date
views 1 646

Koʻp uxlash organizmga qanday ta'sir qiladi?

Koʻp uxlash organizmga qanday ta'sir qiladi?
Shifokor somnolog, tibbiyot fanlari nomzodi Tatyana Gorbat koʻp uxlashning organizmga ta'siri haqida soʻzlab berdi. Bu haqida Sputnik xabar berdi.

Gipersomniyaga nima sabab boʻladi?
Mutaxassisning ta'kidlashicha, gipersomniya - bu uyqu davomiyligining patologik koʻpayishi, kunduzgi uyquchanlik hissi. Gipersomniya asosiy kasallikning hamrohi boʻlishi mumkin.

Apnoe sindromi (uyqu paytida nafas olishning toʻxtashi) odatda gipersomniyaga olib keladi. Bunday sindromga chalingan bemorlarda kunduzi ham uyquchanlik hissi boʻladi. Barchasiga organizmning sekin toʻlqinli uyqu jarayonida chuqur fazalarning etarli miqdorini toʻplay olmasligi sabab boʻladi.

Bunday hollarda uyqu vaqti sodir boʻladigan har bir patologiyani bartaraf etish lozim. Bu borada somnologiya sohasida 99 taga yaqin kasallik ma'lum. Bunday keng koʻlamli patologiyalar (masalan uyqu vaqtida nafas olishning toʻxtashi, oyoqlar tipirchilashi sindromi, ruhiy tushkunlik) uyquning miqdori va sifatiga jiddiy ta'sir koʻrsatadi. Muammoni individual tarzda hal qilish lozim. Avvalo, qanday sabablar bemor uyqusiga ta'sir qilayotganini aniqlash kerak”, - deydi Tatyana Gorbat.

Koʻp uxlash organizmga qanday ta'sir qiladi?
Koʻp uxlashning organizmga ta'siri odamning kasalligiga bogʻliq. Masalan, narkolepsiyada ( markaziy nerv tizimi kasalliklaridan biri boʻlib, uyquning jiddiy buzilishini anglatadi)- bemor tez uyquga “choʻkadi”. Bunda odam uyqusini nazorat qila olmaydi. Boshqacha aytganda, odam siz bilan suhbatlashib turishi mumkin. Biroq mushaklar quvvatsizlanishi va uyqu istagi sabab bir – ikki soniyadan soʻng uxlab qolishi mumkin.

Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, koʻp uxlash yurak-qon tomir kasalliklari, immunitet pasayishi, ruhiy tushkunlik, qandli diabet hamda boshqa turli jiddiy kasalliklarga sabab boʻladi. Shuningdek, semirish ehtimolini oshiradi.

Sogʻlom uyqu qoidalari
Albatta, uyqu buzilishlari kuzatilganda - ya'ni koʻp uxlash yoki uning tanqisligida, mutaxassisga murojaat qilish zarur. Biroq, uyqu sifatini oshiradigan bir qancha umumiy qoidalar ham bor.

Birinchidan, uyqu gigienasiga rioya qilish lozim: ya'ni aniq vaqtda uxlash va uygʻonish. Shuningdek, bu gigienaga dam olish kunlari ham rioya qilish kerak, chunki bu ijtimoiy jetlag sindromini oldini olishga yordam beradi”, - deydi mutaxassis.

Djetlag – vaqt poyaslarining oʻzgarish sindromi. Masalan, uzoq aviaparvozdan soʻng, odam “kun”dan “tun”ga tushadi yoki aksincha. Bu esa insondagi biologik soat buzilishiga olib keladi.

Agar dam olish kunlari uyqu tartibi oʻzgarsa, organizm yana tartibga qaytishi uchun besh-etti kun vaqt kerak boʻladi. Shu sababli dam olish kunlarida ham xuddi ish kunlari kabi bir vaqtda uxlash va uygʻonishga harakat qilish lozim. Bizning ichki biologik soatimiz xuddi uygʻotuvchi soat kabi ishlaydi”, - deydi u.

Uyqudan oldin yotoqxonani havo aylanishi va xona harorati pasayishi uchun shamollatish kerak. Shuningdek, yotoqxonada e'tiborni tortadigan barcha rangli vositalar va gadjetlar ham boʻlmasligi kerak. Ular “uyqu gormoni” boʻlmish melatoninning faoliyati buzilishiga olib keladi.
Bundan tashqari, uyqudan oldin jismoniy mashqlar va yogʻli ovqat iste'mol qilish ham tez uyquga ketishga xalaqit beradi.

Qancha vaqt uxlash kerak?
Uyqu davomiyligiga rioya qilish lozim: inson qancha vaqt uxlaganda oʻzini dam olgandek his qilsa, shuncha uxlashi kerak. Umuman uyqu vaqtini qisqartirish kerak emas. Bu salomatlikda turli muammolarga olib keladi.

Uyqudan oldin kitob oʻqish, vanna qabul qilish kabi odatlar tezda uyquga ketish va uygʻonganda tetiklik hissini tuyishga sabab boʻladi”, - deydi mutaxassis.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Koʻp uxlash organizmga qanday ta'sir qiladi?