Hamid Ismoilov 2026 yilgi Nobelga da’vogarlar qatorida tilga olindi

O‘zbekistonlik yozuvchi Hamid Ismoilov 2026 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga da’vogarlardan biri sifatida bukmekerlar ro‘yxatidan joy oldi. Bu haqda Literary Hub xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur ro‘yxat Nobel mukofoti qo‘mitasining rasmiy nomzodlar ro‘yxati emas. Literary Hub Britaniyaning Ladbrokes bukmekerlik kompaniyasi taklif qilayotgan koeffitsiyentlar asosida adabiyot bo‘yicha Nobel uchun ehtimoliy nomzodlarni sanab o‘tgan. Unda Hamid Ismoilov 33/1 koeffitsiyent bilan qayd etilgan.
Ro‘yxatda Hamid Ismoilovdan tashqari Xaruki Murakami, Margaret Etvud, Salmon Rushdi, J.K. Rouling va Stiven King kabi taniqli yozuvchilar ham bor. Biroq bu ro‘yxat Nobel mukofoti uchun rasmiy nomzodlikni anglatmaydi.
Hamid Ismoilov 1954 yil 5 may kuni Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tug‘ilgan. U 1992 yilda Buyuk Britaniyaga kelgan va BBC Jahon xizmatida 25 yil faoliyat yuritgan.
Yozuvchining asarlari turli tillarga tarjima qilingan. Uning “Jinlar bazmi” (“The Jinn's Party”) romani Donald Reyfild va Jon Farndon tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Mazkur tarjima 2019 yilda EBRD Adabiyot mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Ayni paytda Ismoilovning “We Computers” romani ham 2026 yilgi EBRD Adabiyot mukofoti qisqa ro‘yxatidan joy olgan.
2026 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori 8 oktyabr kuni Stokgolmda e’lon qilinadi. Bu yil Nobel mukofoti sohibi 12 million shved kronasi miqdorida pul mukofoti oladi.






























Izohlar 0
…