17:43 / 27.05.2024
259

Gullayotgan “qalbshunoslik” yoxud “genni tozalash” biznesi

Gullayotgan “qalbshunoslik” yoxud “genni tozalash” biznesi
Sizda oilaviy muammo bormi? Turmush o‘rtog‘ingiz har kuni gullar-u sovg‘alar olib kelmayaptimi? Yoki og‘ir kasalmisiz? Balki farzand ko‘rmoqchidirsiz? Bularning barini bittada hal qiluvchi “mutaxassis” bor. Kursini sotib olsangiz bas... Yo birinchi darsdanoq chuv tushganingizni bilib aqlingiz kiradi, yoki xomxayollar sizni tark etmagunicha yolg‘on kurslarga qatnab yuraverasiz.

Bugun respublikamizda “motivator”, “layf koach” (hayot murabbiyi), “qalbshunos”, “islomiy psixolog”, “psixogenetik” degan nomlar bilan 100ga yaqin shaxslar faoliyat olib borishyapti. Ammo psixologik yordam ko‘rsatuvchi bunday “mutaxassislar” qancha ko‘p bo‘lmasin, natija ko‘rinmayapti. Yaqinda e’lon qilingan dunyo mamlakatlarining ruhiy salomatlik borasidagi reytingida O‘zbekiston eng kam ball to‘pladi va eng baxtsiz mamlakat deb topildi. Xo‘sh, bu qanday namoyon bo‘lmoqda?

Masalan, mamlakatda tibbiyot tizimi yaxshi ishlamasligi oqibatida dori biznesining qanday rivojlanganini va uning oqibatlarini ko‘rib turibmiz. Xuddi shu kabi bizda psixologik xizmat borasida ham yetarli tizim shakllanmagani bu yo‘nalishda noinsof biznes shakllanishiga olib kelyapti.

Bu biznesning jozibadorligi shundaki, ular juda katta ayollar auditoriyasiga ega. Oiladagi ijtimoiy, iqtisodiy zo‘ravonliklar, moliyaviy mustaqil bo‘lish istagi bu auditoriyaning ularga qaramligini yanada oshiradi. Eshitib, hayratda qolishingiz aniq. Chunki ular orasida qizlarga, turmushdan ajrashgan ayollarga millioner erga tegishni va’da qiladiganlariyam bor. Yoki har qanday erkakni aqldan ozdirish san’ati bo‘yicha mahorat darslari deyish ham mumkin. Ularni bemalol ershunoslik fani asoschilari desa bo‘ladi.

Ammo bundan bir og‘riqni ham his qilamizki, go‘yoki o‘zbek ayollarining erdan, maishiy masalalardan boshqa dardi yo‘qday. Shunday og‘riq bilan psixologga murojaat qilgan, erini yanada e’tiborli bo‘lishini istagan qahramonimiz butunlay ajrimga kelib qolganini aytadi:

Instagram'da rosa kuzatardim – psixologlar eringiz bilan munosabatlarni yaxshilaymiz. Sizga e’tiborli bo‘lib qoladi degan videolarini ko‘rardim. Psixologimiz juda chiroyli kiyingan, hammani o‘ziga qaratadigan ayol edi.

Men bilan alohida ishlashini so‘radim. “Agar puliga chidasangiz, mayli siz bilan alohida ishlayman” dedi. Ikki baravar qimmatakan bunaqa ishlasa mayli to‘ladim. Bir kuni erim bilan ham ishlashlari kerakligini aytdi. Eng katta xatoyim shu yerda bo‘ldi deb o‘ylayman, hammasi mana shundan keyin boshlandi. O‘sha psixolog ayol bilan erimni o‘rtasida nimadir boshlanganini sezdim. Erim tez-tez safarga chiqadigan bo‘lib qoldi. Ularni orasida juda katta, juda qalin munosabatlar borligini sezdim.

Xullas erim hozir o‘sha psixologim bilan birga. Ikkalasi birga chet elda sayohatda yurishibdi. Hatto unga uylanmoqchiykan, men bilan ajrashib. Kelib menga ochiq aytdi buni. O‘zi istaganini shu ayoldan topganini, bolalarga aliment to‘lashini, lekin biz birga yashay olmasligimizni
”.

