Bir vaqtlar Oʻrta Yer dengizi oʻrtasidagi Malta orolida sayohatda boʻlgandim. Borganimning birinchi kuni jimitgina oʻlkaning torgina koʻchasida bir kishi bilan tanishib qoldim. Ota-bobolari Italiyadan, oʻzi shu yerda tugʻilgan ekan. Sabzavot yetishtirarkan. U yurtining goʻzalligi, ajoyib tarixi borligi, vatanini hech narsaga alishmasligi haqida shunaqangi joʻshib soʻzladiki, beixtiyor men ham Maltani sevib qoldim. Keyin bilsam, orol faqat tosh va qotgan lavadan iborat, chuchuk suv manbalari deyarli yoʻq, tuproqni ham, ichimlik suvini ham chetdan tashib keltirishar ekan. Ana shunday yaydoq, sharoiti yoʻq bir oʻlkani “vatan” deya sevish, faqat sayyohlarga xizmat koʻrsatish bilan mashgʻul maltaliklarni dunyodagi eng baxtiyor xalq, deb ardoqlab yurgan oʻsha maltalikni keyinchalik yana koʻp marta eslashga toʻgʻri keldi.
Bir tijoratchi hamyurtim chet eldan xizmat safari bilan kelgan sarmoyador sheriklarga yaktak-chopondagi sodda otasining sodda qiyofasidan “uyalib”, bu kishi qarindoshimiz, deb tanishtirganini eshitganimda oʻsha maltalikni oʻyladim.
Viloyatlardan poytaxtga kelgan yoki ish axtarib boshqa oʻlkalarga ketayotgan yoshlarning “boshqa viloyatdan kelganim yoki oʻzbekligim bilinib qolmasin” degan “andisha”da boshdagi doʻppisini darrov jomadonning eng tubiga yashirganini koʻrganda oʻsha maltalik esga tushaverdi.
Oʻzbekning bir tanti shoiri “Oʻzbek ekaningiz yolgʻon, yigitcha, Belbogʻingiz qani belingizdagi?!” yoki “Doʻppi kiymay qoʻydi odamlar… Kinolarda qolgʻon doʻppilar” deya iztirob chekkanida ham, boshqa bir oʻzbek shoirining “Qayga bormay boshda doʻppim, shuhratim, qadrim buyuk” satrlarini oʻqigan bugungi oʻquvchining ne kuyga tushishini oʻylaganda ham olis yurtdagi vatanparvar maltalik xayolga kelaverdi.
Vatanning, millatning yaxshi-yomoni boʻlmaydi, vatan va millat tanlanmaydi. Shunday boʻlgach, qay bir xalq milliy anʼana va urf-odatlaridan chekina boshlasa, asta-sekin milliy asoslaridan ham ajraydi. Asoslaridan ajragach esa, kelgindi mustamlakachilarga osongina qul boʻladi va ular mafkurasi domiga tez tushadi. Bunga yaqin tariximizda misol yetarli. Alixontoʻra Sogʻuniy aytganlaridek, “Har bir millatga imon-Islomini saqlash Qurʼon hukmicha qanday farz boʻlsa, shu oʻxshash oʻzligini va oʻz millatini saqlash ham farzroqdir… Paygʻambar alayhissalom nasabidan tonganga laʼnat aytganlar. Bir millat tili, dini, rasm-odati boshqa ikkinchi bir millatga yutilishiga tomoshabin boʻlib turish ham millatga xiyonatdan boshqa narsa emas!”
Milliy oʻzligimizni asrashda ishlarning katta-kichigi, keraklisi yo keraksizi boʻlmaydi. Faqat jinday gʻurur, nomus va hamiyat, millatdan faxrlanish va eʼtibor lozim. Ammo hozir koʻpchiligimizda ana shu narsalar yetishmayapti.
Atrofimizga bir nazar tashlang: har qadamda chet elliklarning urf-odatlariga va kiyinishiga, hatto oʻzlari “puf sassiq” qilgan gʻarb “madaniyati”ga taqlidni koʻrasiz. Qurgan koʻpgina imoratlarimiz Italiya yoki Estoniyadagi kabi uchburchak, konussimon tomli binolardan aytarli farqlanmaydi. Binolar devoriyu peshtoqlariga milliy-diniy qadriyatlarimizga mutlaqo yot shakl-naqshlar, hatto xoch tasvirlarini tushirishayotgani bilan ham ishimiz yoʻq. Doʻkonlarning “market”ga, goʻshtkuydining “gamburger” va “xot-dok”ka, ishboshining “menejer”ga, tijoratning “biznes”ga, idoraning “ofis”ga, tomoshaning “shou”ga aylanganiga koʻnikib boʻldik. Hatto chet ellik mehmonlar oldida oʻzining oʻzbekligidan xijolat chekadiganlar ham topilib qoladi. Ota-bobolari ikki qoʻllab, quchoqlashib salomlashgan millat farzandlari bugun qoʻchqorlarday kalla urishtirib, oʻpishib koʻrishadigan boʻlishdi.
