibodat qildi va shundan so‘ng barchamiz tamaddi qilishni boshladik.
Ovqatlanishdan so‘ng Olga bizga o‘z vodiysini tomosha qildirdi. Hzi o‘stirgan, parvarishlagan billur gullar haqida hayajon bilan hikoya qildi.
— Bu gullar faqat nam havodagina o‘sadi. — dedi u. — Quyosh nuri tegsa, shu zahoti qurib qolishadi. To‘g‘ri, qurisa ham baribir o‘z go‘zalligini yo‘qotmaydi0 Faqat barglari so‘lsa, odamning rahmi keladigan darajada mung‘ayib qolishadi. Bilasanmi, bu gullarni mendan bayramlar uchun olib ketishadi.
Bizni Olga sharshara qarshisiga olib bordi. Sharsharaning shundoq biqinida jun to‘shalgan kursi qo‘yilgandi. U bizni o‘tirishga taklif etdi.
— Ana endi men Annaga o‘z tariximni gapirib beraman. — dedi Olga. — Alyosha, sen ham eshit. Sengayam hech qachon gapirmaganman! Xullas, men qachonlardir Boltiq dengizi bo‘yida dunyoga kelganman. Men ulg‘ayib harbiy odamga turmushga chiqdim. Erim dengizda qaroqchilik qilardi. Afsuski, bir kuni hasadgo‘y qo‘shnimiz erimni o‘ldirib qo‘ydi. Axir, o‘rtada o‘g‘ilchamiz bor edi. U ham meni qutqarib qola olmadi. Azbaroyi kuyib ketganimdan bolani oyimga topshirdim-u, baland cho‘qqidan o‘zimni pastga tashladim…
Bu gapni eshitgach, nega uning jannatga tushmagani sababini tushunib yetgandek bo‘ldim. Ha, Olga o‘z joniga qasd qilgan ekan… bu orada u hikoyasini davom ettirdi:
— Yuz yildan ortiqroq erim ikkalamiz bir-birimizning qo‘llarimizni mahkam ushlagancha do‘zax ichra kezib yurdik. Ammo sevishdan, sevilishdan charchamadik. Do‘zaxda biz ham sen ko‘rgan jinlarni ko‘rdik. Biz yosh edik. Yosh olamdan o‘tgandik. Go‘zallikni qadrlardik. Shu sababli ularga ta’zim qilmadik. Hatto, erim ular bilan olishishga-da urinib ko‘rdi. Biroq buning iloji yo‘q edi. Jinlar erimning tutgan ishidan g‘azablanib, ikkalamizeni ham do‘zax oloviga tashlashdi. Biz bu olov girdobida uzoq vaqt azob chekdik. Shunda ham bir-birimizni tashlab ketmadik.
Shu qiynoqlar uzoq davom etdi. Kunlarning birida
Esa qarshimizda qutqaruvchilarimiz paydo bo‘lishdi. U Xudoga sig‘inish, uni tanish, tavba qilish kabilardan bizga saboq berdi.
So‘ngra jinlarni haydab solib bizni yorug‘lik sari yetakladi. Erim-chi?.. U ahmoqlik qilib farishtadan yuz o‘girdi. Ba’zilarga qo‘shilib, unga bo‘yin egishni xohlamadi. Natijada, biz bilan birga ketmay, do‘zaxda qolaverdi…
Qara, oradan ikki ming yil o‘tibdi. Biz hamon ko‘rishmadik…
Farishtamdan necha martalab erim haqida so‘radim. U ham jannatga yo‘l olishi mumkinmi-yo‘qmi ekanini surishtirdim. Yo‘q, Qiyomat kuniga qadar erim do‘zaxda qolishga mahku3m ekan. Taqdirga tan berdim… Mana, kutayapman… Xudoyim uni mana shu vodiyda kutishimni buyurgan.
Biz Odam Ato haydab solingandan keyin ilk bor jannatga qadam bosganlar edik. Oh, u yer ajoyib edi. Ishlab, ibodat qilib ruhan yengil tortardik. Afsuski, kunlarning birida meni mana shu vodiyga keltirib tashlashdi. Erimni kutishim lozimligini tayinlashdi…
Qaraki, ikki ming yil o‘tib seni uchratib turibman. Lekin… Sen ham ketib qolarkansan. Bilasanmi, nega seni chaqirtirdim?
— Yo‘q.
— Erimni sog‘inaman. Mabodo uni ko‘rib qolsang, hanuz sevishimni, kutayotganimni yetkazgin!
— Eringizni umuman ko‘rmaganman-ku! Qanday taniyman?
— Uni tanish qiyin emas. O‘ng ko‘zi yo‘q. Aytginki, men Yerda qanday sevgan bo‘lsam, bu yerda ham sevishdan tiyilgan emasman. Hech bo‘lmasa Qiyomatda ko‘rishishdan umidvorman.
Shunday deb Olga o‘rnidan turdi.
