Mirziyoyev Islomobodda Sharif bilan strategik sheriklikni muhokama qildi

5 fevral kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada muzokara o‘tkazdi, shuningdek, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Uchrashuvlarda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish doirasida O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish, mustahkamlashning amaliy yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tomonlar so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yangi sur’at olganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Siyosiy muloqot barqaror mustahkamlanib, parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar ham jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham bunga dalil: o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi salkam 500 million dollarga yetgan. Ayni paytda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Aviaqatnovlar soni ko‘paygan, banklararo korrespondentlik munosabatlari ham bosqichma-bosqich kuchaymoqda. To‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari amaliy natija berib kelayotgani alohida urg‘ulandi. Shuningdek, tashrif arafasida o‘tgan siyosiy maslahatlashuvlar va Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi natijalari olqishlandi. Tashrif doirasida O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi ham o‘tkazilayotgani qayd etildi.
Kelgusi amaliy qadam sifatida tashqi ishlar vazirliklari Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasining birinchi yig‘ilishini yaqin kunlarda Toshkentda o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli va tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston–Pokiston Ishbilarmonlar kengashini tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muhokamalarda yaqin kelajak uchun katta marra ham qo‘yildi: o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga olib chiqish. Bu maqsadga yetish uchun amaldagi Imtiyozli savdo bitimi doirasidagi mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini yanada ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonning Lahor va Karachidagi savdo uylaridan faolroq foydalanish bo‘yicha ham qarorlar qabul qilindi.
Tashrifga tayyorgarlik jarayonida qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, geologiya, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda qariyb 3,5 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirilgani ma’lum qilindi.
Transport va logistika masalalari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Tomonlar Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, “Pokiston–Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” transport yo‘lagini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Bunda hududlararo aloqalar iqtisodiy hamkorlikning asosiy drayverlaridan biri sifatida belgilandi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston–Pokiston hududlararo forumini tashkil etishga kelishildi va uning birinchi uchrashuvini shu yil Xorazm viloyatida o‘tkazish taklifi bildirildi.
Ziyorat turizmi sohasida ham tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi qayd etildi. Ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash maqsadida joriy yil Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaliklari hamda O‘zbekiston kinosi kunlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi. Shuningdek, davlat rahbari Boburiylar merosini keng targ‘ib qilish uchun Pokistonning Lohur shahrida qo‘shma madaniyat markazini tashkil etishni taklif qildi.
Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilib, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga qat’iy intilish bildirildi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev Shahboz Sharifni javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!