Vaholanki, oʻzbeklar turmushi, yurti, tarixi, urf-odatlari, odobiyu mehmondoʻstligi haqida toʻlqinlanib yozmagan yo maqtamagan sayyoh qolmagan, hisob. Bir juftgina misol: Oʻzbekistonda boʻlgan bir ispan elshunos (etnograf) olimi oʻzbek qizchasining oʻrnidan turib mehmonga choy uzatishdagi nozik nazokati va ibosiga shu paytgacha toʻplagan bor tadqiqotlarini almashtirishga rozi ekanini yozsa, Samarqand va Buxoroda boʻlgan bir farang sayyohi “Bu yurtda qurilgan hatto binolar ham kishiga xotirjamlik va taskin bagʻishlaydi-ya”, deya qoyil qolganini bildiradi.
Ammo ana shunday shuhratli elning ayrim farzandlari bugun oʻz sarchashmalarini unutib, oʻzgalar nogʻorasiga oʻynab yurishibdi. Kiyinish va soʻzlashishdagi milliylik haqida-ku, gapirmasa ham boʻlar?! Taniqli olim Qozoqboy Yoʻldoshev aytganiday, “hozircha aynan onalarning haybarakallasi va qoʻllab-quvvatlashi tufayli oʻzbek qizlarining sharmandali yechinish (chunki kiyinish deb boʻlmaydi) jarayoni shiddat bilan ketmoqda” Koʻzdan yashirilishi lozim boʻlgan tanani iloji boricha koʻproq ochishga intilish, kiyinishda maʼnaviyati, madaniyati tamoman farqli xalqlarga taqlid qilish millatimiz milliy ildizlariga urilgan bolta kabi boʻlyapti. Andishasizlik, hayosizlik, nomussizlik, shaytoniy istaklarga qul boʻlish millat tarixida hech qachon bugungiday umummilliy tus olmagan edi.
Yana yuqoridagi olim taʼrificha, “azaldan faqat tili va koʻzi gapirgan oʻzbek qizi” bugun gʻarbona kinoseriallar qahramonlariga taqlid qilib, ogʻzi, qoʻli, qosh-koʻzi, butun vujudi bilan bidillab gapira boshladi. Bu borada televideniye boshlovchilari ayniqsa uloqni olib qochishyapti. Qoʻshiqchi ayollarning ogʻzini katta ochib, boʻgʻzigacha koʻrsatib kuylashi ham urfga kiryapti. Yigit-qizlarning til madaniyati qon qaqshamoqda: soʻzlaganda ajnabiy soʻzlarni qorishtirish, jumlalarni uzuq-yuluq qilib tuzish, baqir-chaqir va turli harakatlar bilan gapirish, gapda “tekinxoʻr” soʻz va jargonlarni koʻp qoʻllash, soʻz fasohatiyu balogʻatiga butunlay befarqlik milliy anʼanalarimizga tamoman yot ekani ularni mutlaqo tashvishlantirmayapti.
Tashqi koʻrinishidan milliylikning yoʻqolishi odamlarning ichki qiyofasiga, ruhiyatigayu milliy mentalitetiga ham taʼsir oʻtkazmasdan qolmayapti. Ish shunga borib yetdiki, eriga itoatli ayol goʻyo “zulm ostida qolganmish”, uyiga borish uchun kuyovdan ruxsat soʻragan kelinning “insoniy huquqlari toptalayotgan emish”, qoʻshnisinikida ixtiyoriy hasharda qatnashgan kishi “mehnatiga haq olishi kerak emish”, ota-onasini hurmatlagan oʻgʻilning “erki oʻzida emasmish”, farzand tarbiyasi va oila baxtini biror yerda ishlashdan afzal bilgan ayol “jamiyatdan uzilib qolganmish”. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Xalqimizning milliy ruhiyatini anglay olmagan ajnabiy “maslahatgoʻy”lar nazdida andisha – qoʻrqoqlikka, hayo – mazlumalikka, yordam va xayriya qilish – isrofga, silai rahm – milliy mahdudlikka tenglashtiriladi.
Toshkentdagi toʻy-maʼrakalardayu katta izdihomlarda doim oppoq yaktak va doʻppi kiyib, qoʻsh belbogʻ bogʻlab, chust pichogʻi osib, koʻkragini kerib viqor bilan yuradigan Tursunali polvon bugun yolgʻizlanib qoldi. Millat maʼnaviyati oynasi hisoblangan “Oynai jahon”da mashhur raqqosalar Mukarrama Turgʻunboyeva, Qizlarxon Doʻstmuhammedova kabi kiyinib, ular kabi millatga xos ibo, hayo, andisha bilan raqs tushadiganlar anqoga aylandi. Milliy bayram-tantanalarda Yurt kattasi boshda doʻppi bilan qatnashgani holda boshqalar doʻppi kiyishni oʻzlariga or sanashdan orlanishmayapti. Milliy kiyimlarimiz boʻlmish chopon, doʻppi, belbogʻ, ayollarimizning atlas, beqasam, banorasdan milliy uslubda tikilgan koʻylak-kamzullari bugun kinostudiyalarning va muzeylarning mulki boʻlib qoldi yoki chopon-belbogʻ faqat azadorlar kiyimiga aylandi. Agar ahvol shu yoʻsinda davom etaversa, yaqinda oʻzbekligimizdan ham uyaladigan, or qiladigan boʻlib qolmasmikinmiz?!
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”