Buxoroda matematika o‘qituvchisining oyligi 30 million so‘mdan oshdi

O‘zbekistonda yuqori natijalarga erishayotgan pedagoglarni moddiy rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida malakasi va bilimini oshirib borayotgan ayrim o‘qituvchilarning oylik daromadi ham sezilarli darajada ortmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro viloyatida 2 105 nafar, jumladan, G‘ijduvon tumanida 250 nafar o‘qituvchi oyiga 1 000 dollardan ortiq maosh olmoqda. G‘ijduvonda faoliyat yurituvchi matematika o‘qituvchilaridan biri esa xalqaro sertifikatlar va turli ustamalar hisobiga oylik daromadini 30 million so‘mdan oshirgan. Bu qariyb 3 000 dollarga teng.
Shuningdek, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi rag‘batlantirish choralari ham joriy etilmoqda. Aniq fanlar bo‘yicha milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foizlik ustama berilishi, ilg‘or pedagoglarni esa 30 million so‘mlik bir martalik mukofot bilan taqdirlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 1 000 nafar o‘qituvchining xorijda stajirovka o‘tashi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning imtihon xarajatlari to‘liq qoplanadi. Kamida 15 yillik ish stajiga ega pedagoglarning farzandlariga oliy ta’lim kontraktini to‘lash uchun foizsiz kreditlar ajratilishi, fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan ustozlarga esa to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy malaka toifasi berilishi belgilangan.































Izohlar 0
…