Hayotda shunday voqealar bo‘ladiki, ularni uzoq vaqt esdan chiqara olmaysiz. Kuni kecha shunday voqealardan birini esladim. Men juda hurmat qiladigan ustoz jurnalist bor – O‘ktam Yo‘ldoshev. O‘zteleradiokompaniyada birga ishlaganmiz. Shu inson bilan bundan 10 yillar oldin ko‘chada ko‘rishib qoldik. O‘shanda O‘ktam aka bir gap aytgandi. “Hozir odamlar chetga borib ishlab, pul topishyapti. Bundan odamlar ham, rahbarlar ham xursand.
Chunki odamlar o‘zimizda ishlab bu pulni topa olishmaydi. Chetda ishlab tirikchilik o‘tkazishyapti. Kattalar esa chetdan O‘zbekistonga valyuta kirganiga xursand. Lekin eng yomoni bolalar otasiz o‘smoqda. Kamiga o‘sha bolalar masjidga ham kiritilmadi. Har qalay, biroz pand-nasihat eshitardi-da. Ota tarbiyasini ko‘rmagan bolalarning qiliqlarini 5-10 yillardan keyin ko‘ramiz. Ammo unda kech bo‘ladi”, – degandi.
Bugun ko‘cha kuyda bolalarning betarbiya qiliqlarini, urush-janjallarini ko‘rib O‘ktam akaning o‘sha gapini esladim. Bir bola o‘z amakisining uyiga bosqinchilik uyushtirgan, ikkitasi kollejda pichoqbozlik qilgan, yangi kelin o‘ynashi bilan qochib ketgan, o‘g‘il keksa ota-onasidan xabar olmaydi, yana bittasi narkoman, bittasi alkash....
Bu xabarlarni eshitsangiz, yuragingiz orqaga tortib ketadi. Bu – o‘sha xatolarimiz mevasi. Odamlar oilasini tashlab, chet ellarga ishlagani ketishgani xato edi. Bu xatoning yuz berishiga sabab ishlab chiqarishning yo‘qligi edi. Ishlab chiqarishni esa korrupsiya, monopoliya, qonunsizlik o‘ldirgandi. Bunga esa hokimiyatdagi amaldorlarning imonsizligi, vijdonsizligi sabab bo‘lgan edi. Oxir-oqibat hokimiyatga bunday odamlarning kelib qolishiga hammamiz aybdormiz. Nega biz aybdor ekanligimizni boshqa maqolada tushuntirib beraman.
Agar odamlar o‘zimizda ish topa olishganda edi, hech kim bola-chaqasini tashlab o‘zga yurtlarda sarson-sargardon bo‘lmas edi. Agar xatolarimizni tahlil qiladigan bo‘lsak, bir-biriga bog‘lanib boraveradi. Ko‘rdingizmi, bola tarbiyasidan boshlangan muammoning ildizi qayerga borib taqaldi. So‘nggi taqalgan nuqtasi – korrupsiya. Vaqti kelganda bu mavzuda batafsil suhbatlashamiz. Men hozir faqat ta’limdagi korrupsiyaga qisqacha to‘xtalmoqchiman, xolos.
Bog‘cha, maktab, oliy ta’lim – hammasi korrupsiya botqog‘iga botib ketgandi. Endi uning achchiq mevasini yuzimizni burishtirib-bujmaytirib, aylanib ham, o‘rgilib ham yeyishga majburmiz. U qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Tasavvur qiling: tibbiyot institutiga pul bilan kirgan, o‘qishni ham qoyillatmagan shifokor sizni operatsiya qiladi. Bunday operatsiyaga kirishdan oldin vasiyatingizni yozib qoldirishni unutmang. Har ehtimolga qarshi-da, bilib bo‘ladimi. Boshqa ilojingiz ham yo‘q.
Yoki chalasavod tergovchi sizning hayot-mamotingizni hal qiladi. Tergovni puxta olib borolmasa, ishni tezroq yopish uchun aybni bo‘yningizga urib bo‘lsa-da, qo‘yadi. Shu bilan bitta insonning taqdiri sindi-da. Maktabda esa farzandingizga kallasi bo‘m-bo‘sh o‘qituvchi dars beradi. Bolalar ham chalasavod bo‘lib chiqishadi. Agronom esa ekinni noto‘g‘ri vaqtda ektirib, hosilni nobud qiladi. Chunki u ham chalasavod, otasining puli bilan o‘qigan, adashdim, diplom olgan.
Natijada o‘sha yili dexqonlar xonavayron bo‘ladi. Bozorda esa hosil bo‘lmaganligi sababli narxlar qimmatlashadi. Arxitektor savodsizligi sabab imoratni sifatsiz quradi. Unda yashaydigan odamlar bir umr nolib o‘tishga maxkum. Yana bir chalasavod esa hokim bo‘ladi. Unga tumanni rivojlantirish, xalq farovonligi – “gitara”. O‘ziga xon, ko‘lankasi maydon, kayfu safo qilib yashasa bo‘ldi. Uning g‘amu tashvishi amaldorligida boylik to‘plab qolish bo‘ladi.
O‘z sohasini yaxshi bilmaydigan odamlarga ish topshirilsa, jamiyatni ana shunday halokatga olib borishadi. Biz esa nimaga bizda hayot yaxshi emas, nimaga muammo ko‘p, nimaga mutaxassislarimiz yaxshi emas, deya nolishdan nariga o‘tmaymiz. Jamiyat rivojlanishi uchun, turmushimiz farovon bo‘lishi uchun har bir sohada malakali mutaxassislar o‘tirishi kerak.
Malakali mutaxassislar esa oliy ta’limga puliga qarab emas iqtidori, bilimiga qarab qabul qilinsagina yetishib chiqadi. Bundan 2 yil oldin ingliz tilini yaxshi biladigan bir qiz institutga kira olmadi. Uning ingliz tilidan biron harfni ham tanimaydigan dugonasi o‘sha institutga byudjetga kirdi. Bunga izohning hojati yo‘q. Ortiqcha gapirib o‘tirmayman.
Yaponlar ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatidan so‘ng ayanchli ahvolga tushib qolishadi. Shunda ular “Nima qilamiz?” degan savolga “Farzandlarimizni bilimdon qilib o‘qitamiz”, degan javobni berishgan. Natijasi uzoq kuttirmadi. 20 yildan so‘ng yaponlar ilm-fanda, maishiy texnika sohasida dunyoda yetakchi o‘ringa chiqib olishdi. Aholining turmush farovonligi ham oshdi. O‘sha ikkinchi jahon urushida g‘olib chiqqan Rossiya korrupsiya tufayli haminqadar turmush tarziga ega.
Biz esa yer osti, yer usti boyliklariga ega bo‘lsak-da, o‘sha Rossiyaga borib mardikorlik qilmoqdamiz. Uyda qolgan ayollarimiz shuncha gazimiz bo‘lishiga qaramay, tezak yoqib ovqat pishirishmoqda. Kamiga yana “Lukoyl”ga gazdan qarzdor ham bo‘lmoqdamiz. Zo‘r-a, ham gaz beramiz, ham qarzdor bo‘lamiz. Menimcha, dunyodagi hech bir millat o‘zbekchalik o‘z qadrini yo‘qotmagan bo‘lsa kerak. Bo‘ldi-yey, boshqa yozgim kelmay qoldi. Qolgan gaplarni boshqa safar yozarman. Yuragim siqilib qoldi.
Ikrom ULUG‘BOYeV
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?