Dahshatli jinoyat: xotinini o‘ldirib, 2,5 yoshli qiziga zo‘ravonlik qilgan ota umrbod qamaldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida o‘z turmush o‘rtog‘ini o‘ldirib, 2,5 yoshli qiziga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan va uni ham qasddan o‘ldirgan 28 yoshli erkak umrbod ozodlikdan mahrum etildi.
- Joriy yilning 7 iyun kuni sodir bo‘lgan ushbu mudhish jinoyatda sudlanuvchi mast holatda rashk sababli xotinini bo‘g‘ib o‘ldirgan, so‘ngra 2023 yilda tug‘ilgan qizaloq S.ga nisbatan zo‘ravonlik qilib, uning jasadini yashirishga uringan.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida o‘z turmush o‘rtog‘ini o‘ldirib, ikki yarim yosh qiziga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan va keyin uning ham hayotiga zomin bo‘lgan erkak umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Zamon» dasturida xabar berildi.
Qayd etilishicha, mudhish voqea joriy yilning 7 iyun kuni sodir bo‘lgan. Erkak ertalab soat 6:00 atrofida spirtli ichimlik ta’sirida mast holatda turmush o‘rtog‘i yashab kelgan xonadonga kelgan va eshikni o‘zida bo‘lgan kalit yordamida ochib, ichkariga kirgan.
U rashk sababli xotini E.ni qasddan o‘ldirishni maqsad qilgan. Shu kuni soat 7:30 larda xonadon mehmonxonasida ojiz ahvolda bo‘lgan turmush o‘rtog‘ining bosh qismiga qo‘li bilan bir marta zarba bergan, keyin esa bo‘yin qismidan bo‘g‘gan. Oqibatda ayolga hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazilib, u qasddan o‘ldirilgan.
Onasi vafot etganidan ko‘p o‘tmay, uydagi janjal ovozidan uyg‘ongan, hali ikki yarim yoshga ham to‘lmagan qizaloq ham otasining zo‘ravonligiga duch kelgan. Erkak 2023 yilda tug‘ilgan farzandi S.ni ko‘rib, uning ojiz ahvolidan foydalangan va yotoqxonaga olib kirib, jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan.
Shundan so‘ng u sodir etgan jinoyatini va jasadni yashirish maqsadida qizaloqning jasadini xonadondagi qora rangli sport sumkasiga joylagan. Keyin uni otasi yashab kelgan uyga olib borib, hovlidagi eski uslubda qurilgan hojatxonaga tashlab yuborgan.
Ma’lum qilinishicha, 28 yoshli sudlanuvchi sud jarayoni oxiriga qadar o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan. Biroq sud ish bo‘yicha to‘plangan dalillarni har tomonlama baholab, uni turmush o‘rtog‘i va qizining o‘limida aybdor deb topgan.
Sud hukmiga ko‘ra, erkakka sodir etgan jinoyatlari majmui bo‘yicha uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ushbu jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.






























Izohlar 0
…