— Mayli, endi xayrlashaylik! — meni bag‘riga bosdi Olga. — Seni juda yaxshi ko‘raman, Anna! Oq yo‘l senga!
Biz Alyosha bilan oldinma ketin o‘zimizning vodiy tomon parvoz qildik. Uyda bizni oila a’zolarimiz va farishtam sabrsizlik bilan kutib o‘tirishardi.
Nima qilay? Ertasi kuni barchalari bilan vidolashdim. O‘zimni tuta olmay, yig‘lab yubordim. Axir, biz endi yaqinlarim bilan to Qiyomat kuniga qadar ko‘rishmaymiz!
— Alvido, qondoshlarim!.. Alvido oltin vodiy!..
Meni farishtam qanotlari ostiga olib havoga ko‘tarildi. Ko‘z ochib yumguncha vodiy ortda qoldi. Biz tobora balandga ko‘tarilib borardik. Men farishtamning pinjiga mahkam yuzimni bosib piq-piq yig‘lardim…
***
Jannat vodiysining oltinrang bulutlari ortda qoldi. Biz moviy bo‘shliq ichra uzoq vaqt parvoz qildik. Keyinroq oldinda qora bulutlar paydo bo‘lib biz ular orasiga kirib bordik. Menga Yer shundoq ostimizdadek tuyulardi. Chapda ham, o‘ngda ham to‘q yashil archa bilan qoplangan tog‘lar ko‘zga tashlanardi. Biz tor, chuqur g‘or ichiga uchib kirdik. Bu yer juda dim va sovuq edi. Farishtam ehtiyotkorlik bilan pastlab, meni bo‘shatdi. Uyog‘iga piyoda ketdik.
Yurib borarkanmiz, oyoqlarimiz ostidagi yer tobora pastga cho‘ka boshlaganini his etardim.
— Qayerga ketayapmiz o‘zi? — so‘radim farishtamdan qo‘rquv aralash.
— Yer ostiga tushib borayapmiz. — javob qildi farishtam. Seni taqdiri arosatda qolgan ruhlar yashaydigan joy chegarasigacha olib borishim lozim. O‘sha yerda biz xayrlashamiz.
Men farishtamning qo‘lidan mahkam ushlab oldim. Ancha yurgach, oldinda boshqa bir g‘orning eshigi ko‘rindi. Ochiq eshik atrofini zaharli tuman qoplagandi. Kiraverishda o‘zimga tanish jinlar ko‘rindi. Ular bizni payqab panjalarini bir-biriga urgancha shataloq otib o‘ynay ketishdi. Ammo farishtam jinlarga baqirib bergandi, shu lahzadayoq qochib qolishdi.
Biz ikkinchi g‘or ichiga kirdik. Bu yerda zulmat hukmron edi. Faqat farishtamgina o‘z nurlari yordamida yo‘limizni yoritib borardi. Borgan sari nam, issiq havo ta’sirida bo‘g‘ila boshlardim.
— Hali uzoq yuramizmi? — so‘radim oxiri toqatim toq bo‘lib.
— Ha. Bu yer do‘zaxning bir sahrosi. Esingda tut, bu yerdan oxirigacha yurib borish va dengizga chiqib olish kerak. Dengizdan su3zib o‘tgach, sen kabi arosatda qolgan ruhlar maskanini qidirib topish shart. O‘sha yerda ruhlar Xudoga nola qilishadi, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Lekin bungacha yurishing va yana yurishing zarur.
— Menda ishonch nima qilsin?!.
— Olga seni o‘rgatmadimi ishonch bilan yashashga?
— Bilmayman. Men faqat siz aytgan so‘zlargagina tayanaman.
— Mayli, faqat o‘rgangan duolaringni esingdan chiqara ko‘rma! Juda asqotadi senga.
Yerosti yo‘li borgan sari kengayib, nihoyat biz tashqariga chiqdik. Men atrofni ko‘zdan kechirgan bo‘ldim.
Qarshimizdagi nimqorong‘i sahro edi. Tepamizda harakatsiz, og‘ir bulutlar… Qayerlardandir yalang‘och cho‘qqilar ko‘zga tashlanardi. Xuddi pashshaniki kabi vizillagan tovush sahro kezardi.
Men farishtamdan nimanidir so‘rash niyatida boshimni ko‘atrdim. Uning ko‘zlaridan yosh sizib chiqardi. Shu ondayoq nima so‘rashimni ham unutdim.
— Meni deb yig‘layapsizmi?
— Ha, — dedi u. — endi seni tark etishim shart.
— Mayli, boravering. Faqat qayerga borishimni aytsangiz bo‘ldi.
Farishtam yana qaytadan menga duolar haqida eslatdi.
Kutilmaganda boshimda qattiq og‘riq tuyib tosh ustiga o‘tirib oldim. Shu o‘tirganimcha, mudrab qolganimni sezmabman ham.