Biz bu biznesning qanchalik daromadli ekanligini bilish uchun ularning ba’zilari bilan bog‘lanib ko‘rdik. Bu kurslarning ko‘pchiligi onlayn o‘tkaziladi, bitta kurs narxi minimal 1 mln so‘mdan boshlanib 1800 dollargacha narxlarda. Bitta kursda o‘rtacha 30 nafardan ishtirokchi olinadi. Bozorda, masalan, 60 talab ishtirokchisi bor kurslarniyam topasiz. Hisoblab ko‘radigan bo‘lsak, eng past narx deganimiz ham bitta kursdan 30 mln daromadda turibdi. Kurslarini 1800 dollardan sotayotganlarning daromadi esa bir necha o‘n ming dollarlarni tashkil etadi (soliq to‘lanmasligi – alohida mavzu). Yanada hayratlanarlisi, o‘sha 1800 dollarlik kurslarda o‘qish uchun 2 oy navbat kutish kerak.

Shuningdek, psixologlar orasida o‘z mijozlarini turli kasalliklardan tuzatishni va’da berayotganlari ham bor. Ular kurslarni sotib olgan mijozlari og‘ir xastaliklardan sog‘ayib ketishgani haqidagi minnatdorchilik xatlarini o‘z sahifalariga qo‘yib borishadi. Ularda hatto farzand ko‘rolmayotgan ayol, psixologning kurslarini sotib olganidan keyin, homilador bo‘lganini ham o‘qish mumkin. Bu reklamalarga kasallar-ku ishonishar, chunki biror xastalikdan tuzalishda psixologik ishonchning o‘rni katta, lekin farzand ko‘rish istagida bo‘lganlar kurslarda o‘qigani sababli farzandli bo‘lishiga albatta ishonib bo‘lmaydi.

Bu sohada yana bir yo‘nalishda faoliyat olib borayotganlar bor. Ular o‘zlarini psixogenetiklar deb ataydi. Yuqorida sanalgan biznes turlari ichida eng xavflisi shu yo‘nalishdagi “mutaxassislar” faoliyati hisoblanadi.

Psixogenetika nima?

Psixogenetika – yunoncha ruh va uning kelib chiqishi degan ma’noni bildiradi. Psixogenetika insonning psixologik xususiyatlari va individualligining shakllanishida irsiyat va atrof-muhitning o‘zaro ta’sirini o‘rganadi.

Ammo bu bizda qanday talqin qilinyapti? O‘zini psixogenetik deb yirik treninglar o‘tayotgan, yuzlab ayollarga kurslar sotayotganlar bu fanga mutlaqo teskari aqidalarni singdirishyapti. Ya’ni amerikalik olimlar – er-xotin Toychlar nazariyasiga ko‘ra, taqdirni o‘zgartirish, ajdodlar xatolarini tuzatish, ota-bobolarining gunohlari evaziga DNKga tushib qolgan tavqi-la’natni olib tashlashni targ‘ib qilishyapti. Bu esa na dinga va na fanga to‘g‘ri kelmaydi.

Ularning uqtirishicha, agar inson baxtsiz, ishi yurishmayotgan, baxti ochilmayotgan bo‘lsa, qaysidir avlod-ajdodi qilgan gunohlar uchun javob berayotgan bo‘ladi. Shunday mashhur psixogenetiklardan birining kurslarida ishtirok etgan va tahlil qilgan mijozning so‘zlariga diqqat qilamiz:

Men ham ko‘pchilik haddan ziyod maqtaganiga ishonib sentyabrning oxirida “Yangi men”ni sotib oldim. Xuddi yarqiroq “oblojka”ga ishonib, yaroqsiz daftar olganga o‘xshab qoldim. Hech qanday arzigulik ma’lumot olmaganman. Allaqachon chiqib ketganman. Balki umuman ilmdan xabari yo‘q insonlar uchun qandaydir foydasi tegar, lekin menga hech qanday manfaati bo‘lmadi. Eng qiziq tomoni, hamma o‘quvchilar uchun umumiy chat guruhi bor va u yerda haftada bir martada savol-javob bo‘ladi. Men shokda qolganim, ayollarimiz o‘ta g‘alati savollar berishar ekan: “Bolamda allergiya to‘xtamayapti, qaysi gunohim uchun?”, “Katta ammam eridan ajrashgani uchun mendayam shu takrorlanadimi?”, “Kursni boshlaganimdan beri astmam qo‘zib qoldi, gunohim to‘kilayotganmikan?”. Men avval hayratlandim, keyin tushundim – demak ayollarimizni shunday savodsizligi uchun ham bunday kurslarning bozori chaqqon”.

Bugungi ba’zi “psixogenetiklar” tufayli ularning mijozlari hatto ota-onalaridan ham kechib yuboryapti. Shunday onalardan biri bu haqida gapirib berdi:

Qizimning hayotida bo‘lgan voqealarni aytib bermoqchiman, uyam shu psixologlarga bog‘lanib qolib, sal miyasi ketib qoldi. Mana hozir biz bilan ham gaplashmay ketgan, yuzko‘rmas bo‘ldik. Eri uch taloq ham qo‘yib bo‘ldi. Jinnisifat bo‘lib qoldi xullas. Bu yerda birovga tuhmat qilish, yolg‘on gapirish yo‘q. Ibodatli qiz edi. Men umuman qarshi bo‘lganman, menam onaman. “Sen unaqa narsalarga ishonma, undan ko‘ra “Tafsiri hilol”ni o‘qigin, Xudoni tanigin. Ularning dardi-fikri pul olish” dedim. Har xili (psixologlar)da o‘qib, miyasi ketib bo‘ldi. Mendan nafratlanishni boshladi: “Sizning gunohingiz mening bolalarimga o‘tib ketadi”, deb. Hozir ona-bola yuzko‘rmas bo‘ldik, opalarim bilan urishdi hatto. Na nevaralarimni ko‘ra olaman, eriyam tashlab ketdi”.

Biz bundan bir yilcha avval aholimizning sifatli psixologik xizmatlarga muhtojligi, ammo bu borada qonunchiligimizda yetarli normativlarning o‘zi yo‘qligi haqida gapirgan edik. Shunday hujjatlarni ishlab chiqish zarurati ortyapti. To‘g‘ri, yaqinda deputatlarimiz tomonidan ana shunday qo‘shtirnoq ichidagi “psixologlar” faoliyatini tartibga solish kerakligi, bunga oid hujjatlar ishlab chiqilishi kerakligi masalasi ko‘tarildi. Bugun psevdopsixologlar odamlarga og‘ir xastaliklardan tuzalish, ularning e’tiqodiga raxna solish, taqdirlari bilan o‘ynashish kabi xavfli xizmatlarni taqdim etaverar ekan, aholining ruhiy salomatligi og‘irlashsa og‘irlashadiki, yaxshilanib qolmaydi.

Agar hozir tegishli choralar ko‘rilmasa yaqin orada jamiyatda psixologik muammolar yanada ko‘payishi, depressiya, suitsid, ajrimlar ortishi mumkin.

Eng yomoni, o‘zini “psixogenetik”, “psixolog” deb tanitib trening o‘tayotganlar tomonidan diniy tushunchalarning noto‘g‘ri talqin qilinishi odamlarda turli buzuq g‘oyalarning paydo bo‘lishiga, rasmiy diniy ulamolar bilan turli konfliktlar kelib chiqishiga olib keladi. Chunki bugun xorij matbuoti ana shunday psixolog-ezoteriklar yetakchiligida turli xavfli sektalar paydo bo‘layotgani haqida gapirishmoqda.

Xuddi dori biznesiga qurbon bo‘lgan bolalarimiz kabi bu sohada ham og‘ir qurbonliklar yuz bermasdan uning ehtiyot choralarini ko‘rish kerak.

Gulmira Toshniyozova

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gullayotgan “qalbshunoslik” yoxud “genni tozalash” biznesi