17:51 / 29.03.2025
259

TBC O‘zbekistonda yangi boshqaruv kompaniyasi tashkil qiladi

TBC O‘zbekistonda yangi boshqaruv kompaniyasi tashkil qiladi
TBC Bank Group O‘zbekistonda yangi boshqaruv kompaniyasi tashkil etilganini e’lon qildi, deb Spot.uz xabar berdi.

TBC Bank Group PLC Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRR) hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi (MFK) bilan kelishuvga erishdi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha bizneslar TBC Digital nomli yagona boshqaruv ostida birlashtiriladi. Kompaniya O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, TBC Uzbekistan ekotizimidagi loyihalarni boshqaradi. Uning bosh direktori sifatida Nika Kurdiani tayinlanadi.

2021-yil sentabr oyida EBRR va MFK TBC Bank Uzbekistan’ning 20 foizdan aksiyalarini xarid qilgan, TBC Group esa 60 foiz ulushga ega edi. Shu asosda tomonlar o‘zaro hamkorlik uchun aksiyadorlik shartnomasini tuzgan edi. EBRR va MFK TBC Bank’ga o‘z ulushlarini sotish, TBC esa ularni qayta sotib olish huquqiga ega bo‘lgan.

Yangi kelishuvlarga ko‘ra, TBC Digital TBC Bank Uzbekistan va Payme’ning yagona egasiga aylanadi. Ulushlar quyidagicha taqsimlanadi:

TBC PLC — 79,7%
EBRR — 10,15%
MFK — 10,15%

Avvalgi boshqaruv strukturasining o‘rni yangisi bilan almashtiriladi. Yangi aksiyadorlik va opsion shartnomalari ham imzolanadi.

Shartlarga ko‘ra, EBRR va MFK besh yil o‘tib o‘z ulushlarini TBC PLC’ga sotishi mumkin. Agar yangi aksiya chiqarilishi imkoni bo‘lmasa, to‘lov naqd pul shaklida amalga oshiriladi. Sakkiz yil o‘tib esa TBC PLC hamkorlar ulushini to‘liq sotib olish huquqini qo‘lga kiritadi.

TBC Bank Group bosh direktori Vaxtang Butskhrikidze ta’kidlashicha, yangi boshqaruv kompaniyasi — TBC Digital’ning tashkil etilishi sinergiya imkoniyatlarini kengaytiradi, boshqaruv standartlarini yaxshilaydi va aksiyadorlar uchun qiymat yaratadi.

Yangi kelishuvlar barcha huquqiy ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari tugaganidan so‘ng, yaqin uch oy ichida kuchga kiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot