18:49 / 21.01.2021
2 214

Rasul Kusherbayev 2 yoshgacha bola pulini olishni hammaga qaytarish kerakligini aytdi

Rasul Kusherbayev 2 yoshgacha bola pulini olishni hammaga qaytarish kerakligini aytdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev 2 yoshgacha bola pulini hammaga qaytarishni talab qilmoqda. Uning aytishicha, bu borada ko‘plab ayollardan murojaatlar kelib tushmoqda. Kambag‘almi, boymi — hammaga bola puli berilishi lozim.

«Toki hamma bolalarga ularning haqini qaytarib bermas ekanmiz, biz kattalarning bolalar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lmaydi. Ishimiz ham... Moliya vazirligi va boshqa mas’ullar shu haqda chuqurroq o‘ylab ko‘raylik», — degan deputat. Shuningdek, Mehnat kodeksi hozir yangi tahrirda ko‘rib chiqilayotganini bildirib o‘tgan.

Ma’lumot uchun, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi, Respublika «Mahalla» jamg‘armasi, «Xalq banki»ning 2002 yil 8 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan «Ishlamayotgan onalarga bolani ikki yoshga to‘lguncha parvarish qilish bo‘yicha har oylik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida» nizom mavjud bo‘lib, unda 2 yoshgacha bolani parvarish qilish nafaqasini tayinlanish shartlari batafsil ko‘rsatilgan.

Ushbu nizomning 6-qismida bola parvarishi uchun nafaqa ona yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa shaxs (otasi, vasiysi yoki boshqa qarindoshi) tomonidan fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlariga qilgan murojaatlari orqali bola tug‘ilganidan 1 oy o‘tib to‘lanishi ko‘rsatilgan. Nafaqa 12 oylik muddatga, lekin bola 2 yoshga to‘lishi hisobga olinib tayinlanadi.

Ushbu nizomnig 10 va 11-qismlarida nafaqa tayinlash shartlari ko‘rsatilgan. Nizomning 10-qismida nafaqa oilaning daromadidan kelib chiqib belgilanishi aytilgan. Oilaning daromadi hisobga olinmaydigan holatlar ham mavjud bo‘lib, ular 10-qismning «a» va «b» bandlarida ko‘rsatilgan:

a) oila to‘liq holatda bo‘lmagan sharoitda bolani tarbiyalayotgan ota yoki onaga. Bunday holatda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari aniq holatni hisobga olib, oilasi to‘liq bo‘lmagan holatda bolani tarbiyalayotgan ona (ota)ga tayinlanadi.

b) nogiron bolani tarbiyalayotgan ona (yoki o‘rnini bosuvchi shaxs)ga. Bunda qaysi bolasi nogiron ekanligi muhim emas.

Bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 200 foizi miqdorida bo‘lib, 21 yanvar holatiga ko‘ra 446 ming so‘mga teng.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)