Ko‘zimni ochganimda, hamon farishtam menga ado etishim lozim bo‘lgan ishlarni uqtirishda davom etardi. Negadir toqatim toq bo‘lib tag‘in ko‘zlarimni yumdim. Uxlarkanman, tanam og‘irlashib borar, xayolimdan turli-tuman yomon o‘ylar o‘tardi. O‘zimni xuddi og‘ir kasaldek his etardim…
Ana, olisda baland cho‘qqilar ko‘zga tashlandi. Men o‘sha tarafga qarab yurdim. Bilmayman, qancha vaqt yo‘l bosdim. Xuddi behush odam kabi telbalarcha ketib boraverdim. Nihoyat cho‘qqiga yetib bordim. Xo‘sh, endi nima qilaman?
Qachonlardir yoshligimda alpinizm bilan ham shug‘ullanganim bor. Nimalardir yodimda qolgani rost. Cho‘qqilardagi kovak-teshiklarni mo‘ljalga oldim-u, yuqoriga chiqa boshladim. Shu ko‘yi toshdan toshga tirmasha-tirmasha, yuqorilayverdim. Bir tomondan charchagandim. Ikkinchidan, qornim juda ochiqqan. Sao qo‘limni bo‘sh qo‘ysam, anavi jarlik qa’riga qulashim tayin. Nima meni cho‘qqiga chiqishga majbur etdi o‘zi? Uxlayotgandim shekilli?.. Qayerga ketayapman?..
Bir mahal ikki tomondagi cho‘qqi bir-biriga yaqinlashib, o‘rtada qorong‘i g‘or paydo bo‘ldi.
— Ana, shu g‘orga kiraman. — o‘yladim men. — Suv bo‘lsa ajabmas.
G‘or ichi juda sovuq edi. Oyoqlarimga mayda toshlar botib dodlaguday holatda edim.
Xayriyat, g‘ordan ham chiqib oldim. Ko‘z o‘ngimda kattakon ko‘l namoyon bo‘ldi. Ko‘l bo‘yida — shundoq yaqinimda malla sochli bir ayol cho‘zilib yotardi. Sekin borib yelkasidan turtdim. Ayol men tomon o‘girilib, bir ko‘zini ochdi.
— Nima, senga joy kamlik qilayaptimi? — so‘radi u shivirlab.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ayolning bo‘ynida arqon izlari… Uni ko‘tarib o‘rnidan qo‘zxg‘atmoqchi bo‘ldim.
— Tegma menga! — bu safar baqirib berdi ayol. — Nari ket! O‘shayoqda yotaver! Joy hammaga yetib ortadi.
Nari ketdim. Qarangki, sohildan uzoqlashganim sayin tanasi muzga aylangan, har tarafda cho‘zilib yotgan odamlarga duch kelardim.
— Uyoqdan-buyoqqa yuraverib bizning tinchimizni buzaverma! — baqirishardi ular yotgan yerlaridan. — Yaxshisi, sen ham yot! Hammasi tugadi. Faqat shu yerdagina xotirjam tortasan!.. Bekorga ketayapsa-a-an!!!
Menga qayerga borishning ahamiyati yo‘q edi. Boshim oqqan tarafga yurib borardim.
Ancha yurgach, muzga aylanganlarning boshqa bir guruhiga duch keldim. Ular sezilarli tezlikda semirib borishardi.
Afsuski, yugurishga holim yo‘q. Omadim bor ekan. Katta bir yo‘lga ko‘zim tushdi. Sal yurganimdan so‘ng ko‘l ortda qoldi. Sovqotmay ham qo‘ydim.
Yo‘lda uyqusiragan odamlarni ko‘rdim. Ular yonginamdan indamaygina o‘tib borishardi.
Faqat biri to‘xtab, mendan so‘rab qoldi:
— Qayg‘u ko‘ligacha hali uzoqmi?
— Jinni bo‘libsiz. — dedim unga. — Uyoqqa bormang! Afsuslanasiz!..
Yo‘l yura-yura qora uylar bilan o‘ralgan shaharsimon joyga yetib keldim. Qora uylandan biriga yaqin bordim. Ajablanarlisi, uylar matodan emas, kulrang toshlardan qurilgan, hatto, tomlari bor, derazasiz, eshik o‘rnida teshiklar qoldirilgan. Ichkariga kirmoqchi bo‘ldim. Ammo to‘la odam ekan. Oyoq tovushlarimni eshitishlari hamono baravariga baqira boshlashdi.
— Yo‘qol bu yerdan! Bu yerda senga joy yo‘q! Ket!
Men yalinib yolvordim. Bir burchakdan bo‘lsa-da, joy berishlarini so‘radim. Hech kim quloq tutishni istamadi. Alamim kelib tashqari devorga suyandim-u, ko‘zlarimni yumdim. Charchoqmi, ochlikmi, iztiroblarmi yengib tez orada uyquga ketdim.
(davomi bor)
YuLIYa VOZNESENSKAYa
Ruschadan Olimjon HAYIT tarjimasi

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘limdan keyingi hayot… (6-qism. Mistika)