date

Mirziyoyev va Sharif strategik hamkorlik natijalarini e’lon qildi

Mirziyoyev va Sharif strategik hamkorlik natijalarini e’lon qildi

5 fevral kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari oldida bayonot berdi.

Davlat rahbari so‘z boshida Pokistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi, yuksak mehmondo‘stlik va o‘tkazilgan mazmunli muzokaralar uchun Shahboz Sharifga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, jadal taraqqiy etayotgan Pokiston O‘zbekiston uchun ishonchli strategik sherik ekani alohida qayd etildi. Bosh vazir rahbarligida xalq farovonligini oshirish, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini kuchaytirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekistonda ham quvonch bilan qabul qilinayotgani ta’kidlandi.

Mamnuniyat bilan qayd etilgan yana bir jihat — bu tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganining besh yilligiga to‘g‘ri keldi. Shu davr mobaynida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2,5 baravar ko‘paygani, qo‘shma korxonalar hamda loyihalar soni esa qariyb 3 baravarga ortgani aytildi. Yaqin istiqbolda tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi. Shu bilan birga, 3,5 milliard dollarlik istiqbolli savdo va investitsiya kelishuvlari portfeli shakllantirilgani ma’lum qilindi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qo‘shma deklaratsiya qabul qilinib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydigan 30 ga yaqin muhim hujjat imzolandi. Tomonlar mintaqaviy hamkorlikni izchil rivojlantirish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni birgalikda mustahkamlash niyati qat’iy ekanini bildirishdi. Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik ham qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev Pokistonning O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Pokistonning 2025–2026 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashida muvaqqat a’zo sifatida tinchlik va xalqaro barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan harakatlariga yuqori baho berildi.

Iqtisodiy hamkorlikda farmatsevtika, to‘qimachilik, elektrotexnika, tog‘-kon va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani aytildi. Transport va logistika aloqalarini kuchaytirish, shuningdek, biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hududlararo aloqalarni chuqurlashtirish maqsadida esa joriy yil O‘zbekistonda birinchi Hududlararo forum o‘tkazilishi belgilandi.

Madaniy-gumanitar yo‘nalish ham e’tibordan chetda qolmadi: birgalikda madaniyat haftaliklari, kinofestivallar tashkil etish, buyuk mutafakkirlar ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish va ommalashtirish rejalashtirilmoqda. Islomoboddagi ko‘chalardan biriga Toshkent nomi berilgani uchun yana bir bor minnatdorlik izhor etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Pokiston poytaxtida buyuk davlat arbobi va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur nomida bog‘ bunyod etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, bu qaror Pokiston xalqiga mamlakat mustaqilligi bayrami nishonlanishi arafasida munosib tuhfa bo‘ladi.

Prezident Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universiteti tomonidan faxriy doktor va professor unvonlari berilgani uchun ham alohida minnatdorlik bildirdi. Nutq yakunida esa barchani bo‘lajak Pokiston kuni bayrami hamda yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan qutladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev va Sharif strategik hamkorlik natijalarini e’lon qildi