Liverpul Bradli Barkola transferiga yaqinlashmoqda

Angliyaning Liverpul klubi yozgi transferlar oynasi yakunlanishiga oz fursat qolgan bir paytda oʻz tarkibini kuchaytirish uchun faol harakatlarni boshladi. Jamoa Parijning Pari Sen-Jermen klubi hujumchisi Bradli Barkola transferi boʻyicha ijobiy natijalarga erishayotgan boʻlsa-da, uning jamoadoshi Ibrohim Mbaye boʻyicha muzokaralar jiddiy moliyaviy toʻsiqlarga duch kelmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
RMC Sport va L'Equipe nashrlari tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, Liverpul va Pari Sen-Jermen oʻrtasidagi Bradli Barkola transferi ijobiy pallaga kirgan. Biroq, 18 yoshli senegallik qanot hujumchisi Ibrohim Mbayeni qoʻlga kiritish ingliz klubi uchun kutilganidan ancha murakkab vazifa boʻlib chiqdi.
Moliyaviy kelishmovchiliklar
Parijliklar rahbariyati yosh isteʼdod egasini sotib yuborish uchun naq 70 million yevro miqdorida ulkan tovvon puli talab qilmoqda. Turli muzokaralar davomida Fransiya chempioni futbolchining narxini 70 milliondan 80 million yevrogacha baholagani maʼlum boʻldi.Goal.com xabar berishicha, Liverpul futbolchining oʻzi bilan shartnoma shartlari boʻyicha kelishib olganiga qaramay, Parij klubi belgilagan narxni toʻlash niyatida emas. Mersisaydliklar Mbayeni koʻpi bilan 50 million yevro atrofida baholamoqda va taklifni hatto 60 million yevrogacha oshirishni ham istamayapti.
Tarafchilar oʻrtasidagi bunday katta tafovut sababli Liverpul muqobil variantlarni ham koʻrib chiqishni boshlagan. Xususan, klub Brayton safida toʻp surayotgan Yankuba Minteh nomzodiga ham eʼtibor qaratmoqda.
Noaniq vaziyat va futbolchilarning holati
Pari Sen-Jermen bilan amaldagi shartnomasining yakunlanishiga yana ikki yil qolganiga qaramay, klub futbolchiga ketishiga ruxsat bergan. Shunga qaramay, belgilangan qatʼiy narx tufayli boshqa daʼvogarlar ham vaziyatni shubhali baholamoqda va Parij klubining uni haqiqatdan ham sotish niyati bor-yoʻqligini muhokama qilmoqda.Yuzaga kelgan noaniqlik ikki futbolchiga ham salbiy taʼsir koʻrsatib, ular transfer jarayoni haddan tashqari choʻzilib ketganidan noroziligini bildirishgan. Bosh murabbiy Luis Enrike yakshanba kuni Rennga qarshi oʻtkaziladigan bahs qaydnomasiga na Barkola va na Mbayeni kiritishi kutilmoqda. Ularning oʻrnini yangi kelgan futbolchilar egallashi taxmin qilinmoqda.
Transfer oynasi yopilishiga atigi 10 kun qolgan bir paytda, tomonlar oʻrtasidagi moliyaviy tafovut saqlanib qolsa, Mbaye boshqa jamoa variantini tanlashi ham mumkin. Liverpul esa yo Mbayening narxi boʻyicha yaxshilangan taklif kiritishi yoki butun eʼtiborini faqatgina Bradli Barkolani tarkibga qoʻshib olishga qaratishi lozim boʻladi.






























Izohlar 0
…