Parijda Dide Labushga «Oltin qalam» mukofoti topshirildi

Parijda Dide Labushga «Oltin qalam» mukofoti topshirildi

Fransiyalik jurnalist, «Georama» nashriyoti asoschisi va direktori Dide Labushga «Oltin qalam» milliy mukofotining xalqaro tanlovi doirasidagi sovrin Parijda topshirildi. U «Xorijlik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali» nominatsiyasi g‘oliblaridan biri bo‘lgan.

Mukofot O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasining Fransiyaga safari doirasida mamlakatimizning Parijdagi elchixonasida tashkil etilgan tantanali marosimda topshirildi. Tadbirda jamoatchilik va ekspert doiralari vakillari, vatandoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Marosimda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov mamlakatda so‘z erkinligi va ochiqlikni ta’minlash, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, xorijlik jurnalistlarni «Oltin qalam» mukofoti bilan taqdirlash O‘zbekiston haqidagi materiallarning xalqaro axborot makonida ko‘payishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Dide Labush xalqaro e’tirofdan mamnun ekanini bildirib, kelgusida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni yanada kengroq yoritishga intilishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, «Oltin qalam» mukofotini qo‘lga kiritish unga ilhom va faxr bag‘ishlaydi.

Tadbir davomida Dide Labush hamda «Euronews» telekanali muxbiri, fransiyalik jurnalist Galina Polyanskayaga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy a’zolik guvohnomalari ham topshirildi.

Uch nafar erkak Fransiya va O‘zbekiston bayroqlari oldida mukofotlar bilan turibdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar