Zominda Ramazon arafasida aholi uchun arzon savdo yarmarkasi boshlandi

Muborak Ramazon oyi arafasida Zomin tumanida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari hamda kundalik ehtiyoj tovarlari narxlarini barqaror saqlash maqsadida navbatdagi savdo yarmarkasi tashkil etildi. Shu bilan birga, savdo nuqtalarida nazorat va monitoring ishlari yanada kuchaytirildi.
Asosiy maqsad — aholini arzon, sifatli va yetarli mahsulotlar bilan ta’minlash, narxlarning sun’iy ravishda oshirilishiga chek qo‘yish hamda bozorlarda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdan iborat.
Shu munosabat bilan Zomin tumani hokimligi tomonidan bozorlar va savdo shoxobchalarida tizimli o‘rganish hamda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Mas’ul mutasaddilar mahsulotlar narxi, mavjud zaxiralar hajmi, savdo qoidalariga amal qilinishi, shuningdek, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi masalalarini doimiy tahlil qilib bormoqda.
Savdo yarmarkasi doirasida aholiga asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bozor narxiga nisbatan maqbul va hamyonbop baholarda taklif etilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu chora-tadbirlar Ramazon oyi davomida narx-navolar barqarorligini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ichki bozorda muvozanatni saqlashga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!