Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari uchun ulkan imtiyozlarni e’lon qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini kasb bayrami bilan qutlab, soha vakillarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida shifokorlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, maoshlarini oshirish hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli yangi qarorlar va imtiyozlar paketini ochiqladi.
Oylik ustamalar va hamshiralarga maxsus to‘lovlar
Tibbiyot xodimlarining malakasi va mehnatiga qarab qator yangi moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etildi:
Bayram puli: Davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga kasb bayrami munosabati bilan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida (MHEKM) bir martalik moddiy rag‘bat puli beriladi;
Oliy ma’lumotli hamshiralarga ustama: Sohada ilk bor bakalavriatni tamomlagan hamshiralarga 1,5 million so‘m, magistratura bosqichini bitirgan yuqori malakali hamshiralarga esa 2,5 million so‘m miqdorida qo‘shimcha oylik ustama to‘lanadi;
Akkreditatsiya bonusi: Milliy akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan davlat shifoxonalari va poliklinikalari xodimlariga lavozim maoshining 10 foizi miqdorida doimiy oylik ustama belgilandi.
Ipoteka va kontrakt to‘lovi: Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash paketi
Shifokorlar oilalarini uy-joy va ta’lim bilan ta’minlash bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar kuchga kirdi:
Ipotekaning 25 foizi qoplanadi: Har yili sohada faol mehnat qilayotgan 500 nafar tajribali tibbiyot xodimining uy-joy ipotekasi bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovining 25 foizi davlat tomonidan to‘lab beriladi;
Farzandlarning kontrakt to‘lovi: Kamida 15 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan shifokor va tibbiyot xodimlari farzandlarining oliy ta’limdagi to‘lov-kontrakt mablag‘ining 30 foizi (belgilangan limit doirasida) budjetdan qoplanadi;
Bepul yuqori texnologik muolajalar: Tegishli ish stajiga ega xodimlarga davlat hisobidan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar va sanatoriylarga bepul imtiyozli yo‘llanmalar ajratiladi.
49 trillion so‘mlik budjet va to‘liq raqamlashtirish
Davlat rahbari sog‘liqni saqlash tizimining infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni ham ochiqladi:
7 barobar o‘sish: So‘nggi yillarda tibbiyotga ajratilayotgan yillik mablag‘lar 7 barobarga oshib, 2026 yilda rekord darajadagi 49 trillion so‘mga yetdi;
38 million kishining elektron kartasi: DMED tizimi orqali respublikaning 38 milliondan ortiq aholisining yagona elektron tibbiy kartasi shakllantirildi;
Sug‘urta va xalqaro reyestr: Yil oxirigacha davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari barcha hududlarda to‘liq joriy etiladi, 2027 yildan boshlab esa tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xalqaro standartlarga muvofiq yagona davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi ishga tushiriladi.































Izohlar 0
…